Afg’onistonda tobora kuchayib borayotgan keskin vaziyat qo’shni mamlakatlardan kollektiv xavfsizlik choralarini ko’rish borasida amaliy qadamlar tashlashni talab etmoqda. Pekin mintaqa mamlakatlariga shu mazmunda murojaat qilgan.
Islomobodda Xitoy-Pokiston diplomatik aloqalarining 70 yilligiga bag’ishlangan anjumanda Afg’oniston muammosiga alohida e’tibor qaratilgan. Xitoy tashqi ishlar vaziri Van Ining video murojaatida qo’shni mamlakatlar hamjihatligiga urg’u berilgan.
Diplomatning ta’kidlashicha, Xitoy Pokiston bilan hamkorlikda Afg’onistondagi nizo ishtirokchilarining tinchlik yo’li bilan siyosiy murosa va bardavom barqarorlikka erishishi yo’lida kurashadi. Muzokaralarni qo’llab-quvvatlaydi.
“Mintaqa tinchligini asrab-avaylash maqsadida qo’lni qo’lga berishimiz lozim. Afg’oniston muammosiga yechim topish Xitoy va Pokistondan dadil qadamlar tashlashni talab qiladi”, - dedi Van I.
Xitoy diplomati, shuningdek, Pekin barcha manfaatdor mamlakatlarni Afg’onistondagi beqarorlik mintaqa bo’ylab yoyilmasligi yo’lida hamkorlikka undashini ma’lum qilgan. Terrorchi tashkilotlarning Afg’onistonni o’z makoniga aylantirishi va mintaqa tinchligiga tahdid solishining oldini olishda qo’shni mamlakatlar birgalikda kurashishi lozimligiga urg’u bergan.
AQSh va NATO kuchlari Afg’onistondan chiqish jarayonini boshlagan may oyidan buyon mamlakatda qurolli to’qnashuvlar misli ko’rilmagan darajada keskin tus olgan.
Afg’onistonda konflikt tomonlari o’rtasidagi muvozanat o’zgarib borar ekan, qo’shni mamlakatlarning xavotiri kuchaygan. Xususan, Pokiston va Eron Afg’onistondan yangi qochqinlar oqimi kirib kelishidan ham xavfsiramoqda.
Ekspertlar beqarorlik transmilliy terrorchi guruhlar, xususan, “Islomiy davlat” saflarini tiklash uchun qulay fursat bo’lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Van I Afg’onistondagi vaziyat terrorizm va ekstremizm g’oyalarining Shinjon hududiga yoyilishidan Xitoy xavotirda ekanini bildirgan. Xalqaro hamjamiyat inson huquqlarini toptayotganlikda ayblashiga qaramay, Pekin Shinjonda musulmonlarga bosimni kuchaytirmoqda.
Afg’onistonlik 3 million qochqinga boshpana bergan Pokistonga avtomagistral, temir yo’l, port va elektr stansiyalari qurilishi uchun Xitoy milliardlab dollar sarmoya kiritgan.