San’atkor Jahongir Otajonovning siyosiy maydonga kirib kelishi jamoatchilik uchun qanchalik kutilmagan bo’lsa, siyosiy faoliyatini to’xtatib turishga doir yaqindagi bayonoti uning tarafdorlari uchun shunday kutilmagan qaror bo’ldi deyish mumkin.
Ayniqsa, Jahongir Otajonov oktabr oyidagi O’zbekiston prezidenti saylovlarida nomzodi siyosiy partiya tomonidan tasdiqlangan dastlabki ishtirokchi ekani, Toshkentda “Erk” partiyasi faollari o’tkazgan qurultoyda partiya faoliyatini jonlantirish, kengaytirishga qaror qilingani inobatga olinsa.
Jahongir Otajonov nomzodi prezidentlikka surilishi tasdiqlangan shu qurultoydan ko’p o’tmasdan siyosiy faoliyatini to’xtatib turish haqidagi bayonot bilan chiqdi.
“Erk” partiyasining bu borada bildirilgan bayonotida surunkali bosim va tazyiqlar natijasida tashkilot tomonidan O’zbekiston prezidentligiga nomzod qilib ko’rsatilgan Jahongir Otajon siyosiy faoliyatini to’xtatgani, uning qarori tushunish bilan qarshilangani, partiya prezidentlik saylovlarida o’z nomzodi bilan qatnashmaslikka qaror qilgani ta’kidlanadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Jahongir Otajonovning “Amerika ovozi”ga aytishicha, yaqinlari doxil keskin ijtimoiy-siyosiy muhit uni vaqtincha siyosiy faoliyatni to’xtatib turishga majbur etdi. Buning uchun jamoatchilikdan uzr so’raydi, ammo kurashni davom ettirish niyatidan voz kechmagan, o’zbek xalqi uyg’onmas ekan mamlakatda vaziyat o’nglanmaydi, jumladan, saylovlar ham soxtaligicha o’taveradi.