O’zbekistonda “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi faoliyati yana to’sqinlikka uchragan. Taniqli san’atkor Jahongir Otajonovning aytishicha, o’zbek jamoatchiligi siyosiy bosimlarga sukut bilan qaramasligi kerak.
Iqtidordagi hukumat partiya yig’ilishiga nisbatan navbatdagi bosimni xotirjam kuzatayotgani ehtimol, chunki bu gal bevosita huquq-tartibot idoralarining qo’li aniq ko’rinmadi. Bosim ko’rsatganlar mamlakatda mustaqil partiya tuzilishiga qarshi bo’lgan ayollar, blogerlar bo’ldi.
Ammo yig’ilish arafasida partiya raisi o’rinbosari Mahmud Davronovning ichki ishlar boshqarmasida ushlab qolingani, raisning yana bir o’rinbosari Javlon Ahmedov bosimga olingani huquq-tartibot idoralari chetda emasligiga ham ishora beradi.
Xabarlarga ko’ra, “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasining 12-martdagi yig’ilishiga davlat va nodavlat telekanallaridan jurnalistlar, bir guruh blogerlar kelishgan. Imzo yig’ish masalasini muhokama qilish ko’zda tutilgan yig’ilishning barbod bo’lishiga esa aynan blogerlar, bir guruh ayollar tomonidan kutilmaganda shu qiziqish, aniqrog’i bu qiziqish ortidan boshlangan tartibsizliklar sabab bo’lgan.
Yig’ilish barbod bo’lishi ortidan partiya xalqaro jamoatchilikka murojaat bilan chiqdi. Partiya matbuot kotibi, shoir Bahrom G’oyib tomonidan bildirilgan bayonotda bir guruh ayollar, blogerlar “siyosiy shantaj” qilishgani, ular javobgarlikka tortilishi kerakligi ta’kidlanadi.
Mustaqil partiya tuzilishiga bir guruh ayollar va blogerlar qarshilik qilayotgani bir qarashda mantiqqa zid ko’rinadi, chunki yoqmagan partiyaga ovoz bermaslik, uni qo’llamaslikning o’zi kifoya. Bu kabi qarshiliklar esa partiya tarafdorlari bo’lgan fuqarolarning siyosiy huquqlari toptalayotganiga ham ishoradek.
Bu galgi to’siq “Haqiqat va taraqqiyot” qurultoyi arafasida partiya lideri Xidirnazar Olloqulovga, uning oila a’zolariga ko’rsatilgan tazyiqlardan farq qiladi. Ya’ni huquq-tartibot idoralari bevosita tazyiqlardan tiyilar ekan, to’siq boshqa bir qiyofada, go’yo fuqarolik jamiyati faollari qiyofasida yuzaga chiqayotgandek.
Ammo diqqatli tomoni shundaki, to’siqlar, tazyiqlar, partiya va uning liderini sazoyi qilishga bo’lgan urinishlarga qaramasdan jamoatchilikda “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi tarafdorlari ortib borayotgani kuzatiladi.
Taniqli san’atkor Jahongir Otajonov avvalroq partiyaga, uning lideri Xidirnazar Olloqulovga ko’rsatilgan bosimlarni qoralab chiqqan edi.
Otajonovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, 30 yillik mavjud tuzumni o’zgartirish qaroridagi Olloqulov partiyasi ayni paytda siyosiy tahdidlarning asosiy nishoniga aylangan. Agar o’zbek jamoatchiligi o’zgarishlarni istasa, bu tahdidlarni shunchaki sukutda kuzatib turmasligi kerak.
Facebook Forum