Toshkentda Markaziy Osiyoning besh respublikasi va AQSh C5+1 formatida muloqot qildi. Tashqi ishlar vazirlari darajasidagi uchashuvda bu safar AQShdan Prezident Jo Baydenning Ichki xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Elizabet Shervud-Rendall va Afg'oniston bo'yicha maxsus vakil Zalmay Halilzod qatnashdi.
Muloqot Toshkentda ish boshlayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo hamkorligiga doir xalqaro konferensiya arafasida o’tgan. Ishtirokchilar to’liq tarkibda bu konferensiyada ham qatnashishi kutilmoqda.
Elizabet Shervud- Rendall uchrashuvda AQShning Afg’onistonga yordami davom etishi, AQShga, uning ittifoqchilariga qarshi bo’lgan terrorchi guruhlarga nisbatan ayovsiz choralar ko’rilishini aytgan.
"C5+1 forumida biz yakka yoki ikki tomonlama emas, hamkorlikda ko‘proq ish qilishimiz mumkin. Ushbu yondashuv prezident [Jo] Baydenning e’tibori markazida. Bugun biz duch kelayotgan — COVID-19 pandemiyasidan tortib, iqlim o‘zgarishigacha va xalqaro terrorizm bo‘yicha muammolar — bitta mamlakatning o‘zi hal qila olishi uchun juda qiyin", - deya ta’kidlagan Elizabet Shervud-Rendall.
Muloqotda asosiy e’tibor Afg’onistondagi vaziyatga qaratilgan.
O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning joriy oy boshida Vashingtonda muzokaralar o’tkazgan. O'shanda AQSh afg’on qochqinlarini qabul qilish masalasini ko’targani xabar qilingan edi. Biroq Toshkent rasmiylariga ko'ra, bu borada hali rasman iltimos qilinmagan.
Afg’onistonda Tolibon nazorati kengayib borar ekan, AQSh xalqaro qo’shinlar bilan hamkorlik qilgan 18 mingdan oshiq afg’onlar ham mamlakatdan olib chiqilishini bildirgan.
Bayden ma'muriyati Tojikiston va qo'shni davlatlarga ham shu afg’onlarni vaqtincha qabul qilib, yordam berishni so'ragan.
Bu taklif C5+1 muloqoti doirasida muhokama qilingan bo'lishi mumkin, ammo rasmiylar buni tasdiqlamayapti.
Ammo Afg’onistondagi vaziyat keskinlashishi manzarasida Tojikiston tomoni afg’on qochqinlarini qabul qilishda davom etmoqda. Yaqinda Afg’onistonda yashayotgan yuzlab qirg’izlar Tojikistonga qochib o’tishgani ma’lum qilindi.
Bu xabar e’lon qilinishi ortidan Qirg’iziston tashqi ishlar vazirligi etnik qirg’izlarni tarixiy vatanida qabul qilishga tayyor ekanligi, bu borada tegishli choralar ko’rilayotgani haqidagi bayonot bilan chiqdi.
Avvalroq Afg’onistonning Tojikistondagi elchisi bu mamlakatga qochib o’tgan mingdan oshiq afg’onlar joylashgan lagerda bo’lgani, qochqinlar vaziyatiga doir fotosuratlarni e’lon qilgan edi.
Qochqinlar masalasida O’zbekiston tomonining munosabati hozircha mavhum. Ammo ayrim tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko’ra, O’zbekiston Afg’oniston bilan chegaradosh Surxondaryo viloyatida qochqinlarni qabul qilish uchun tayyorgarlik ishlarini boshlagan.
“Eurasianet.org” nashri o’z manbalariga tayanib, Termiz shahri yaqinida 80 ga yaqin chodirlardan iborat shaharcha tiklangani, xavfsizlik xizmati tomonidan qo’riqlanayotgan bu chodirlarda hozircha hech kim yo’qligi, rasmiylar bu borada biror izoh bermagani haqida yozadi.
Agar O’zbekiston tomoni bir necha bor toliblar bilan to’qnashuvlardan qochib mamlakatga o’tishga majbur bo’lgan afg’on harbiylarini zudlik bilan ortga qaytargani, chegarani noqonuniy kesib o’tishdan keskin ogohlantirgani inobatga olinsa, bu chodirlar haqiqatda favqulodda maxsus holat uchun tiklanayotganini taxmin qilish mumkin.
Xalqaro matbuotda AQSh Afg’onistondan olib chiqishni rejalayotgan qochqinlarning qariyb to’qqiz ming nafarini O’zbekistonga joylashtirish bo’yicha taklif bildirgani aytiladi.
Markaziy Osiyoda O’zbekiston Afg’oniston bo’yicha asosiy tashabbuschi davlat sifatida tanilgan. Afg’on hukumati, toliblar bilan ham muloqotda, muzokara yuritib keladi. Ammo toliblar hujumidan chekingan afg’on qochqinlarini zudlik bilan vataniga qaytarar ekan, rasmiy Toshkent O’zbekiston Afg’onistonning ichki ishiga aralashmasligi haqidagi bayonot bilan ham chiqqan edi.