2016-yilgi harbiy isyon Turkiya matbuotini qanday o'zgartirdi?

  • Amerika Ovozi

Turkiyada muvaffaqiyatsiz yakunlangan 2016-yilgi harbiy to’ntarishga besh yil to’ldi.

Turkiyada muvaffaqiyatsiz yakunlangan 2016-yilgi harbiy to’ntarishga besh yil to’ldi. O’shanda og’ir harbiy texnika Istanbuldagi Bosfor ko’prigini to’sib, osmonda qiruvchi samolyotlar uchgan, aholi esa ko’chalarga chiqib harbiylarga qarshi bosh ko’targan edi.

Shundan beri bu hodisa ortida turgani aytilgan guruh va shaxslarga qarshi ayovsiz kurash olib borildi. Nishonga olinganlar orasida so’z erkinligi va matbuot vakillari ham bor.

“O’sha payt Turkiyada IShID xurujlari ko’paygan edi. Ularning ehtimoliy hujumini to’xtatish uchun Bosfor ko’prigini to’sib turishibdi, degan gaplar chiqdi”, - deya xotirlaydi Ilhan Tanir ismli jurnalist.

Voqeaga IShID aralashmagani ma’lum bo’ldi. Harbiy isyon bir necha soat ichida bostirildi, ammo 250 ga yaqin odam halok bo’ldi, ikki ming kishi yaralandi.

Aybdorlarni topishga tushgan hukumat nafaqat davlat to’ntarishida qatnashganlarni, balki tanqidchi va jurnalistlarni, xususan, Tanirni ham nishonga oldi.

“Turkiya hukumati qattiq g’azabda edi va ular tanqidiy ruhdagi gazeta va nashrlar ortiga tushdi. Yuzlab gazetalarni yopishdi, lekin bizning “Jumhuriyat” gazetamiz oson taslim bo’ladiganlardan emas edi. Ular gazetaning 15-16 jurnalistiga qarshi ahmoqona ayblovlar o’ylab topishdi. Ular orasida men ham borman”, - deydi Ilhan Tanir.

Turkiya so’z erkinligi poymol etilayotgani haqidagi e’tirozlarni inkor etadi. Prezident Rajab Toyyib Erdog’anga ko’ra, ular jurnalistika emas, terrorizmga aralashgani uchun jazolanmoqda.

Hibsga olinganlarning aksariyati Fathulloh Gulen harakatiga aloqadorlikda ayblandi. Anqaraga ko’ra, harbiy xuruj ortida shu guruh turibdi.

“15-iyuldan avval respressiv choralar so’l qanoq kurd va arman nashrlariga qaratilgan edi. 15-iyuldan keyin markaziy matbuot ham nishonga olindi. Butun mamlakat bo’ylab ularga bosim oshdi. Hozirgacha bizga shikoyat qilgan yuzlab odamlar bor. Ularning hammasi jurnalist bo’lib ishlagan”, - deydi Media va huquq tadqiqotlari assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Veysel Ok.

Bu kabi tazyiq va hibslar ortidan Turkiya dunyoda eng ko’p jurnalistlarni qamoqqa tashlagan davlatlardan biri sifatida nom qozondi.