Markaziy Osiyo prezidentlarining navbatdagi sammiti 6-avgust kuni Turkmanistonda o’tadi.
O’zbekiston prezidenti matbuot xizmatiga ko’ra, Shavkat Mirziyoyev 6-avgust kuni mintaqa sammitida ishtirok etish uchun Turkmanistonga jo’nab ketadi.
Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvi, shuningdek, sammit barobarida rejalangan mintaqa mamlakatlari ayollari muloqoti Turkmanboshi shahridagi “Avaz” sayyohlik majmuasida o’tkaziladi.
Sammitni o’tkazish yuzasidan tashkiliy qo’mita tuzilgan; qo’mita sammitga tayyorgarlik ishlarini davom ettirmoqda.
Turkmanistonga doxil muxolif nashrlar tarqatayotgan xabarlarga ko’ra, sammitga tayyorgarlik ko’rayotgan hukumat sayyohlik majmuasida dam olayotgan mahalliy aholini majburan boshqa joyga ko’chirishni boshlagan; shahar deyarli qamal holatiga keltirilgan.
Markaziy Osiyo prezidentlari sammiti aslida rasmiy uchrashuv maqomida emas, ishtirokchilar bu sammit faqat maslahatlashuv maqomida o’tkazilishini ta’kidlab keladi.
Shu paytgacha ikki bor bo’lib o’tgan bu muloqot ikki yillik tanaffus ortidan o’tkazilmoqda. Sammitga so’nggi bor O’zbekiston mehmonlik qilgan; navbatdagi uchrashuv pandemiya bois o’tkazilmay kelayotgan edi.
Hozircha O’zbekistondan tashqari mintaqaning boshqa davlatlari liderlari sammitda qatnashishiga doir rasmiy ma’lumot e’lon qilinmagan. Sammit doirasida Markaziy Osiyo ayollar forumi, shuningdek, Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi o’tkazilishiga doir xabarlar mavjud.
Sammitdagi asosiy mavzu Afg’onistondagi vaziyat bo’lishi haqiqatga yaqin, ayniqsa, Tolibon Markaziy osiyo bilan chegara hududlari ustidan deyarli to’liq nazorat o’rnatgani inobatga olinsa. Bu nazoratdan faqat o’zbek-afg’on chegarasidagi “Hayraton” yo’nalishi istisno deyish mumkin.
Mintaqa liderlari Afg’onistondagi vaziyatni bungacha ikki tomonlama aloqalar doirasida muhokama qilishgan; vaziyatni qaltis, xavotirli baholashgan edi.
Afg’onistondagi vaziyat keskin bo’lgan bir sharoitda o’tayotgan Markaziy Osiyo sammiti mintaqa davlatlarini xavfsizlik, harbiy hamkorlik bo’yicha jiddiy qarorlar qabul qilishiga turtki berishi mumkin.
Muxolifatdagi siyosatchi Namoz Normo’minga ko’ra, faqat buning uchun yetakchilarda siyosiy iroda bolishi lozim.
“Bu sammitning o’tishini o’zi ijobiy hodisa. Chunki Turkiston bosqin qilingandan beri bu mamlakatlar mustaqil bir uchrashuv o’tkaza olishmay keladi. Uchrashuvda asosiy mavzu Afg’onistondagi vaziyat bo’ladi, chunki mana Tojikiston yuz minglab qochqinlarni qabul qilishga hozirlik ko’rmoqda, qochqinlar O’zbekistonga ham o’tmoqda. Turkmaniston askarlari to’qnashuvlarda halok bo’lgani haqida ma’lumotlar bor. Ahvol o’ta xavotirli, mintaqa liderlari hozirgi keskin bir vaziyatda mustaqil bir qaror qabul qilishmasa, unda bunday qarorni qachon qabul qilishlari mumkin? Xullas, vaziyatning o’zi ularni hamkorlikdagi jiddiy qarorlar qabul qilishga undamoqda. Agar mintaqa miqyosida jiddiy bir qadamlar tashlanmas ekan, ularning o’rniga bu qarorni Rossiya, AQSh, Xitoy qabul qiladi”, - deydi Namoz Normo’min.
So’ngi paytda Afg’onistondan tashqari, Markaziy Osiyoning o’zida ham bir qadar ziddiyatli vaziyat kuzatildi. Mintaqa aholisi chegara to’qnashuvlariga, Tojikiston va Qirg’iziston o’rtasida yuzaga chiqqan qisqa muddatli urushga ham guvoh bo’ldi.
“Albatta, Afg’onistondan tashqari o’z yechimini kutayotgan mintaqaviy masalalar ham mavjud. Bular ham dolzarb turibdi, chunki hozir ham Tojikiston va Qirg’iziston o’rtasidagi munosabatlar tarang qolmoqda. Umid qilamizki, Mirziyoyevning tashabbuskorligi, siyosati o’z samarasini beradi, qo’shni davlatlar o’rtasidagi ziddiyatli munosabatlar yaxshilanadi. Men o’zim muxolafatdagi siyosatchiman, ammo mintaqaviy masalada Mirziyoyev tashabbuslarini qo’llayman. Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasida aloqalar yaxshilanishi bu mintaqa uchun jiddiy yutuq bo’ladi. Ayniqsa, bu uchrashuvning tahdidlar kuchayib borayotgan hozirgi xavotirli bir vaziyatda o’tkazilayotgani yanada muhim”, - deydi Namoz Normo’min.
6-avgustda o’tadigan Markaziy Osiyo prezidentlari maslahatlashuv uchrashuvida Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O’zbekiston prezidentlari ishtirok etishi nazarda tutilgan.
Markaziy Osiyo sammiti tashabbuschisi hisoblangan O’zbekiston bir muncha avval sammit onlayn emas, bevosita uchrashuv tartibida o’tishi, unda mintaqa uchun o’ta muhim bo’lgan masalalar muhokama qilinishi kutilayotgani haqida ma’lumot bergan edi.