Mirziyoyevdan hibsdagi shifokor masalasini ko’tarish so’ralmoqda

Turkman faollari Turkmanistonga safar boshlagan Prezident Shavkat Mirziyoyevdan hibsdagi o’zbek ayoli Xursanoy Ismatullayeva taqdiriga diqqat qaratishni so’rashmoqda.

Turkmanistonlik o’zbeklardan bo’lgan shifokor Xursanoy Ismatullayeva iyul oyida, Yevropa parlamenti homiyligida inson huquqlariga oid o’tgan konferensiya ortidan hibsga olingan.

Markaziy Osiyoda inson huquqlariga oid vaziyat muhokama qilingan bu konferensiyada o’z ishidan haydalgan Xursanoy Ismatullayeva bilan bog’liq voqea ham muhokama qilingan.

15-iyul kuni o’tgan bu konferensiyaning ertasiga, 16-iyulda Ismatullayevaning uyiga 10 dan oshiq politsiya xodimlari bostirib keladi. Ismatullayeva uyida o’tkazilgan tintuv ortidan hisbga olinadi, ammo hozirgacha uning qayerda saqlanayotgani noma’lum. Ayni paytda unga nisbatan tovlamachilik bo’yicha jinoyat ishi ochilayotganiga doir ma’lumotlar bor.

Yevropa parlamenti deputatlari tomonidan Xursanoy Ismatullayevaning hibs qilinishi yuzasidan tarqatilgan bayonotda turkman hukumatidan zudlik bilan shifokorni ozod etish, uni o’z ishiga tiklash talab qilinadi.

Xursanoy Ismatullayeva bilan bog’liq vaziyatga “Human Rights Watch” ham diqqat qaratgan. Inson huquqlari tashkiloti bu boradagi xabarida shifokorning qayerda hibsda saqlanayotgani sir tutilishi xalqaro miqyosda jinoyat sifatida baholanishidan ogohlantiradi.

“Ismatullayeva Yevroparlament deputatlari tomonidan tashkillashtirilgan Markaziy Osiyodagi inson huquqlariga oid vaziyat bo’yicha konferensiya ortidan hibs qilindi. Shifokorning hibs qilinishi aynan shu konferensiya bilan bog’liqligi shubhasiz. Ismatullayeva hibsda o’tkazayotgan har bir daqiqa unga nisbatan qiynoqlar qo’llanishi, soxta ayblovlar bo’yicha iqrorlik ko’rsatmasi berishga majbur bo’lishi xatarini kuchaytiradi”.

“Human Rights Watch”ga ko’ra, Yevropa Ittifoqi rahbariyati zudlik bilan Ismatullayevaning ozod etilishini talab qilishi kerak.

Turkmanistondagi vaziyatni xorijdan turib yoritib kelayotgan “Turkmennews” nashri muharriri Ruslan Myatiyevning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, ishdan haydalishi ortidan o’z haq-huquqlari uchun kurashib kelgan shifokor Xursanoy Ismatullayevaning hibsdagi taqdiri mavhum qolmoqda.

“O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga safarini boshladi. Prezident Mirziyoyev bu safar davomidagi muzokaralarda turkmanistonlik etnik o’zbeklar vakili bo’lgan Xursanoy Ismatullayeva bilan bog’liq vaziyatga diqqat qaratishi kerak. Chunki Ismatullayeva mutlaqo aybsiz, u o’z huquqlari, ishga tiklanishi uchun kurashib kelgani, mamlakatda adolat topmagach xalqaro tashkilotlarga murojaat qilgani uchun jazolanmoqda. Turkmanistondagi rejim unga nisbatan jiddiy tazyiqlar ko’rsatmoqda. Ismatullyevaning taqdiriga xalqaro tashkilotlar befarq emas, O’zbekiston Prezidenti Mirziyoyev ham Ismatullayevaning taqdiriga befarq bo’lmasligi kerak”, - deydi Ruslan Myatiyev.

Mirziyoyevning Turkmanistonga safari 5-avgustdan boshlandi, 6-avgust kuni u Turkmanboshi shahrida Markaziy Osiyo prezidentlari sammitida ishtirok etadi. Safar davomida Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov bilan muzokaralar o’tishi ham kutilmoqda.