Nazarboyev O'zbekistonni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga chorlamoqda

Qozog’iston Xavfsizlik kengashining amaldagi raisi Nursulton Nazarboyev 

Afg’onistondagi keskinlik soyasida Markaziy Osiyoni Rossiya doirasiga qaytarish harakati kuchaygan. O’zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zoligiga chaqirilmoqda.

Bu haqdagi bayonot Yevrosiyo tashkilotining faxriy raisi, Qozog’istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev tomonidan qilinayotgani inobatga olinsa, ancha jiddiy ko’rinadi.

Nazarboyevning bu fikrlari Bishkekda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining navbatdagi yig’ilishi o’tayotgan bir paytda e’lon qilindi.

Qozog’istonda Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashgan sobiq prezident, Qozog’iston Xavfsizlik kengashining amaldagi raisi Nursulton Nazarboyev Yevrosiyo tashkilotini kuchaytirish lozimligini ta’kidlar ekan, ittifoqqa O’zbekiston va Tojikistonni qo’shib olish, Turkmanistonni ham tashkilotga tortish bo’yicha tayyorgarlik ishlarini olib borish lozimligini ta’kidlagan.

Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin

Rossiya matbuotida Nursulton Nazarboyevdan iqtibos keltirilayotgan bu fikrlar Mishustin bilan o’tgan uchrashuv haqida xabar bergan Elboshiga qarashli rasmiy saytdan o’rin olmagan. Ammo bu borada matbuotda tarqagan mavjud xabarlar rad etilayotgani ham yo’q.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar hukumat rahbarlarining yig’ilishi Bishkekda o’tmoqda. Unda tashkilotga kuzatuvchi maqomida qo’shilgan O’zbekiston tomonidan bosh vazir Abdulla Aripov ishtirok etdi.

Tadbirda so’zga chiqqan Aripov O’zbekiston Yevrosiyo ittifoqi bilan o’zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligi haqida gapirgan.

O'zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov

Tashkilotga a’zo davlatlarning oliy darajadagi sammiti shu yil oktabr oyida Qozog’istonda o’tishi kutilmoqda.

Nursulton Nazarboyevning ittifoqqa mintaqaning barcha davlatlarini qo’shish haqidagi bu chaqirig’i Afg’onistondagi keskinliklar soyasida kuzatiladi.

Afg’onistonda to’planayotgan jangarilar Markaziy Osiyoga hujum qilishga tayyorlanayotgani haqidagi tahdidlar bilan mintaqaga bosim o’tkazib kelgan Rossiya Tolibon hokimiyatga qaytishi ortidan mintaqadagi harbiy bazalarini kengaytirdi. Hamkorlikdagi harbiy mashg’ulotlarni kuchaytirdi. Rossiya harbiylari O’zbekistonga ham kirib keldi. Surxondaryoda qo’shma harbiy mashqlar o’tkazdi.

O’zbekiston va Turkmaniston Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoqdan, iqtisodiy tashkilotdan ham chetda ekanligi, Moskva anchadan buyon bu davlatlarni Kollektiv xavfsizlik tashkilotiga qo’shishga urinib kelayotgani inobatga olinsa, Afg’onistondagi beqarorlik qulay fursat sifatida ko’rinadi.

Toshkentlik sharhlovchi Anvar Nazirning ta’kidlashicha, Tolibondan harbiy yordamini ayamay kelgan Rossiya uchun terrorchi guruhning Afg’onistonda hokimiyatga kelishi ayni muddao.

“Rossiya Markaziy Osiyo ustidan bosimni oshirishda ham, harbiy bazalari safini kengaytirishda ham Tolibon bilan bo’lgan yashirin, ochiq ittifoqchiligidan unumli foydalanadi”, - degan fikrda sharhlovchi.

Markaziy Osiyo davlatlarini Rossiya yetakchiligidagi tashkilotga qo’shilishga chaqirgan Qozog’iston xavfsizlik kengashi raisi Nursulton Nazarboyev Mixail Mishustin bilan Afg’onistondagi vaziyatni ham muhokama qilgani ehtimoldan xoli emas.

Afg'on chegarasi yaqinida Rossiya, O'zbekiston va Tojikiston harbiy mashg'ulotlari jarayoni. 10-avgust, 2021.

Rasmiy xabarda aytilishicha, Nazarboyev uchrashuvda Rossiya bilan ikki tomonlama aloqalar o’ta qalinligini, jumladan, Prezident Vladimir Putin bilan o’zaro muloqot ham muntazamligini ta’kidlab, Yevrosiyo miqyosidagi loyihalarni kengaytirishga diqqat qaratgan.

Nazarboyevning bu qarashlaridan qat’i nazar, Rossiya va Qozog’iston o’rtasidagi so’nggi munosabatlar bir qadar taranglashgani kuzatiladi.

Bir muddat avval rossiyalik siyosatchilarning Qozog’istonga nisbatan bildirgan hududiy da’volari bilan qo’zg’algan bu taranglik Qozog’istondagi rusiy zabon aholi huquqlari buzilayotganiga doir Rossiya televideniyesidagi chiqishlar bilan davom etmoqda.

Shunday bir vaziyatda, qolaversa, Yevrosiyo tashkilotiga a’zo Qirg’izistonda, Qozog’istoning o’zida ham tashkilotdagi iqtisodiy siyosatga nisbatan e’tirozlar ancha kuchli bo’lgan bir paytda Nazarboyev tomonidan bildirilgan bu chaqiriq ancha mavhum ko’rinadi.

Qozog’istonlik faollar hokimiyatni hamon bilvosita o’zida saqlab qolayotgan Nazarboyevning siyosiy faoliyatini jiddiy tanqid ostida ko’rishadi.

Qozoq eksperti Ermek Narimbayning ta’kidlashicha, Nazarboyev o’z hokimiyati taqdiri Rossiyaga bog’liq ekanini yaxshi biladi. Moskva bilan qalin ittifoqchilik, jumladan, Nazarboyev tashabbusida yuzaga kelgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi ham avvalo Rossiya manfaatlariga xizmat qilishi shunga bog’liq.

Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi Armaniston, Belarus, Rossiya, Qzog’iston va Qirg’izistondan iborat. O’zbekiston jamoatchilikdagi jiddiy noroziliklarga qaramasdan o’tgan yili bu tashkilotga kuzatuvchi davlat maqomida qo’shildi.

Afg’onistondagi vaziyat keskinlashishi, AQSh mintaqani tark etayotgani ortidan o’z faoliyatini jiddiy kuchaytirgan Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq Kollektiv xavfsizlik shartnomasiga esa mintaqadan Tojikiston, Qirg’iziston va Qozog’iston a’zo.

Rossiya Afg’onistondagi so’nggi keskinliklar soyasida o’z yetakchiligidagi harbiy va iqtisodiy ittifoqlarni ham kengaytirishga urinayotgani kuzatiladi.