O'zbekiston afg'on qochqinlarini ortga qaytardi

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Toshkent

O’zbekiston 150 nafar afg’onistonlik qochqinni Tolibon kafolati ostida Afg’onistonga topshirgan.

Butun dunyo Afg’onistondan qochqinlarni olib chiqishga urinayotgan, Kobul aeroporti qamali davom etayotgan bir manzarada Toshkentning qochqinlarni toliblarga topshirishi insonparvarlikdan yiroq, shafqatsiz bir siyosat sifatida ko’rinadi.

Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko’ra, Tolibon harakati qochqinlar xavfsizligini ta’minlashga va’da bergan.

Tolibon rahbariyati vakillari bilan ushbu toifadagi shaxslarga nisbatan har qanday zoʻravonlik, tazyiq va taqiblarning oldini olish boʻyicha kelishuvlar natijasida 150 nafar Afgʻoniston fuqarosi oʻz xohishi bilan vataniga qaytarilgani aytilmoqda.

Afgʻonistonga qaytgan fuqarolardan olingan maʼlumotlarga koʻra, rasmiy protsessual choralar koʻrilganidan soʻng ularning hammasi uylariga qoʻyib yuborilgan va oʻz oilalari bagʻrida toʻliq xavfsiz holda boʻlib turibdi”, deyiladi O’zbekiston tashqi ishlar vazirligi tomonidan 20-avgust kuni tarqatilgan bayonotda.

Toshkentning afg’onlarni qaytarish qarori mahalliy matbuotda Surxondaryo yaqinida qochqinlar lageri tuzilgani, unda 100 nafardan oshiq qochqinlar saqlanayotganiga doir xabar tarqalishi ortidan kuzatilmoqda.

Toshkent Tolibon bilan kelishilgan holda ortga qaytargan 150 nafar afg’onlar lagerda saqlanayotgan qochqinlarmi yoki ular avvalroq harbiy samolyotlar va vertolyotlarda O’zbekistonga o’tgan afg’on harbiylaridan iboratmi, bunisi noma’lum.

Afg’onistondan qochib chiqish imkonsiz, o’limga teng xavf bo’lib turgan, toliblar sobiq tuzum tarafdorlarini qatl qilayotganiga doir xabarlar manzarasida Toshkentning qochqinlarni Tolibonga topshirishi insonparvarlikdan yiroq, shafqatsiz qaror sifatida baholanmoqda.

O’zbekiston hukumatining bu qarori ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy munozara qilinmoqda.

Qarorni olqishlayotgan, qochqinlarga joy bermaslikni yoqlayotganlar ham, shuningdek, Toshkentni xalqaro qonunlarni buzishda, qochqinlar huquqini poymol qilishda, ularni Tolibon qo’lidagi o’limga topshirishda ayblayotganlar ham bor.

Tashqi ishlar vazirligi o’z bayonotida O’zbekiston “xalqaro gumanitar huquq tamoyillariga sodiqlik ruhida qator davlatlar bilan ularning fuqarolarini Afgʻonistondan evakuatsiya qilish masalasi boʻyicha yaqindan hamkorlik” qilib kelayotganini ham ta’kidlab o’tgan.

Bildirilishicha, hozirgacha turli davlat fuqarolari bo’lgan 2000 ga yaqin kishi O’zbekiston orqali uchinchi mamlakatlarga jo’natilgan.

Afg’onistonni toliblar egallashidan biroz avval O’zbekistonga o’tgan, ayni paytda Surxondaryoda bo’lib turgan afg’onistonliklardan biriga ko’ra, O’zbekistonda afg’on qochqinlar bilan bog’liq holat mavhum, ayniqsa, mamlakatga kirgan afg’on harbiylari bilan bog’liq vaziyat.

“Ularga nisbatan jinoyat ishi qo’zg’atilib, tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqdami yoki ular allaqachon ortga qaytarilganmi, aytish qiyin”, - deydi u.

Toshkent tomonidan qochqinlarning Afg’onistonga qaytarilishi aksariyat davlatlar o’z fuqarolarini toliblar nazoratidan qutqarishga urinayotgan bir paytda Tolibon guruhi Afg’oniston xavfsizligi kafolati sifatida qabul qilingan dastlabki rasmiy ishora ekanligi bilan ham diqqatli tuyuladi.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining bu bayonotidan biroz avval Afg’oniston va qochqinlarga ko’mak ko’rsatish masalasi Moskvada Germaniya kansleri Angela Merkel va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o’rtasida muhokama qilingan edi.

Bu uchrashuvda Putin Markaziy Osiyoga qochqinlar niqobi ostidagi jangarilar ham kirishi mumkinligidan ogohlantirgan.