Bugun o’zbek milliy kinochiligida asosiy muammo nima? Hali ham taqiqda bo’lgan mavzular bormi? Sayoz filmlar ko’pligiga sabab nima? “Amerika Ovozi” yaqinda AQShga safar qilgan rejissor Jahongir Ahmedov bilan ana shular haqida suhbatlashdi.
- Vashingtonga xush kelibsiz!
- Rahmat
- Bir adib yoshlikda yozgan asarlarini yoqqan ekan. Sababini so’rashsa, saviyasidan uyalishini aytgan ekan. Mana siz ham ijodkorsiz. Sizda ham ana shunday his-tuyg’ular o’tganmi ko’nglingizdan?
- Inson nafaqat ijodiy faoliyati, balki shaxsiy hayoti, umuman, bosib o’tgan umr yo’liga nazar solsa, xatolarini anglay boshlaydi. Xatolardan xulosa chiqarish kerak. Lekin asarlarni yoqish kerak degan fikni to’g’ridan-to’g’ri qabul qilmagan bo’lardim. Xatolarni takrorlamaslik ma’nosida tushungan bo’lardim. 10-15 yil avvalgi ijodiy ishlarimga qarar ekanman, badiiy, texnik jihatdan xatolarimni ko’raman.
Dunyoqarshim ham o’zgargan. O’sha paytda qarshi turgan ba’zi g’oyalarga bugun qarshi emasman. Avvalgi filmlarimni tomosha qilar ekanman, nahotki shu mendan chiqqan fikr, nahotki pozitsiyam shunday bo’lgan deb o’ylab qolaman. Avvallari juda an’anaviy, o’ta konservativ fikrlagan ekanman.
- O’zbekistonda kino sanoatida hali ham taqiqda bo’lgan mavzular bormi?
-Senzurani men avvalo sobiq ittifoq davri bilan bog’lagan bo’lardim. Faqat hukmron partiya xohlagan mavzular yoritilgan. Senzura “sindromi” ongimizga, qonimizga singib ketgan. Lekin davlat siyosati darajasida senzura bor deb hisoblamayman. Ayrim mavzular ochib berilishini istamaydigan shaxslar bor.
- Masalan, qanday mavzular ular?
- Men o’zim to’g’ridan-to’g’ri duch kelmadim. Lekin, misol uchun, “Islomxo’ja” filmini olaylik. Xiva xonligining islohotchi vaziri. Shu paytgacha uning o’limi haqidagi ma’lumotlar yopiq saqlangan. Men filmda katta tarixchi va yosh tarixchi obrazlaridan foydalandim. Oxirida yosh tarixchi katta tarixchidan “Nega shuncha narsani bila turib aytmagansiz, yozmagansiz”, deb so’raydi. Katta tarixchi “Bizning davrda buni na aytib bo’lardi, na yozib bo’lardi”, deb javob beradi.
Filmni suratga olish jarayonida biz bilan uchrashishni istamagan tarixchilar ham bo’ldi. Ana shu mavzular taqiqdan olib tashlanganiga ishonch yo’q edi-da odamlarda.
- Kino bozorimizga qaraydigan bo’lsak, tosh bosadigan, sifatli, yuqori saviyali filmlardan ko’ra yengil-yelpi filmlarimiz ko’p. Iqtisodiyotda talab va taklif degan tushuncha bor. Agar shu qoidadan kelib chiqadigan bo’lsak, demak ana shunday sayoz filmlarga talab bormi? Ya’ni, xalq saviyasi tushib ketganmi? Yengil-yelpi filmlarga talab bo’lganda ham xalqni saviyasini oshiradigan, dunyoqarashini kengaytiradigan filmlar ishlash kerak emasmi?
- Xususiy sektorda bozorning ayovsiz qoidalari bor. Ijodkorlar bunga bo’ysunishga majbur. Masalan, seriallarni olaylik. Ba’zilarining saviyasi juda past. Lekin yosh san’atkor va ijodkorlarimiz ilk qadamini qo’yishi, ijodini boshlab olish uchun seriallar ularga eksperimental maydon vazifasini bajarib beryapti. Xususiy kino bozorimiz ham ana shu jarayondan o’tgan. Albatta, xatolari juda ko’p. Lekin biz ularni ijoddan to’xtatsak, tajribasi oshib qoladimi? Shu bilan birga, tanqid ham davom erishi kerak, chunki ular o’z xatolarini ana shu tanqidlardan kelib chiqib to’g’rilaydi.
Your browser doesn’t support HTML5
- Bugun o’zbek milliy kinochiligida asosiy muammo nimada deb o’ylaysiz?
- Ssenariylar, ssenariynavislarning yetishmasligi. O’zimning misolimda aytadigan bo’lsam, asli kasbim ssenariynavis emas. Men dramaturgiya emas, rejissura bo’limida tahsil olganman. Lekin har qanday rejissorlikka o’qiyotgan talaba dramaturgiyani ham o’rganadi. Ijodga endi qadam qo’ygan yillarimiz ssenariylar yetishmasligini yaqqol his etardim. Biz yoshmiz, katta avlodga murojaat qilishimiz qiyin, katta avlodning bizga ishinishi qiyin. Asta-sekin o’zimiz ssenariy yoza boshladik.
- Demak kadrlar yetishmaydimi?
- Albatta.
- Kadrlar muammosi oliy o’quv yurtlariga borib taqaladimi? Ta’lim sifati yaxshi emasmi?
- Mashina haydashni o’rganish uchun avval uch oy nazariyani o’qiysiz, to’g’rimi? Lekin bu o’qishni bitiriboq ertaga mashina hayday olasiz degani emas. Ijodkorlarga, umuman, barcha kasb egalariga ham o’zlarini “toblab olishi” uchun maydon kerak. 2017-yilda davlat rahbari respublikaning ziyolilari, ijodkorlari bilan uchrashuvda kinoga, xususan, tarixiy filmlar yaratishga alohida to’xtalgan edi. Shundan keyin bu jarayon jadallashub keldi. Lekin ana shunday tarixiy filmlar ishlashga kelganda kadrlar yetishmasligi ayon bo’lib qoldi.
- Oliy o’quv yurtida dars berasiz. Bugun oliy ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan yoshlarning saviyasini qanday baholaysiz?
- Talabalar har xil. Ba’zida ijodkorlar, ziyolilar oilasidan chiqqan, yoshi nisbatan katta, dunyoqarashi shakllangan talabalarga ko’zingiz tushadi. Kelajakda shu talaba muvaffaqiyatga erishadi, deb umid bildirasiz. Shu bilan birga, endi maktabni bitirib kegan, uzoq qishloqdan, oddiy oiladan chiqqan, hali chuqur bilimga ega bo’lmagan yoshlarga ham ko’zingiz tushadi. Lekin tajribadan ko’rdikki, ba’zida o’sha chekka hududdan, oddiy oiladan chiqqan talaba umidlaringizni ro’yobga chiqaradi. Talabalarni dastlabki imkoniyatlari, sharoitlariga qarab baholamaslik kerak. Ba’zida iste’dod bir qarashda ko’rinish beravermaydi. Uni shakllantirish, “uyg’otish” kerak bo’ladi.
- “Ilhaq” filmida o’zbek ayolining metin irodasi, sadoqati, halolligini tarannum etgansiz. O’zbek ayollarini ana shunday gavdalantira olgan rejissor Jahongir Ahmedov shaxsiy hayotda, oilada qanday erkak? Qanday o’g’il, qanday er, qanday ota, qanday aka yoki uka?
- Men bilan shaxsan tanishgan odamlar “ozingiz ham filmlaringizga o’xshar ekansiz”, deb aytib qolishadi. Hazilkash ekansiz, deyishardi. Lekin keyingi filmlarim og’ir filmlar. Aytishim kerak, keyingi filmlarimning ba’zi sahnalarini suratga olish oson bo’lmadi. Chunki o’sha davrda ayollarimiz, umuman, xalqimiz boshidan kechirgan qiyinchiliklar haqida ma’ulumotlar qo’limizga kelib tushar ekan, bo’g’zim to’lib ketardi. Yuragi bor inson yig’lamasdan iloji yo’q. Aytmoqchimanki, har qanday ijodkorning ijod mahsulida yuragining bir bo’lagi yotadi.
Mana hozir safarda yuribmiz. Hamrohlarim bizni sizni shunday oilaparvar inson sifatida tasavvur qilmagan ekanmiz, har kuni bir necha marotaba qo’ng’iroq qilib, hol-ahvolidan xabardor bo’lib turar ekansiz, deb aytishmoqda. Boshqalardan buni eshitish, albatta, yoqimli.
Hozir Amerikada qanday loyiha ustida ishlayapsiz?
- “O’zbekistonlik” degan hujjatli-badiiy film suratga olyapmiz. Amerikada nufuzli idoralarda ishlayotgan, mana shunday taraqqiy etgan jamiyatda o’z o’rnini topa olgan vatandoshlarimiz haqida hikoya qilamiz. Yashirmaymiz, yaqin-yaqingacha O’zbekiston desa salbiy tasavvur bor edi odamlarda. Lekin hozir hukumatimiz O’zbekistonni xalqaro miqyosdagi imijini oshirmoqchi. Yaqinda “Vatandoshlar” jamoat fondini tashkil etish bo’yicha maxsus qaror chiqdi. Menimcha, bu qarorning zamirida ham shu imij masalasi bor. Xorijdagi vatandoshlarni qo’llab-quvvatlash, ularni vatan bilan bog’lash, iqtidoridan vatan taraqqiyoti yo’lida foydalanish masalasi. Filmda xorijda muvaffaqiyatga erishgan vatandoshlarimizni ko’rsatish orqali yoshlarga qo’shimcha motivatsiya bermoqchimiz. Amerikada, ya’ni, dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridan birida, kerak bo’lsa, milliy kadrlardan ustun turgan vatandoshlarimiz bor. Muhim jihati - bugun ular o’zlarini O’zbekistonga daxldor sanashadi. Amerikada orttirgan bilim va tajribalarini O’zbekistonda qo’llash niyatlari bor. Hozirning o’zida vatanga yordam berayotganlari ko’p.
- Xorijga chiqqanlarning dunyoqarashi o’zgarib ketadi, milliylikdan uzoqlashib ketadi, deyishadi. Vatandoshlar bilan suhbatlashish jarayonida ana shu narsaga guvoh bo’ldingizmi?
- Suvga tushgandan so’ng xo’l bo’lmay iloj yo’q. Lekin baribir “ildiz” o’sha-o’shaligicha qolgan. Ba’zilari hatto men baribir bir kun vatanga qaytaman, keksalik davrimni O’zbekistonda kechiraman, qabrim ota-onam oldida bo’lishini istayman, deyapti. 20 yil ana shu jamiyatda yashagan, shu jamiyatni qabul qilgan, bu jamiyat ham ularni qabul qilgan odamlar ular. Shunday bo’lsa-da, vatan ularning doim yuragida.
- Xorijda iqtidorli vatandoshlarimiz ko’p. Lekin xorijda! Buning sababi nimada, sizningcha? Demak, O’zbekistonda ularning iqtidorini yuzaga chiqarishga imkoniyat yo’qmi?
- Immigratsiya jarayoni butun dunyoda kuzatilayotgan jarayon. Masalan, Amerikada Yaponiyadan kelib ishlayotgan yapon yo’qmi? Yaponiya ham rivojlangan davlat-ku! Bir amerikalikdan kelajagingni qayerda, qaysi shtatda ko’ryapsan deb so’rasam, Yevropada deb javob berdi. Demak, Amerika yoshlari orasida ham xorijga intilayotganlar bor.
Eng asosiysi, yurtdoshlarimiz qayerda bo’lmasin, ularda vatanga daxldorlik hissini saqlab qolishimiz kerak.
- Suhbat uchun rahmat. Ijodingizga baraka.
- Sizga ham rahmat.