Afg’oniston konfederativ davlatga aylanishi mumkinmi?

Kobul ko'chalarida Tolibon jurnalistlarga tazyiq o'tkazmoqda, 30-sentabr, 2021

Markaziy Osiyoda O’zbekiston va Turkmaniston Afg’oniston siyosati bo’yicha ittifoqqa kelishgan dastlabki davlatlarga aylanmoqda.

Mamlakat ichki ishiga aralashmaslik tamoyiliga asoslangan bu ittifoq Afg’onistondagi o‘zbeklar va turkmanlar muammosini nazarda tutmaydi, aksincha turkiy xalqlarga tazyiqni oshirayotgan Tolibon hukumatini quvvatlashga qaratilgan.

Tolibon nazoratidagi Afg’onistonda esa turkiy ziyolilar, jumladan o’zbek va turkmanlar, Toshkent va Ashgabat yordamiga umid qilishda davom etmoqda.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qurbonguli Berdimuhammadovning Toshkentdagi muzokaralarida tomonlar Afg’onistonga nisbatan o’zaro hamkorlikda siyosat yuritishga kelishishdi.

Buni ham ko'ring Afg'onistonda turkiy jurnalistlar yordamga muhtoj

Rasmiy ma’lumotlarga tayanilsa, Toshkent va Ashgabat Afg’oniston masalasida hamfikr, tomonlar BMT, MDH, YXHT, Islom hamkorlik tashkiloti, Turk kengashi, shuningdek, boshqa xalqaro tashkilotlar miqyosida ham Afg’oniston bo’yicha tashabbuslarni birgalikda surishga bel bog'lagan.

Tomonlar afg’on xalqiga yordam ko’rsatiladi, lekin Afg’onistonning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga sodiq qolishadi.

Agar O’zbekiston va Turkmaniston toliblar hukumatini darhol olqishlab chiqqani inobatga olinsa, Afg’oniston barqarorligi masalasida Toshkent ham, Ashgabat ham Tolibonga suyanayotgan ko’rinadi.

Afg’onistondagi urush shubhasiz tashqi kuchlar aralashuviga bog’liq, ammo uning davomiyligi ichki nizolardan kuch olib keladi.

Bu nizo esa milliy ziddiyatga, ya’ni biror millat mutlaq ko’pchilikni tashkil etmagan, azaldan etnik hududiy chegaralanish, boshqaruv ustuvor bo’lgan mamlakatdagi etnik siyosatga, aniqrog’i faqat bitta millatga tayangan hokimiyat qurish harakatiga bog’liq.

Pashtunlardan iborat Tolibon hukumati mamlakatdagi boshqa milliy ozchilik huquqlarini tan olish niyatida emas.

Muxolifatdagi o’zbek siyosatchisi Muhammad Solihning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Afg’onistonda mahalliy aholiga, jumladan millionlab turkiylarga ham milliy, hududiy vakolatlar taqdim etilgan federativ boshqaruvga o’tilmas ekan, bu mamlakatda urush davom etaveradi.

Buni ham ko'ring Muhammad Solih: Afg'oniston konfederatsiyaga aylanishi kerak