O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 76-yillik sessiyasida videomurojaat bilan ishtirok etdi. U o’z nutqida BMT doirasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, Afg’onistonga yordam ko’rsatish hamda O’zbekiston amalga oshirishni ko'zlayotgan yangi rejalar haqida gapirdi.
Mirziyoyev xalqaro maydonda global tahdidlar ko’lami oshib borayotgan bir paytda BMTga ehtiyoj yanada dolzarblashganini qayd etdi.
“Ishonchim komilki, bunday murakkab sharoitda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalarining dunyo miqyosidagi ahamiyati va o‘rni tobora ortib bormoqda”, - dedi O’zbekiston prezidenti.
Ayni paytda Mirziyoyev Kovid-19 pandemiyasiga qarshi kurashda Jahon Sog’liqni saqlash tashkilotining muvofiqlashtiruvchi rolini kuchaytirishga chaqirdi.
“Biz pandemiyalarga qarshi samarali kurashda, vaksinatsiya natijalarini xalqaro miqyosda tan olish jarayonlarida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining muvofiqlashtiruvchi rolini yanada kuchaytirish tarafdorimiz”, - dedi u.
Mirziyoyev O’zbekistonda besh yil avval boshlangan islohotlar davom etishini, so’z erkinligi, inson huquqlari, din va vijdon erkinligi kabi fundamental huquqlarni himoya qilish ustuvor vazifa bo’lib qolishini ta’kidladi. Shuningdek, iqtisodiy taraqqiyot va aholi farovonligi oliy maqsadlarimizdan biri bo’lib qoladi, dedi u.
“Asosiy maqsadimiz – 2030-yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar miqdori bo‘yicha “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirishdir”, - deya qo’shimcha qildi O’zbekiston rahbari.
Mirziyoyev o’z nutqida qo’shni Afg’onistondagi vaziyatga ham to’xtaldi. U mintaqada tinchlik o’rnatilishi tarafdori ekanini aytib, xalqaro hamjamiyatni afg’on xalqiga yordam berishga chaqirdi.
“Hozirgi qiyin davrda Afg‘onistonni yakkalab, uni muammolar girdobiga tashlab qo‘yish mumkin emas”, - dedi u.
Ayni paytda u Afg'oniston bo'yicha BMT qoshida alohida doimiy qo'mita tuzish zarurligini yana bir bor ta'kidladi.
Afg‘on masalasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta’siri va ovozi har qachongidan ham kuchliroq yangrashi lozim", - dedi O'zbekiston rahbari o'z murojaatida.
Mirziyoyev, shuningdek, O’zbekiston Afg’oniston bilan chegaralarni ochganiga, qo’shni davlatga gumanitar yordam, neft mahsulotlari va energiya yetkazib berish yo’lga qo’yilganiga urg’u berdi.
Bundan tashqari, O’zbekiston rahbari global iqlim o’zgarishiga qarshi kurash doirasida amalga oshirilayotgan xalqaro tashabbuslarga to’la qo’shilishini bildirdi.
“Biz Parij bitimining maqsadlariga erishishga qat’iy qaror qilganmiz. Qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz”, - dedi u.
Uning yana qayd etishicha, O’zbekiston 2030-yilga qadar iqtisodiyotidagi energiya samaradorligini 2 barobarga oshirib, qayta tiklanadigan energiya ulushini 25 foizga yetkazishni, xususan, ekologik toza transportni rivojlantirishni maqsad qilgan.
Facebook Forum