O’zbekiston prezidenti saylovining muqarrar g’olibi sifatida Shavkat Mirziyoyev e’tirof etilayotgani prezidentning ikkinchi muddati O’zbekistonga nima berishi, aniqrog’i Mirziyoyevning o’zi o’zbekistonliklarga qanday va’dalar berayotganini dolzarb mavzuga aylantirmoqda.
Shavkat Mirziyoyev O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi qurultoyidagi chiqishida saylov dasturining muhim nuqtalariga to’xtalib o’tdi.
Dasturda siyosiy islohotlar masalasi yo’q. Bundan besh yil muqaddam kuzatilgani kabi asosiy urg’u iqtisodiyotga qaratilgan.
Prezident bayonotlarining muhim qismi aholi jon boshiga to’g’ri keladigan daromadni 4 ming dollarga yetkazish, soliq stavkasini 15 foizdan 12 foizga tushirish, 200 ming gektar atrofidagi yerni aholiga tanlov asosida uzoq muddatli ijaraga berish kabi masalalardan iborat.
Prezident aholini surunkali qiynab kelayotgan gaz, elektr muammosi yechimini va’da qilmayapti. Ko’pchilik diqqatini tortgan 4 ming dollarlik daromad marrasi esa 2030-yilga mo’ljallangan.
Bu paytda Shavkat Mirziyoyev hokimiyatda bo’lmaydi. Har holda, mamlakat qonunchiligiga ko’ra 2026-yilda uning ikkinchi muddati yakunlanadi. Aholi daromadini 4 ming dollarga chiqarish boshqa bir lider rahbarligi ostida kuzatilishi ehtimol, ammo buning ikkinchi prezidentlik muddati 4 yil avval yakunlangan Shavkat Mirziyoyevga aloqasi bo’lmaydi.
Xullas, prezidentlikka qayta saylanishga hozirlanayotgan Shavkat Mirziyoyevni hech kim hozircha bu savollar bilan bezovta qilayotgani yo’q. Buni uning raqiblaridan, muqobil nomzodlardan kutish ham foydasizdek.
Ammo saylov poygasidan tashqarida bo’lsa-da Mirziyoyev muxoliflardan xoli emas. Muxoliflar prezidentning ikkinchi muddati O’zbekiston uchun haqiqiy sinov bo’lishidan ogohlantirishmoqda.
Prezident saylovida qatnashish imkoniyatidan mahrum qolgan, mustaqil siyosiy partiya tuzish tashabbusida yurgan siyosatchi, professor Xidirnazar Olloqulovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Mirziyoyevning iqtisodiy farovonlik va’dalari saylovdan biroz o’tib, qish mavsumi boshlanishi bilanoq reallik bilan to’qnashadi.
Facebook Forum