Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ikkinchi muddatini Rossiyaga davlat tashrifi bilan boshlaydi. Noyabr oyiga rejalangan bu tashrifga hozirlik ko’rilmoqda.
24-oktabrga belgilangan O’zbekiston prezidenti saylovlari natijasi hozircha noma’lum. Nomzodlar, jumladan Mirziyoyev, saylovchilar bilan uchrashuvlarni davom ettirishmoqda.
Saylov g’olibi Shavkat Mirziyoyev bo’lishi shubha uyg’otmayotgan bo’lsa-da, prezidentlikka nomzodning noyabrdagi davlat tashrifi saylov natijasidan avval e’lon qilinayotgani saylovga nisbatan ishonchsizlikni yanada mustahkamlagandek.
Buni ham ko'ring Mirziyoyevning saylovdagi g'alabasidan so'ng O’zbekistonni nima kutmoqda?7-oktabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning tug’ilgan kuni munosabati bilan prezidentlar o’rtasida o’tgan suhbatga qaraganda, Mirziyoyev o’zining ikkinchi muddatdagi prezidentlik faoliyatini Rossiyaga davlat tashrifi bilan boshlaydi.
Davlat tashrifi noyabr oyiga belgilangani, saylov 24-oktabrda o’tishi, g’olib nomzodning prezidentlik vakolatlarini qabul qilishiga doir turli tadbirlar mavjudligi inobatga olinsa, ilk xorijiy safar uchun Rossiya tanlangani muqobilsiz ko’rinadi.
Shavkat Mirziyoyevning navbatdagi muddati O’zbekiston tashqi siyosati mutlaq Rossiya doirasiga qaytishi bilan kuzatilishiga doir xavotirlar esa kuchli.
“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan aksariyat ekspertlar shunday fikrda. Bu davrda O’zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi tayinligi, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi a’zoligiga qaytishi ehtimoli ancha yuqori ko’riladi.
Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelar ekan, O’zbekiston Rossiya yetakchiligidagi har ikki tashkilotga, iqtisodiy va harbiy ittifoqlarga qaytish taklifini olgan. Ayni paytda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomida turibdi.
Mustaqil jurnalist Yusuf Ro’zimirodovning ta’kidlashicha, Shavkat Mirziyoyevning hali saylovdagi g’alabasi e’lon qilinmasdan Rossiyaga rejalangan davlat tashrifi haqida mulohaza yuritish mamlakat qonunchiligiga bepisandlikdir.
“Bu taklif qaysi tomondan chiqqaniga qaramasdan - O’zbekiston qonunchiligiga nisbatan hurmatsizlik. Prezident Mirziyoyev hali saylovda g’alaba qilgani yo’q, saylovchilar bilan uchrashuvlarda esa nafaqat ikkinchi muddatiga oid va’dalar berayotgani, hatto 2030-yilga doir rejalar haqida gapirayotgani kuzatiladi. Bu ma’lumotni Rossiya tomoni taqdim qilayotgan bo’lsa, buni Mirziyoyevni qo’llash uchun qilingan tashviqot deyish mumkin, lekin bundan qat’i nazar bu qonunlarga nisbatan bepisandlik. Gap saylovda g’olib chiqqan O’zbekiston prezidenti emas, Shavkat Mirziyoyev haqida ketmoqda”, - deydi jurnalist.
Prezident Mirziyoyev hali saylovda g’alaba qilgani yo’q, saylovchilar bilan uchrashuvlarda esa nafaqat ikkinchi muddatiga oid va’dalar berayotgani, hatto 2030-yilga doir rejalar haqida gapirayotgani kuzatiladi.
Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga safari ancha vaqtdan buyon muhokama qilib kelinadi. Matbuotda ko’plab bitimlar va hujjatlar imzolanuvchi o’ta muhim uchrashuv sifatida taqdim qilingan bu tashrif avvalroq pandemiya cheklovlari bois boshqa muddatga qoldirilgan edi.
Noyabrga rejalangan tashrifdagi muzokaralar mavzusi hozircha tafsilotli emas, ammo O’zbekiston uchun jiddiy burilishlarga olib kelishi mumkin.
“Rossiyaning, Putinning bugungi kunda O’zbekistonga nisbatan eng asosiy geostrategik maqsadi mamlakatni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga to’laqonli a’zo sifatida qo’shish, shunga majburlash. Albatta, Mirziyoyev tashkilotga o’z ixtiyori bilan qo‘shiladi, lekin men buni O’zbekistonni majburlash deb tushunaman. Rossiya yetakchiligidagi bu tashkilot salmog’ini oshirish uchun unga O’zbekiston kabi strategik ahamiyatga ega mamlakatni qo’shish o’ta zarur. Buni Rossiyada juda yaxshi bilishadi, shundan kelib chiqib harakat qilinmoqda. Mirziyoyevning saylovdagi g’alabasi ortidan Rossiyaga davlat tashrifi bilan taklif qilinishning asosiy maqsadi ham shu. Bu juda katta xato bo’ladi. Afsuski, Mirziyoyevda davlat mustaqilligi, suvereniteti tushunchasi unchalik kuchli emasdek, chunki bu ittofoqqa a’zolik davlat mustaqilligi uchun juda qimmatga tushadi”, - deydi Yusuf Ro’zimurodov.
O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi jamoatchilikda o’ta qizg’in munozaralarga sabab bo’lgan mavzulardan hisoblanadi. Aksariyat ziyolilar Rossiya yetakchiligidagi bu tashkilotga qo’shilishni mamlakat mustaqilligi uchun, xususan, tashqi siyosiy faoliyat uchun ham xatarli bo’lishidan ogohlantirib kelishadi.
Jamoatchilikdagi bu xavotirlar iqtidordagi hukumat tomonidan ham e’tirof etilgan, so’nggi paytga kelib Yevrosiyo ittifoqiga kuzatuvchi davlat maqomida qo’shilish bilan cheklanildi.
Shundan buyon O’zbekiston rahbariyati tashkilot doirasidagi tadbirlarda ishtirok etib kelmoqda. Yevrosiyo ittifoqiga qo’shilishning mamlakatga keltiradigan foyda, zararlarini o’rganishi ortidan o’z qarorini e’lon qilishini bildirgan.
Katta ehtimol bilan Shavkat Mirziyoyevning noyabr oyida Rossiyaga kutilayotgan davlat tashrifi bu qaror e’lon qilinishi uchun qulay fursat bo’ladi.