Afg’oniston gumanitar va iqtisodiy inqiroz bilan yuzlashar ekan, “Katta yigirmalik” davlatlari virtual anjuman o’tkazib, mamlakatga yordam ko’rsatish va xavfsizlik masalalarini muhokama qilmoqchi.
Sammit bugun o’tkaziladi. Unga Italiya Bosh vaziri Mario Dragi mezbonlik qilmoqda. Anjumanda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, AQSh Prezidenti Jo Bayden, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi hamda “Katta yigirmalik”ka kiruvchi Yevropa davlatlari yetakchilari ishtirok etadi.
Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo’yicha mas’ul rasmiysi Jozep Borrel ittifoqning vazirlar darajasidagi yig’inida Afg’onistondagi iqtisodiy va gumanitar vaziyat qulash arafasida ekanini aytib, mamlakatga yordam berilishini ma’lum qildi.
“Gumanitar falokatning oldini olish uchun Tolibonni tan olmagan holda afg’on xalqiga to’g’ridan to’g’ri yordam ko’rsatishga qaror qildik. Afg’oniston bo’yicha o’z tamoyillarimizga sodiq qolgan holda yordamni ko’p tomonlama hamkorlarimiz orqali yetkazamiz”, - dedi Borrel.
Tolibon mamlakatda nazoratni qo’lga kiritishidan oldin Afg’onistondagi davlat xarajatlarining 75 foizi xalqaro yordam hisobiga bo’lgan. Kobul Tolibonga o’tishi ortidan xalqaro tashkilotlar va hukumatlar bu yordamni to’xtatib qo’ydi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning aytishicha, Afg’onistonda banklar ishlamayapti hamda sog’liqni saqlash va boshqa muhim xizmatlarni taqdim etuvchi markazlar ko’plab joylarda o’z faoliyatini to’xtatgan. Mamlakat aholisining yarmini o’z ichiga oluvchi gumanitar inqiroz yaqinlashmoqda, deya ogohlantirdi BMT yetakchisi.
“Tolibonni deb afg’on xalqi ommaviy tarzda jazolanmasligi kerak”, - deya qo’shimcha qildi Guterrish.