Prezident Jo Bayden Janubiy Kaliforniya sohillarida to’planib qolgan yuk kemalarini tezroq o’tkazish uchun Los-Anjeles portida 24 soatlik ish tashkil qilinishini e’lon qildi. Mutaxassislar fikricha, yuk tashish bilan bog’liq bu muammo global ta’minot tizimidagi uzilishlar va talabning ortishi bilan bog’liq.
AQShda Osiyodan import qilingan tovarlarga ehtiyoj ortib borar ekan, sohilda ko’plab kemalar yuklarning tushirilishini haftalab kutib qolmoqda.
“Osiyodagi zavodlar rekord darajada buyurtma olmoqda, ammo shunda ham Amerikadagi buyurtmachilar talabini qondira olmayapti. Trans-Tinch okeani bo’ylab kemalarimiz miqdorini 30 foizga oshirdik. Shunda ham ba’zi yuklar qolib ketyapti”, - deydi Los-Anjeles porti direktori Jin Seroka.
Xitoyda ba’zi zavodlarda elektr uzilishi kuzatilmoqda. Ayni paytda butun dunyodan buyurtmalar miqdori oshgan. Janubiy Kaliforniya sohilidagi portni qariyb 30 ta kema band etgan. Sohil yaqinida yana bundan ikki barobar ko’p kema navbatini kutib turibdi.
Osiyodan kiyim-kechak va boshqa tovarlarni import qiluvchi “Golden Grove” savdo kompaniyasi bayram mavsumi arafasida yuk tashish xarajatlari keskin oshib ketganini aytadi.
“Shanxaydan 12 metrli konteynerni tashish 2500 dollar edi. Bugun xuddi shu yuk uchun 16, 17 yoki 18 ming dollar to’layapmiz”, - deydi kompaniya rahbari Yung Shulz.
Buni ham ko'ring AQSh-Xitoy aloqalari: o'zgarishlardan foyda va zarar ko'radiganlar borLos-Anjeles va Long-Bich portlarida yukni tushirishga avvalgidek bir necha kun emas, balki haftalar ketmoqda.
“Bu ikki portdan AQShga dengiz orqali keladigan hamma yukning 40 foizi o’tadi”, - deydi Jahon Savdo markazi Los-Anjeles bo’limi rahbari Stiven Chang.
Omborlar to’la, temiryo’llar tiqilinch, kovid tufayli yuk haydovchilari yetishmayapti. Butun mamlakatda shu muammo.
“E’tibor, asosan, Janubiy Kaliforniyadagi portlarga qaratilyapti, chunki biz eng kattasimiz. Lekin Sietl, Takoma, Okland, Savannadagi portlarda ham yuk kemalari to’planib qolyapti”, - deydi Seroka.
Butun tizim yordamga muhtoj.
“Bitta biznes ko’p narsa qila olmaydi. Bizga hukumat yordami kerak, hamma yordami berishi kerak”, - deydi Shulz.
Prezident Jo Bayden portlarni kengaytirishni o’z ichiga oluvchi infratuzilma byudjetini o’tkazish uchun Kongress bilan olishmoqda. Bu orada “Walmart” kabi ba’zi kompaniyalar o’z yukini qatnov kam bo’lgan soatlarda qabul qilishga rozi bo’lgan.
Ko’plab xalqaro portlar kechayu-kunduz ishlamoqda. Shu narsa va AQShdagi ta’minot tizimini to’g’ri yo’lga qo’yish muammoni yechishga yordam beradi, deydi ekspertlar.
Kaliforniya universiteti tadqiqotchisi Kristofer Tengga ko’ra, bizneslar va hukumat birga reja islab chiqishi kerak.
“Quyidagi masalalar hal qilinishi kerak. Kelajakda ham import bizga kerakmi? Qachongacha, qancha miqdorda? Yoki ba’zi ta’minot tizimining bir qismini AQShning boshqa hududlari yoki Meksika va Kanada orqali qilamizmi? Bu endi yana bir boshqa masala. Shularni aniqlab olganimizdan keyin yaxshiroq infratuzilma rejasini ishlab chiqishimiz mumkin”, - deydi ekspert.
Tengning aytishicha, sohildagi tiqilinchni hal qilish birinchi qadam. Undan keyin AQSh iqtisodiyotining kelajakdagi ehtiyojlariga mos infratuzilmani qayta qurish kerak, deydi u.