Tolibon hokimiyat tepasiga kelganidan beri xotin-qizlarga uyda o’tirish buyurildi.
Kobulda kafe ochgan tadbirkor Mina Rizoi yaqinda Parijga qochdi. Ayol kafeni yopishdan boshqa iloji qolmaganini aytadi.
“Kafe ishini davom ettirishdan qo’rqdim. Tolibon kelib, ishchilar va mijozlarga hujum qilishi mumkin edi. Shuning uchun yopishga majbur bo’ldim, ishni davom ettira olmasdim”, - deydi tadbirkor.
Rizoining aytishicha, besh xodimi ayol bo’lgan. Hozir ular ishsiz, uyda.
“Hozirgi vaziyat tashvish keltirdi. Tadbirkor ayollarning kelajagi yorug’ deb o’ylamayman”, - deydi yana bir afg’onistonlik tadbirkor Hasina Zaifiy.
Afg'oniston Ayollar savdo-sanoat palatasiga ko’ra, Tolibon mamlakatni qo’lga olgandan so’ng ko’pgina ayol tadbirkorlar o’z biznesini yopdi.
“Turli kanallar orqali Tolibon rahbariyatiga chiqishga harakat qilmoqdamiz, biznesda ayollarning erishgan yutuqlari haqida aytamiz, ularga ishga qaytishga ruxsat berish qanchalik muhimligini tushuntiramiz. Chunki mamlakatdagi 57 mingdan ortiq rasmiy va norasmiy bizneslar ayollar uchun 130 ming ish o’rinlarini yaratdi. Tolibon va mamlakatdagi har bir kishi ularga ishga qaytishga ruxsat berish qanchalik muhimligini bilishi kerak”, - deydi Afg'oniston ayollar savdo-sanoat palatasi vakili Manija Vofiq.
Your browser doesn’t support HTML5
2007-yildan beri Afg’onistonda tadbirkor ayollar o’rtasida trening o’tkazib keladigan Terri Niz xalqaro hamjamiyatni yordamga chaqirmoqda.
“Bu ayollarning ko’pi onlayn savdoni yo’lga qo’ymoqchi. Bu qo’limizdan keladi. Buni Afg’onistondan ham, AQShdan ham turib amalga oshirishimiz mumkin”, – deydi Ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish instituti mutaxassisi.
Tolibon ayollar huquqlarini ta’minlashga va’da bergan bo’lsa-da, hozircha mehnat qilishi va o’rta ta’limni davom ettirishiga cheklovlar qo’ygan. Xalqaro hamjamiyat esa Tolibonni va’dalarini bajarishga undamoqda.