Breaking News

Afg'oniston: Ayrim ayol jurnalistlar efirdan chetlatilganini aytmoqda


Afg’oniston davlat teleradiosida ishlaydigan kamida ikki ayol jurnalist Tolibon ularga ishlash uchun ruxsat bermayotganini aytmoqda. Toliblar 15-avgustda Kobulga kirib kelganidan buyon davlat agentliklari, jumladan matbuotni o’z nazoratiga olgan.

Afg’oniston Milliy teleradiosi (MTR) jurnalistlari ishga yetib kelganida ba’zi ayollarga binoga kira olmasliklari aytilgan.

“Hujjatim borligiga qaramay meni kiritishmadi. Hujjati bor erkaklar kirib ketdi, lekin menga tizim o’zgargani, vazifalarimni bajara olmasligimni aytishdi”, - deydi Shabnam Xon Davron internetga qo’yilgan videoda.

Yana bir jurnalist Xadicha Amin ham eshikdan orqaga qaytarilgani, keyinchalik bir necha hamkasblari ham binoga kira olmaganini aytadi.

Amin Tolibon MTRga tayinlagan yangi direktor bilan gaplashgan. Direktorning aytishicha, deydi u, ayollar ishlay olishi yoki olmasligi borasida yaqin orada qaror qabul qilinadi.

Aminga ko’ra, MTR dasturlariga o’zgartirishlar kiritilgan va “ayol boshlovchilar yo’q”.

“Afsuski, Tolibon davriga qaytayapmiz. Hamkasblarim taqdiridan xavotirdaman”, - deydi MTR sobiq xodimi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. U ismini oshkor etmaslikni so’radi.

Tolibon hokimiyatni qo’lga kiritganidan keyingi birinchi matbuot anjumanida xotin-qizlar huquqlari shariat qonunlari doirasida hurmat qilinishini aytgan edi. Guruh so’zlovchisi ham OAV xolis bo’lsa va birdamlikni targ’ib qilsa, erkin faoliyat yurita olishini ta’kidlagan.

Qandahordagi "Merman" radiostansiyasi, 29-sentabr, 2020
Qandahordagi "Merman" radiostansiyasi, 29-sentabr, 2020

Ammo ko’plab jurnalistlar va media tashkilotlar bezovta. Germaniyaning “Doyche Velle” (Deutsche Welle, DW) yangiliklar xizmati xabar berishicha, toliblar shu hafta uning muxbirlaridan birini qidirib, qarindoshini o’ldirgan.

“Bu qotillik aql bovar qilmaydigan darajada fojiali va barcha xodimlarimiz va ularning oilalari Afg’onistonda jiddiy xavf bilan yuzlashayotganidan dalolat”, - deydi “Doyche Velle” bosh direktori Piter Limburg.

Tolibon DW jurnalistining qarindoshi o’ldirilishi yoki ayol jurnalistlar ishlay olmayotgani haqidagi xabarlarni izohlagani yo’q. Ular avvalroq jurnalistlar xususiy OAVda faoliyat yuritishi mumkinligini, lekin davlat telekanallarini Tolibon boshqarishini bildirgan edi.

Dasturlarda o’zgarish

MTR o’nlab radio va telekanallarga ega. Kobuldan tashqari 32 viloyatda faoliyat yuritadi. Tolibon stansiyalar nomini “Shariat Ovozi” deb o’zgartirgan. Guruh 1990-yillarda boshqargan radiostansiya nomi ham shunday edi.

Hilmanddagi jurnalistlardan biri mahalliy stansiya “Shariat Ovozi” deb yuritilayotgani, asosan Tolibonga aloqador yangiliklarni yoritayotganini tasdiqladi. Xodimlarga Tolibon ko’rsatmalari asosida faoliyat olib borish buyurilgan.

Suhbatdosh so’zlariga ko’ra, stansiyada endi ayol boshlovchilar yo’q, efirda ayollarning ovozini ham eshitmaysiz.

Xususiy telekanallarda esa ayol jurnalistlar faoliyatini davom ettirmoqda. 17-avgust kuni “Tolo News” telekanalida ayol jurnalist Tolibon rasmiysidan intervyu olgani ko’pchilik tomonidan misli ko’rilmagan holat deya baholandi.

YUNESKO Bosh direktori Odri Azulay Afg’onistonda so’z erkinligi va jurnalistlar xavfsizligini ta’minlashga chaqirmoqda.

“Hozirgi muhim bir pallada hech kim o’z fikrini bildirishdan qo’rqmasligi kerak. Barcha jurnalistlarning, jumladan ayollarning xavfsizligini kafolatlang”, - deydi Azulay.

Xalqaro tashkilotga ko’ra, o’tgan 20 yilda "erishilgan yutuqlar yo’qqa chiqmasligi, xususan ayol jurnalistlar ishini davom ettira olishi darkor”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG