Breaking News

Tolibon bilan muzokara: So’z erkinligi bobidagi yutuqlar boy berilishi mumkin


Kobul-Tolibon muloqoti – afg’on jurnalistlar nima deydi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:29 0:00

Qatarda AQSh-Tolibon kelishuvi imzolanganidan qariyb uch oy o’tib, Afg’onistondagi jurnalistlar va matbuot erkinligi tarafdorlari Kobul va jangarilar o’rtasida rejalangan muzokaralarda qatnashish imkonidan mahrum ekanini aytmoqda. Tahlilchilarga ko’ra, so’z erkinligi bobida yaqin yillarda qo’lga kiritilgan yutuqlar boy berilishi mumkin.

Qariyb 20 yillik urush mobaynida afg’on jurnalistlari tarixiy yutuqlarni qo’lga kiritgan. Xalqaro qo’shin Tolibon tuzumini tugatganidan keyingi davrda, 2001-yildan buyon mamlakatda yuzlab axborot vositalari ishga tushdi.

Biroq bugun ko’plab jurnalistlar va oddiy aholi vakillarining xavotiri shuki, matbuot erkinligiga aniq ta’rif berilmagan holda o’tkazilajak tinchlik muzokaralari yutuqlarni yo’qqa chiqarishi mumkin.

Nargis Xorush uning jurnalist sifatida ishlash huquqi Kobul va Tolibon o’rtasidagi muloqot natijasida olib qo’yilishidan qo’rquvda.

“Tinchlik istaymiz, lekin burqa kiyish yoki hozirgi so’z erkinligi tortib olinishi evaziga emas. Tolibon tushunishi kerakki, barcha afg’onlar, erkak va ayollar birdek erkin bo’lishga haqli”, - deydi u.

AQSh hujumidan oldin Tolibon harakati televideniye va filmlarni taqiqlagan. Radio “Shariat ovozi” deb nomlanib, unda islomiy tashviqot olib borilgan. Ayollarga ishlash va o’qishga ruxsat berilmagan.

So’nggi yillarda harakat yana kuchga to’ldi. Hisoblarga ko’ra, ular Afg’oniston hududining 70 foizida faoliyat olib boradi. 2016-yilda hukumat shuncha hududni nazorat qilardi.

Kobuldagi “1TV” kanali direktori Hamid Haydari xavotirini yashirmaydi.

“Tolibon nima xohlashini bilmaymiz. Agar ular Afg’oniston hukumati bilan kelishuvga erishsa, mamlakat ommaviy axborot vositalarini nima kutmoqda? Toliblar biz matbuot erkinligini qabul qilamiz deyishmoqda, ammo qanday erkinlik nazarda tutilayotgani bizga qorong’i. Tolibon joriy etmoqchi bo’lgan shariat qonunlari asosida so’z erkinligi haqida gap ketayotgan bo’lishi mumkin”, - deydi Haydari.

Joriy yilning fevral oyida Qatar poytaxti Doxada Qo’shma Shtatlar va Tolibon bitim imzolab, Amerika qo’shinlarini 14 oy ichida Afg’onistondan olib chiqishga kelishilgan. O’shanda faqat shariat qonunlariga mos bo’lgan matbuot erkinligi ma’qullanishi aytilgan edi.

“Pajvok” axborot agentligi direktori Donish Karoxil fikricha, ko’plab erkinliklar boy berilishi mumkin.

“Bir qancha murakkab mavzular muhokamaga qo’yilishi lozim. Masalan, jurnalistika sohasida ishlayotgan xotin-qizlar masalasida Tolibonning e’tirozlari bo’lishi mumkin. Jamoatchilik va xalqimiz uchun bu qanchalik muhimligini ularga tushintirishimiz kerak. Afg’on ayollarining mavqeini ko’tarish muhim. Ular hamma qatori o’z xohishlarini bildirishga, talablarini olg’a surishga haqli”, - deydi agentlik rahbari.

Afg’on Jurnalistlari xavfsizligi qo’mitasi prezidenti Najib Sharifi toliblardan matbuot erkinligi bo’yicha kafolat olinmayotgani va muzokarada jurnalistlar qatnashmayotgani uchun hukumatni tanqid qiladi.

“Birinchidan, muzokarada qatnashish uchun ommaviy axborot vositalaridan biror vakil tayinlanmagan. Shuning o’zi tashvish uyg’otadi. Ikkinchidan, Tolibon bilan shu paytgacha bo’lib o’tgan uchrashuvlarda matbuot va so’z erkinligi himoyasi hukumat muzokarachilari tomonidan “qizil chiziq” sifatida muhokama qilinmagan”, - deydi Sharifi.

Afg’on rasmiylarining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, matbuot erkinligi himoyasi albatta muzokara kun tartibidan o’rin oladi.

“Matbuot va so’z erkinligi, jumladan, Afg’onistonda axborot vositalarining erkin faoliyati hukumatning so’nggi 19 yildagi eng katta yutuqlaridan biridir. Tolibon bilan muloqotda bu albatta hisobga olinadi”, - deydi Axborot va media markazi rahbari Firuz Bashari.

So’nggi 19 yilda qo’lga kiritilgan yutuqlarga qarasmasdan, Afg’onistonda jurnalistlar o’lim tahdidi ostida faoliyat yuritmoqda. Halok bo’lganlari ham oz emas. Jurnalistlar xavfsizligi qo’mitasiga ko’ra, 2001-yildan beri 60 nafari o’ldirilgan. Mamlakat kelgusi yillarda bu kasb egalari uchun xavfsizroq bo’lishi ham aniq emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG