2021-yil oxirigacha AQSh va Xitoy prezidentlari virtual uchrashuv o’tkazishga kelishib olgan. Bu muloqot Vashington va Pekin o’rtasidagi bir qator ziddiyatli masalalarga oydinlik kiritishi kutilyapti.
Ba’zi tahlilchilar fikricha, uchrashuv ziddiyatlarni yumshatadi. Boshqalar esa bunday umidvor bo’lishga hali erta ekanini aytmoqda.
6-oktabr kuni Oq uyning Milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sullivan Xitoy Kommunistik partiyasi siyosiy byurosi a’zosi hamda Tashqi ishlar bo’yicha Markaziy komissiya idorasi rahbari Yan Tzechi bilan Shveysariyaning Syurix shahrida olti soatlik uchrashuv o’tkazgan.
Bu mart oyida o’tgan ikki kunlik muloqotdan beri ularning ilk bor qayta ko’rishishi. Uchrashuvda Shinjon, Gonkong, Tibet va Tayvandagi vaziyat hamda kiberxavfsizlik masalalari ham ko’tarilgan.
Har ikki tomon Syurixda o’tgan yig’inni samimiy va samarali deya baholagan. Yil oxirigacha davlat rahbarlari virtual muloqot o’tkazishi haqida shu yerda kelishilgan.
Ikki davlat yetakchilari so’nggi bor rasmiy ravishda 2017-yilda, sobiq prezident Donald Tramp Pekinga tashrif buyurganda ko’rishgan edi. Tomonlar 2019-yil Yaponiyaning Osaka shahrida o’tgan “Katta yigirmalik” sammitida ham norasmiy muloqot qilgan.
Vashingtonda joylashgan AQSh Tinchlik instituti tahlilchisi Karla Frimenning aytishicha, Xitoy va AQSh o’rtasidagi o’zaro aloqalarni yaxshilashning eng maqbul yo’li iqtisodiy ziddiyatlarni hal qilishdan boshlanadi.
Buni ham ko'ring AQSh Xitoy bilan "ochiqchasiga" gaplashib olmoqchiSingapur Milliy universitetida tadqiqot olib borayotgan Dryu Tompsonning aytishicha, tomonlar munosabatlarida iliqlashuvning paydo bo’lishi ehtimoli yuqori emas.
“Har ikki tomon o’z manfaatlarini olg’a suryapti va bu manfaatlar hamda siyosiy maqsadar bir-biri bilan uyg’un emas”, - deydi u.
Tompsonning qayd etishicha, Si Zinpin AQSh-Xitoy aloqalarini yaxshilashga emas, balki Xitoyning milliy yuksalishiga e’tibor qaratmoqda. Pekin olib borayotgan siyosat ko’plab sohalarning AQShdan mustaqil tarzda taraqqiy etishini ta’minlashga qaratilgan, deydi u.
Buni ham ko'ring AQSh-Xitoy aloqalari: o'zgarishlardan foyda va zarar ko'radiganlar borAQSh esa, deydi Tompson, Xitoy bilan aloqa xavfli darajada beqarorlashishining oldini olishni hamda iqtisodiyotni rivojlantirishni istaydi.
Tompsonning qo’shimcha qilishicha, Si “Katta yigirmalik”ning navbatdagi iqtisodiy forumida hamda AQShning iqlim o’zgarishiga oid konferensiyasida qatnashmoqchi emas. Bu uning aosiy e’tiborni ichki siyosatga qaratganini hamda tashqi siyosat hozir u uchun muhim emasligini ko’rsatadi, deydi tadqiqotchi.
Karla Frimenning aytishicha, Bayden ma’muriyati Trampning Xitoyga oid strategik xavotirlarini bildirishda davom etmoqda.
Agar ikki mamlakat birga ishlay oladigan umumiy tip topishsa, o’zaro aloqa strategik hamkorlikka aylanishi mumkin, deya qo’shimcha qiladi u.
Ammo, deydi u, Tayvan, Gonkong va Shinjon masalasida ziddiyatlar davom etadi.