Charchoq, parishonxotirlik, yurak va nafas olishdagi qiyinchilik – bular koronavirusga chalingan bemorlarda sog’aygandan keyin ham davom etadigan ba’zi muammolar. Olimlar kasallikning uzoq muddatli asoratlarini hanuz o’rganmoqda.
Ko’plab odamlar koronavirus asoratlari hanuz batamom yo’qolmaganidan shikoyat qilmoqda.
“FAIR Health” nodavlat tashkiloti hisobotiga ko’ra, virus yuqtirganlarning 15-20 foizida bir necha oy o’tgandan keyin ham simptomlar bo’y ko’rsatishda davom etadi.
14 yoshli Siana bir yilcha oldin koronavirus yuqtirgan.
“Hid bilish qobiliyatim qaytdi, lekin u o’zgarib turadi. Oddiy ovqatlar xuddi kuygan rezinaning isiga o’xshaydi. Bu g’alati hid”, - deydi Siana.
Doktorlar bu holatni “uzoq davom etadigan kovid” deb atamoqda. Jahon Sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra esa, bular “post-kovid” simptomlari.
“Bu holat koronavirus yuqtirgan ba’zi odamlarda uch oy o’tgandan keyin yuz bermoqda. Simptomlar kamida ikki oy davom etadi va ularning aniq tashxisi yo’q”, - deydi Jahon Sog’liqni saqlash tashkiloti rasmiysi Janet Diaz.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi yo’tal, bosh og’rig’i, nafas olishdagi qiyinchilik, xronik toliqish kabi 18 ta simptomni aniqlagan.
“Charchoq eng ko’p uchraydigani. U ko’pincha parishonxotirlik bilan keladi. Ya’ni diqqatni yig’ishda qiyinchiliklar bo’ladi”, - deydi doktor Linda Jeng.
Jeng Stenford universiteti klinikasida koronavirusga chalingan sobiq bemorlar bilan ishlaydi.
U simptomlarning qanchalik koronavirusga aloqador ekanini o’rganadi.
“Simptomlarning koronavirusdan avval bo’lmagani hamda sog’liqda undan boshqa jiddiy o’zgarishlar yuz bermagani o’rtasida bog’liqlik bor. Demak, bu simptomlarning koronavirusdan boshqa sababi yo’q”, - deydi shifokor.
AQSh bo’ylab koronavirus asoratlari bilan shug’ullanadigan markazlar soni ko’paymoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda bunday bemorlarga yordam beruvchi maxsus guruhlar ham tashkil etilgan.
Ekspertlar fikricha, bemorlarda tushkunlik, kayfiyat o’zgarishi va bezovtalik ham ko’p uchramoqda.
Sobiq hamshira Leni Bondning aytishicha, uning yordam guruhiga har hafta 1500 odam qo’shilmoqda.
“Biz bemorlarning bilimini oshirishga e’tibor qaratyapmiz”, - deydi u.
AQSh Sog’liqni saqlash milliy instituti koronavirusdan keyingi simptomlarni o’rganish va ularga davo topish maqsadida 470 million dollarlik loyiha boshlagan.