Breaking News

Tadqiqot: vaksinalar millionlab inson hayotini saqlab qolgan


Afg'onistonlik bola poliomielitga qarshi vaksina olmoqda, Kobul, Afg'oniston, 2006-yil, 5-mart
Afg'onistonlik bola poliomielitga qarshi vaksina olmoqda, Kobul, Afg'oniston, 2006-yil, 5-mart

Yaqinda o’tkazilgan yangi tadqiqot natijalariga ko’ra, yuqumli kasalliklarga qarshi vaksinalar shu paytgacha millionlab odamning hayotini saqlab qolgan. Olimlar o’tgan 20 yil ichida 112 davlatda 10 yuqumli kasallikka qarshi olib borilgan emlash ishlarini o’rgangan. Tadqiqot natijalarining ko’rsatishicha, vaksinalar orqali 50 million odamning hayoti saqlab qolingan. Ularning aksariyati bolalar.

Tadqiqotda qizamiz, gepatit B, inson papillomavirusi va sariq bezgak kabi kasalliklar o’rganilgan.

“Agar 2019-yildan keyingi davrni ham hisobga oladigan bo’lsak, yana 47 million odamning hayoti saqlab qolinganini ko’rishimiz mumkin. Juda katta raqamlar. Biz ko’rsatmoqchi bo’lgan narsa shuki, vaksinalar ishlaydi. Vaksinalarning kelajak uchun uzoq muddatda katta foydalari borligiga e’tibor qaratmoqchimiz”, - deydi Londondagi Imperial kolleji izlanuvchisi, tadqiqot mualliflaridan biri Keyti Geytorp.

Vaksinalarning kasalliklarni to’xtatishdan boshqa foydalari ham bor.

“Agar odamlar vaksina tufayli kasallik yuqtirmasa, demak, sog’liqni saqlash tizimiga kasallar ozligi tufayli bosim kamayadi. Bu degani, boshqa odamlarni, boshqa kasalliklarni davolash mumkin”, - deydi tadqiqotchi.

Koronavirus pandemiyasi vaksina dasturlariga salbiy ta’sir qilmoqda. Emlanishlar soni kamayishi mumkin.

“Nafaqat sog’liqni saqlash tizimi odam ko’pligidan zo’riqib ishlamoqda, balki ixtiyoriy vaksina olib kelganlar ham endi vaksinalarni o’z vaqtida olgani bormayapti”, - deydi Geytorp.

Jahon Sog’liqni saqlash tashkiloti emlash bo’yicha 2030-yilgacha qilinadigan ishlar dasturini e’lon qildi. Maqsad vaksina dasturlarini yana izga tushirish va ko’proq odam emlanishini ta’minlash.

“Bu dastur asosida muhim vaksinalarni olmayotgan bolalar sonini yarmiga kamaytirish, qashshoq va o’rta darajadagi davlatlarda yana 500 ta yangi yoki yetarli darajada ishlatilmayotgan vaksinalarni joriy qilish maqsad qilingan”, - deydi Jahon Sog’liqni saqlash tashkiloti rasmiysi Keyt Obrayn.

Olimlarning aytishicha, millionlab odamlar hayotining saqlab qolingani zamonaviy tibbiyot qanchalar rivojlanganini hamda pandemiyaga qaramay, barcha vaksina dasturlarini davom ettirish zarurligini ko’rsatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG