1918-yil 1-Jahon urushining tugashi nishonlangan kun AQShda Veteranlar kuni sifatida federal bayram qilib belgilangan. Har yili shu kuni mamlakat uchun turli urushlarda jonini bergan askarlar xotirlanadi. Bu yil Veteranlar kunida ilk bor Afg’onistondagi urushning tugashi esga olinadi. Bu urushda 750 mingdan ortiq amerikalik askar qatnashdi, ularning 2400 tasi halok bo’ldi. “Amerika Ovozi” Afg’onistonda farzandi halok bo’lgan amerikalik onalardan biri bilan suhbatlashdi.
Denis Uilyams Illinoys daryosi qirg’og’ida bunyod etilgan Yaqin Sharq Mojarolari xotira devoriga tez-tez kelib turadi.
“Bu yodgorlik 1967-yildan beri Yaqin Sharqdagi barcha mojarolarda halok bo’lganlarning nomini o’z ichiga olgan. 1967-yilgi Arab-Isroil urushida uch askarimizni boy berganimizni odamlar unutgan. Mogadishudagi “Blek Xouk” hodisasi qurbonlari ham shu yerda. Nafaqat 11-sentabrdan keyingi davr, balki barcha Yaqin Sharq mojarolari qamrab olingan”, - deydi Ulyams.
Devordagi nomlar orasida Uilyamsga eng qadrdon bo’lgan bir ism bor. Bu – uning o’g’li Endryu Miri.
“Bu yodgorlik menga o’limni emas, balki hayotni eslatadi. Bizdagi hamma narsa shu ismlar, ularning hayoti evaziga sotib olingan. Buni eslash, sharaflash va qadrlash kerak”, - deydi u.
Endryu Miri AQSh armiyasining 101-Havo diviziyasi tarkibida janubiy Afg’onistonda xizmat qilgan. 2010-yil u turgan joy yaqinida mototsiklga o’rnatilgan bomba portlashi oqibatida halok bo’lgan.
O’sha kuni bu voqeaga guvoh bo’lganlar orasida serjant Felipe Pereyra ham bor.
“Tepalikdan yugurib tushib bordim va askar Miriga yo’liqdim. U menga qarab, nimadir aytdi. “U o’ldi, halok bo’ldi”, dedi” - deya eslaydi serjant.
Endryu Miri 2010-yil 11-noyabr - Veteranlar kunida Illinoysdagi qabristonga dafn etildi. O’shanda 21 yoshda edi. U 2001-yildan beri Afg’onistondagi urushdan qaytmagan 2400 askardan biri.
Miri halok bo’lishidan bir necha hafta oldin kelib, onasi bilan ko’rishgan edi. O’sha paytda ham og’lim vatanni terrorchilardan himoya qilish oliy maqsadi ekanini aytgan edi, deya eslaydi Uilyams.
“Agar biz ular bilan u yerda olishmasak, vatanimizda jang qilishimizga to’g’ri keladi, deb aytgan edi. U qilayotgan ishiga ishongan; to’g’ri ish qilayotganiga shubhasi bo’lmagan”, - deydi ona.
Uilyams Afg’onistondagi missiya muvaffaqiyatli amalga oshganiga ishonadi. O’g’lining o’limidan bir yilcha vaqt o’tib, Usoma Bin Laden o’ldirildi.
“Afg’onistonda yana boshqa ko’p yaxshi ishlar qilindi, lekin urush bu haqda emas edi, askarlar buning uchun kurashmadi. Ular quduq qazimaydi, maktab qurmaydi. O’g’lim bu ishlarning ba’zilarida qatnashdi, lekin askarlar Afg’onistonga bu uchun bormagan”, - deydi u.
Uilyams bugun o’g’li urushda halok bo’lgan onalar uyushmasiga rahbarlik qiladi.
“Biz davlat formasini kiyishga qaror qilgani uchun halok bo’lgan farzandlarning onalarimiz”, - deydi u.
Afg’onistondagi urush nihoyasiga yetishi ortidan AQSh Veteranlar kunini nishonlar ekan, bu kun Uilyams uchun og’li dafn etilganining 11 yilligi hamdir. Yosh o’g’limning umri behuda ketmadi, deydi u.
“Shu savolni ko’p so’rashadi. Ona uchun farzand o’limini biror narsa bilan o’lchab bo’lmaydi. Bu aniq. Ammo mening o’g’lim afg’on xalqi uchun, qaysidir siyosiy partiya uchun kurashmadi. U faqat Konstitutsiya va ichgan qasami uchun jang qildi. Amerika uchun, Amerika xalqi uchun kurashdi. Amerika jon berish uchun arziydi”, - deydi ona.