Rustam Inoyatovning Prezident maslahatchisi lavozimidan iste’foga chiqarilishi jamoatchilik orasida qizg’in muhokama qilingan voqeaga aylandi.
Inoyatov bu iste’fo ortidan ham senatorlik, ham daxlsizlik maqomini saqlab qolmoqda. Davlat maslahatchisi o’zgargani haqida xabar tarqatgan prezident matbuot xizmati Inoyatovning boshqa ishga o’tkazilganiga doir hozircha biror ma’lumot taqdim etmagan.
Davlat xavfsizlik xizmatini (sobiq MXX) uzoq yillar boshqargan Rustam Inoyatov mamlakatdagi eng qudratli shaxslardan biri sifatida ko’riladi. Islom Karimov o’limi ortidan Shavkat Mirziyoyevning hokimiyatga kelishida ham Inayotovning muhim rol o’ynagani aytiladi.
Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan Karimov davrida maxsus xizmatlarga, huquq-tartibot idoralariga cheksiz vakolatlar berilganini keskin tanqid qilib chiqqaniga qaramasdan, Rustam Inoyatovni qudratda ushlab qoldi.
Buni ham ko'ring Inoyatovning MXXdan ketishi nimani anglatadi?Inoyatov Davlat xavfsizlik xizmati raisligidan bo’shatilib, darhol senatorlik maqomini olgan, huquq-tartibot va nazorat idoralarini muvofiqlashtirish bo’yicha Prezident maslahatchisi lavozimiga tayinlangan edi.
Rustam Inoyatov senatorlik, prezident maslahatchisi maqomida ham jamoatchilik uchun yopiq qolayotgan, ammo mamlakatdagi ijtimoiy- siyosiy jarayonlarga jiddiy ta’sir o’tkazib kelayotgan qudratli figuralardan biri hisoblanadi.
Inoyatovning lavozimdan olinishi jamoatchilikda kadrlar siyosati yangilanayotganiga doir jiddiy muhokamalar qo’zg’ashiga qaramasdan, ekspertlar iste’foni Mirziyoyev hokimiyatini mustahkamlashga qaratilgan qaror o’laroq baholamoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
O’zbekiston hukumatidagi kadrlar siyosatiga doir qator surishtiruvlar o’tkazgan ekspert Safar Bekjonning ta’kidlashicha, Inotayovning ishdan olinishi ramziy, chunki u bu lavozimda ishlamagan.
“Bu shunchaki ramziy bir qaror, Inoyatov bu lavozimga tayinlanganda ham ishlamayotgan edi. Bundan tashqari, mendagi ma’lumotga ko’ra, Inoyatovning o’zi bir necha bor prezidentga ishdan ozod etish haqida ariza bilan murojaat qilgan. Ammo arizasi inobatsiz qoldirilayotgan edi. Bugunga kelib, uning iste’foga chiqarilgani rasman e’lon qilinmoqda. Bu e’londan maqsad Inoyatovga uning qudrati shubha ostiga olinishi mumkinligiga ishora berish, buni jamoatchilikka ham bildirib qo’yishdir. Inoyatov unga yaqin guruhlar va prezident Mirziyoyev hozirgacha hisoblashishga majbur qolayotgan kuchlardan biri edi. Albatta Inoyatovning lavozimdan ketishi uning, u bilan bog’liq siyosiy-iqtisodiy qudratning cheklanishini anglatmaydi. Bu iqtisodiy qudrat, nazoratni bo’lishish kerakligiga doir ishora. Inoyatov va Parpiyev oilasidan iborat guruhlarning mamlakat gaz, avtomobil sanoati ustidan o’rnatgan nazoratining o’zi anchagina jiddiy muammo”, - degan fikrda Safar Bekjon.
Your browser doesn’t support HTML5
Rustam Inoyatovning iste’fosi barobarida ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta amaldorlarning ishdan olinganiga doir turli tasdiqlanmagan xabarlar paydo bo’ldi. Bu xabarlarda amaldagi bosh vazir, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo’jayevlar haqida ham gap boradi. Ammo xabarlarning birortasi rasman tasdiqlangani yo’q.
Garchi bu tasdiqlanmagan xabarlar Mirziyoyevning ikkinchi muddat boshqaruvi uchun shakllantirishi kutilayotgan hukumat tarkibida bir qator amaldorlar bo’lmasligi, yangi hukumat yangi bosh vazir rahbarligida tashkil topishi, prezident kadrlar siyosatida jiddiy islohotlar qilishiga doir qarashlarga asos bo’lmoqda.
Safar Bekjonga ko’ra, prezident Mirziyoyevning kadrlar sohasida inqilobiy o’zgarishlar qilishiga doir qarashlar asossiz, o’zgarishlar faqat prezident hokimiyatini mustahkamlash maqsadida amalga oshirilishi mumkin.
“Mirziyoyev kadrlar siyosatida o’zgarishlarga qo’l urgan taqdirda ham, bu avvalo o’z hokimiyatini yanada mustahkamlashga, iqtisodiy negizlarga asoslanadi. Prezident oilasining mamlakat iqtisodi ustidan nazorati oshib borayotganini e’tibordan soqit qilish kerak emas. Katta ehtimol bilan yangi hukumat yangi bosh vazir bilan faoliyat boshlashi mumkin. Chunki Abdulla Aripov nafaqat prezident Mirziyoyevning, balki mamlakatdagi boshqa siyosiy qudratlarning manfaatlarini ham ifodalovchi nomzod edi. Jumladan, iste’fosi e’lon qilingan Inoyatovning ham. Xullas, ayrim amaldorlarning almashishi, ishdan olinishi prezident kadrlar sohasida inqilobiy o’zgarishlar qilmoqchi degani emas”, - deydi Safar Bekjon.
O’zbekiston qonunchiligiga ko’ra, hukumat rahbarligiga nomzod parlamentda kop’chilik ovozga ega siyosiy partiya tomonidan ko’rsatiladi. Mirziyoyev nomzodi iqtidorda bo’lgan O’zbekiston liberal demokratlar partiyasi tomonidan ko’rsatildi, amaldagi bosh vazir Abdulla Aripov nomzodi ham bosh vazirlikka shu partiya tomonidan taqdim etilgan edi.