Mirziyoyevning Rossiya safaridan nima kutish mumkin? 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev. Arxiv.

Shavkat Mirziyoyev saylovdagi g’alabasi ortidan amalga oshishi kutilgan Rossiya safarini boshlamoqda.

Avvalroq, hali O’zbekiston prezidenti saylovi yakunlanmasdan Rossiya matbuotida prezident Mirziyoyevning Moskvaga rasmiy tashrifi haqida e’lon berilishi ijtimoiy tarmoqlarda munozaralar qo’zg’agan edi.

Bu munozaralar ortidan Rossiya tomoni, xususan, prezident Vladimir Putin jamoatchilikka yana bir o’ziga xos bayonot taqdim etdi. O’zbekistonga kim prezident bo’lishini Markaziy saylov komissiyasi hisobotidan avval e’lon qildi. Putin prezidentlik saylovi g’olibi rasman noaniq qolayotgan bir paytda Shavkat Mirziyoyevni saylovdagi ishonchli g’alabasi bilan qutladi.

Buni ham ko'ring Mirziyoyev konstitutsiyaviy islohotda Rossiyadan andoza oladimi? 

Putinning muddatidan avval bergan bu bayonoti ijtimoiy tarmoqlarda norozilik uyg’otdi, raddiya bildirishga jur’at topmagan O’zbekiston hukumati ham tanqid ostida qoldi.

Prezident Mirziyoyevning 19-noyabr kuni Rossiyaga kutilayotgan tashrifi nafaqat muzokaralar, imzoga yig’ilgan keng qamrovli hujjatlar, balki bu tashrif atrofida kuzatilgan shu muhokamalar bilan ham diqqatli o’tishi ko’rinadi.

Rossiya matbuotida Shavkat Mirziyoyevning saylovdan keyingi birinchi xorij safari sifatida taqdim etilayotgan bu tashrifga O’zbekiston tomonidan biror maqom berilmagan.

O’zbekiston prezidenti matbuot xizmati 19-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyevning Rossiyada tashrif bilan bo’lishini ta’kidlash bilan kifoyalangan.

Rejalangan tadbirlar tashrif arafasida boshlangan. 18-noyabr kuni Rossiyada ikki mamlakatning hududlararo hamkorlik forumi bo’lib o’tgan, har ikki prezident forum ishtirokchilariga video murojaat yo’llagan.

Prezident Mirziyoyev o’z murojaatida Rossiyadan jalb qilingan sarmoya 10 milliard dollardan oshganini ta’kidlagan. Rossiyalik ishbilarmonlar uchun qulay sharoitlar yaratilishiga va’da bergan. Prezident Putin Rossiya O’zbekistonning asosiy iqtisodiy hamkori maqomida qolayotgani, ayni paytda qiymati 14 milliard dollar atrofidagi qo’shma loyihalar amalga oshirilayotganini aytgan.

Bu tadbir arafasida Rossiya va O’zbekiston xavfsizlik kengashi kotiblari uchrashib, mintaqa va Afg’onistondagi vaziyatni muhokama qilgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Vashington choyxonasi: Mirziyoyev prezidentligining so'nggi muddati

Prezidentlar uchrashuvi arafasida Moskvada Rossiya-O’zbekiston jurnalistlari ishtirokidagi media-forum ham tashkil etilgan. Unda O’zbekistonda Rossiya televideniyesi, axborot vositalari faoliyatini kengaytirish masalasi ham muhokama qilingani xabar qilinadi.

Rossiya matbuotida Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi davomida o’ta muhim bitimlar imzolanishiga urg’u berilayotgan bo’lsa-da, prezidentlar aynan nimani muzokara qilishi, qanday bitimlar ko’zda tutilayotgani haqida tafsilotli ma’lumotlar yo’q.

Sharhlovchilar prezidentlar uchrashuvida O’zbekistonda atom stansiyasi qurilishi taqdiriga oydinlik kiritish bo’yicha, rus tili mavqeyiga doir loyihalar, xavfsizlik, Afg’oniston masalasi borasida muzokaralar bo’lishini taxmin qilmoqda.

Mirziyoyevning Moskva safari arafasida jamoatchilikda O’zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi mumkinligiga doir xavotirlar yana tiklangani ham kuzatiladi.

Buni ham ko'ring Mirziyoyev saylovdagi g’alabasi haqida dastlab Putinga xabar berdimi?

Mustaqil jurnalist Yusuf Ro’zimurodovning ta’kidlashicha, bugun Rossiya uchun O’zbekistonni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shish masalasi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi doirasidagi hamkorlikdan ham ustun turibdi.

“Chunki O’zbekiston, ayniqsa, Afg’onistondagi voqealar ortidan shundoq ham Rossiya bilan harbiy hamkorlikka kirishib bo’ldi. KXSh harbiy mashg’ulotlarida qatnashmoqda. Rossiya harbiylari O’zbekistonga keldi. turli tadbirlar muntazam o’tkazilyapti. Shu bois, Moskva uchun harbiy ittifoq masalasi unchalik muhim emas. Moskva asosiy diqqatni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qaratgan. Bu ittifoqqa qo’shilish, tashkilot doirasidagi shartlarni qabul qilish haqiqatda O’zbekiston uchun, mustaqilligi uchun xavfli. Bu narsani hukumat yaxshi tushunadi, prezident Mirziyoyev Moskva takliflarini rad etishga iroda topadi deb umid qilaman. Yevrosiyo ittifoqiga qo’shilish nafaqat mamlakat iqtisodi, balki siyosati ustidan ham mustaqillikning qo’ldan berilishiga olib keladi. Shundoq ham, Rossiya ta’siri keskin oshgan, prezidentlik saylovlari davomida bunga guvoh bo’ldik. Saylov, prezidentga doir asosiy voqeliklar Rossiya OAV lari orqali jamoatchilikka sizdirildi”, - degan fikrda Yusuf Ro’zimurod.

O’zbekiston ayni paytda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga biror shart, vakolatlar yuklamagan kuzatuvchi davlat maqomida qo’shilgan. Ammo tashkilot tadbirlarida hukumat rahbari, prezident darajasida muntazam qatnashadi.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Rossiya matbuotiga bergan intervyusida O’zbekiston tashkilotga a’zo bo’lishning foyda va zararlarini o’rganishda davom etayotganini bildirgan edi.