Ogayoda o'zbekistonliklar jamiyati kengayib bormoqda

Your browser doesn’t support HTML5

Sinsinnatidagi o'zbekistonliklar jamiyati

Qo’shma Shtatlarda tarixan yirik shaharlarning rasmiy qatori o’zining xalqona nomlari bo’ladi. Masalan, Nyu-Yorkni shaharliklar o’zaro gaplashganda “Katta olma” deb tilga olishadi. Ogayo shtatidagi Sinsinnati shahrining ham xalq bergan nomi bor.

1788-yilda asos solingan Sinsinnati 18-asr boshida gurkirrab rivojlanishi, savdo va madaniyat markaziga aylanishi ortidan “The Queen City”, ya’ni shaharlar qirolichasi nomini olgan. Zamon o’zgargan bo’lsa-da, boy tarixiy merosga ega shahar aholisi bu atamani asrab keladi.

Sinsinnati shahar markazidan 35 chaqirim olisda bugunga kelib o’zbekistonlik immigrantlar yashaydigan mahallalar vujudga kelgan.

“Asosan samarqandliklar va toshkentliklar Sinsinnatida yashaydilar. Sharoiti yomon emas. “Trakchilar”ga (katta yuk mashinasi haydovchilari) qulay joy. Bizning odamlar asosan mehmonxonalarda ishlaydilar. Chunki bu atrofda mehmonxonalar ko’p. Masalan “Kings Island” bog’i tevaragida mehmonxonalar juda ko’p. Shuning uchun odamlarimizning ko’pchiligi shu atrofda yashaydi”, - deydi Husen Asliddinov.

Husen Asliddinov 10 yil oldin grin karta bilan AQShga ko’chib kelgan. Ogayo shtatining Sinsinnati shahri atrofida avval ijarada yashagan Husen ikki yil oldin o’z hovli-joyini sotib olgan. So’nggi yillarda, deydi u, unga o’xshab uy sotib olayotgan o’zbekistonlik oilalar ko’paygan.

Buni ham ko'ring AQShda elektron to'lov tizimi yaratgan o'zbekistonlik

Sinsinnatida O’zbekistondan kelgan o’zbekzabon, tojikzabon hamda rusiyzabon xalqlarni ko’p uchratish mumkinligini e’tirof etadi u.

Yangi qurilayotgan bu uylarning 24 tasini samarqandliklar sotib olgan. Demak, bu yerda yaqinda tojikzabon o’zbekistonliklardan iborat yangi mahalla vujudga keladi.

“20 yil oldin juda ozchilik edik. Ollohga shukr, mana juda ko’payishdik. Xomcho’t bo’yicha hozir Sinsinnati shahrida 700-1000 ta oila atrofida bor. Ko’pchiligi yosh oilalar”, - deya tushuntiradi Sinsinnatiga 21 yil oldin Toshkentdan ko’chib kelgan Shuhrat Aripov.

O’zbekistonliklar ko’payar ekan, ularning ehtiyojlariga qaratilgan bizneslarga Sinsinnatida talab ortmoqda.

“Samarqand Food Market” oziq-ovqat do’koni ana shunday bizneslardan biri. Uni uch o’zbekistonlik immigrant yuritadi.

Biznes egasi Suhrob Suhbatilloyev Samarqand viloyatining Tayloq tumanidan. Oziq-ovqat do’koni uning boshlagan navbatdagi, ammo orzu qilgan biznesi.

“Bu biznesni boshlashimizning sababi O’zbekistonda ham oziq-ovqat do’konimiz bor edi. Tog’am o’z rayonimizda oziq-ovqat do’koni ochgan edi. O’sha yerda ishlaganman va shundan beri menda shu ishga qiziqish boshlangan. Amerikaga kelganda ham oziq-ovqat do’koni ochib ish yuritishni orzu qilganman. Xudoga shukr niyatimizga erishdik,” - deydi biznes egasi Suhrob Suhbatilloyev.

Suhrobning Amerika orzusi nega bugunga kelib amalga oshayotganini uning biznes sherigi Aybek Kazbekov aniqlashtiradi.

“Ko’pchilikda bu yerda biznes bor, masalan trak kompaniyalari. Aslida mana bunaqa magazinlar ko’p emas. Savdo tijorati ham uncha ko’p emas. Oldin bunaqa narsalar yo’q edi. Magazinlar yaqinda ochilishni boshladi. Bu talabga qarab qilinadi. Trak kompaniyalari ko’p. Ko’pchilik bu yerda biznesni savdodan emas, trakdan boshlaydi. Vatandoshlarimiz, shuningdek, ta’mirlash va turli xizmatlarda ishlashadi. Odamlar ko’paygandan keyin esa magazinga, savdoga ehtiyoj borligi uchun bizlar ham mana shu ishga qo’l urdik”, - deydi Aybek Kazbekov.

Buni ham ko'ring Nyu-Yorkliklar yangi yilni qanday qarshi olmoqda?

20 yil oldin AQShda tahsil olgan, 8 yil oldin esa okean ortiga doimiy yashash uchun ko’chib kelgan Aybek Kazbekov do’kon Sinsinnatidan o’tadigan har qanday katta yuk mashinasi haydovchisi uchun ham qulay nuqtada joylashganini tushuntiradi.

Shuning uchun “Samarqand” do’koni ochilganidan uy bekasidan tortib haydovchilargacha xursand.

“Do’konga kirib ruhlanib ketdim. Amerikaning magazinlaridan xarid qilamiz, u yerda mahsulotlar oz grammda tortilgan bo’ladi, halol mahsulotlar bo’lmaydi. Juda ham qiynalamiz. Keyin fermerlarni do’konlarini izlaymiz. Bu do’kon bizga yaqin joylashgan va qulay. Ko’paysin o’zimizning tadbirkorlar”, - deya quvonadi xaridorlardan biri Gulnoza.

“21-yildirki shu yerda yashayapmiz. [Avvallari] Ikkitagina rus magazini bo’lardi. Shu do’konlarga navbati bilan borib narsalarni olardik, lekin halol market bo’lmagan shu paytgacha. Oxirgi 3-4 yil atrofida Sinsinnatida o’zbekistonlik xalqlar ko’payishni boshladi. Xudoga shukur, yaxshi oilalar ko’chib kelgan. Shuni hisobiga o’zimizning ikkita o’zbek restoranimiz ochilgan. “Miraj” va “Yevraziya”, yaqinda “Choyxona” ham ochilyapti. Bu esa o’zbekistonliklarning ikkinchi magazini, u savdo markazi bo’lib ochilyapti. Bu ham katta yutuq deb hisoblayman”, - deydi Shuhrat Aripov.

“Oldin O’zbekistondan tashib kelardik biz. Hozir osh qilamiz desak do’konlarimizda O’zbekiston guruchlari, zig’ir yog’i bor. Novvotu qurutlar deysizmi, oldin bularni biz yuk qilib o’zimiz bilan ko’tarib kelardik. Hozir kerak bo’lganda do’konlarimizdan olayapmiz. Mana “Samarqand” oziq ovqat do’koni ham ochilyapti, juda ham xursandmiz”, - deydi yana bir vatandosh Zafar Aliyev.

“Sinsinnati shahrida 14 yildan beri yashayapmiz, boshida kelganimizda aholi kam edi. Samarqandliklar, toshkentliklar bor edi, lekin kam edi. Bitta kichkinagina “Oazis” degan restoranimiz va “Marina” degan bitta rus magazini bor edi. O’sha yerga borib savdo qilardik. Konfet, pryanik, tvorog, smetana va shu kabi o’zimiz o’rgangan mahsulotlarni olardik. Go’sht masalasida qiynalardik, ikki-uchta oila bir bo’lib, Kentukki shtatiga borib qo’y yoki ho’kizni olib so’ydirardik va o’shani bo’lib olardik. Shunday qilib vaziyatdan chiqardik. Asta-asta mana ko’paydik, odamlar hamon ko’chib kelishyapti. Ogayo aslida AQShning o’rtasida joylashgani uchunmi, bilmayman, ko’p oilalar ko’chib kelishyapti. Xudoga shukur, so’nggi 2-3 yilda O’zbekiston aholisi ko’paydi.

“Aholi ko’paygandan keyin mana shunaqa do’konlarga, dam olish maskanlariga, restoranlarga, kafelarga muhtoj bo’lib qolar ekansiz”, - deydi Go’zal ismli vatandosh.

“Shu paytgacha biz bir-ikkita ruslar do’konlaridan xarid qilardik. Lekin ular bu darajada chiroyli emas edi va zo’rlari yo’q edi”, - deydi Elyor Rustamov.

“Men oldin Nyu-Yorkda yashaganman va bu narsa faqat Nyu-Yorkda bo’lardi. Biz Ogayoga ko’chib kelib shu narsalarni sog’ina boshlagandik. Bu do’konning ochilgani juda yaxshi bo’ldi, sog’inchlar bosiladigan bo’ldi. Hamma biz kutgan, sog’ingan narsalar shu yerda bor ekan”, - deydi Firdavs Zokirov.

Elyor va Firdavs, shuningdek, ular kabi yuzlab haydovchilarga do’konning tayyor ovqatlar bo’limi qadrdon joy bo’lishiga shubha qilishmaydi.

Sariq sabzi, guruch, halol go’sht, zig’ir yog’i, hatto qurutlargacha peshtaxtada bor. Tijoratchilar qozon-tovoqdan tortib qo’ra-yu sixlargacha keltirishni unutishmagan.

Do’kon ochilishi Sinsinnatida ingliz tilidan tashqari o’zbek, rus hamda tojik tilini biladigan xodimlarga ham ish joylari doirasini yanada kengaytirgan.

Savdo tijoratida xaridorlar bilan doimiy muloqotda bo’ishni talab qiladigan vazifa egalari - sotuvchilar. Madina Tursunmurodovani aynan bu jamiyat tilini yaxshi bilgani uchun ishga olishgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Ogayodagi o’zbeklar hayit bayramini nishonladi

“Men oldin mehmonxonada ishlardim. O’zimizni tilda... hamda o’zimizning vatandoshlar keladigan supermarket bu yer, ular bilan hamsuhbat bo’lib turish uchun hamda biznes egalari vatandoshlarimiz bo’lgani uchun bu yerga ishga keldim”, - deya tushuntiradi Madina.

Hozirgacha maraka-marosimlarda oshpazlik qilib kelgan Jamoliddin Salomovning esa do’kon ochilishidan keyin Sinsinnatida ham har kuni katta qozonlarda osh damlanishiga umidi ortgan.

“Samarqand” do’konida endi har kun osh qilamiz. Ikki xilidan, qo’y va mol go’shtidan qilamiz. Samarqandliklar asosan mol go’shtidan qilinganini yaxshi ko’radilar. Toshkent va vodiy odamlari qo’y go’shtidan qilinganini”, - deya tushuntiradi oshpaz Jamoliddin Salomov.

“Hozirda do’konimiz va oshxonamizda 20 dan ortiq xodim ishlaydi. Bular o’zimizning O’zbekiston fuqarolari hamda boshqa millat vakillari”, - deydi biznes egasi Suhrob Suhbatulloyev.

Do’kon faqat o’zbekistonliklarga xizmat qilishni maqsad qilmaganligini ham ta’kidlaydi biznes egasi.

“Bizlar o’zimizning mahsulotlarni Amerikadagi fuqarolarga ham o’rgatamiz. Nimaga deganda bizda tayyor ovqatlar bo’limimiz ham bor. Shu orqali biz milliy taomlarimizni amerikaliklarga ham o’rgatib, taomlarimiz ta’mini ularga bildirishga erishish niyatimiz ham bor”, - deydi suhbatdosh.

O’zbekistonlik immigrantlarning okean ortiga ko’chib kelishi davom etmoqda. Nyu-York, Filadelfiya, Chikago kabi shaharlar qatori endi Sinsinnatida ham immigrantlarning bu guruhi safi kengaygan.

“Bu yerga amerikaliklar ham kiradi. Men bu yerda o’zbek menyusini ham kiritdim. Ham amerikancha, ham o’zbekcha taomlarni taklif qilyapmiz. Taomlarimizni halol go’shtdan pishiramiz”, - deydi restorator Baxtiyor Abdullayev.

Baxtiyor Abdullayev boshqarayotgan “Mirage” restorani yangi ochilgan savdo markazi yonida joylashgan. Uning restoranida o’zbekistonliklar katta bazmlar ham uyushtiradi.

“Asosan o’zbeklar bu yerda tug’ilgan kunlarni o’tkazadilar. 30-40 kishi bilan. To’ylarni 200 kishi bilan o’tkazyapmiz. Bir oy oldin hatto 280 kishi bilan o’tkazdik. Restoranimiz katta, 320 kishiga mo’ljallangan. To’ylar va banketlar qilyapmiz. Xalqimiz ham ko’paymoqda. Yonimizda “Samarqand” oziq-ovqat do’koni ochildi. Amerikaliklar bizlarni, O’zbekistonni taniyapti”, - deydi Abdullayev.

“Shahrimizdagi xilma-xillikni juda qadrlayman. Do’kon ochilishi bunga yana hissa qo’shadi. Bu joy o’zbekistonliklar o’z yurtida foydalangan mahsulotlarini xarid qilishlari va shu bahonada o’zaro ko’rishishlari uchun qulay joy bo’ladi, deb o’ylayman. Ular buning uchun Diyerfild markazini (Deerfield Township) tanlaganlaridan xursandman,” - deydi Kristin Malhotra, Diyerfild markazi prezidenti.

O’zbekistonlik amerikaliklar o’z bizneslarini rivojlantirishdan tashqari urf-odatlarini saqlash, madaniy markaz va masjidlarini qurish bilan ham band.