Polshaliklar erkin matbuot cheklanayotganidan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Matbuot erkinligini cheklashi aytilayotgan yangi qonunga qarshi namoyishlar, Varshava, Polsha, 2021-yil, 19-dekabr

Polshaliklar yakshanba kuni mamlakatning o'ng qanot hukumati nishoniga uchragan AQShga tegishli televideniye tarmog'ini himoya qilib namoyishga chiqdi. Mamlakat parlamenti yaqinda Polshada ommaviy axborot vositalarining xorijliklar tomonidan nazorat qilinishini taqiqlovchi qonun qabul qildi. Natijada AQSh kompaniyasi o’ziga qarashli “TVN24” kanalidagi nazorat qiluvchi ulushlarini sotish majburiyati bilan yuzlashmoqda.

Namoyishchilarga ko’ra, qonun hukumatni tanqid qilishi bilan tanilgan telekanal ovozini o’chirishga qaratilgan bo’lib, shuningdek, mamlakatda matbuot erkinligini cheklashga urinishdir.

Polshaning ko’plab shaharlarida minglab namoyishchilar ko’chalarga yig’ilgan. Namoyishchilar orasida o‘n yillar avval mamlakatdagi kommunistik rejimga qarshilik ko‘rsatgan keksa polyaklar ham bor. Ular uzoq kurash asosida qo’lga kiritilgan demokratiya endi yo‘qolib borayotganidan xavotirda.

Ko‘pchilik polyaklar fikricha, Polshaning populist o‘ng qanot hukumati G‘arbdan yuz o‘girib, Turkiya yoki Rossiyanikiga yaqin avtoritar model sari yurib, sudlar ustidan siyosiy nazorat o‘rnatishga hamda tanqidiy ommaviy axborot vositalarining ovozini o‘chirishga urinmoqda.

Asosiy muxolif partiya yetakchisi Donald Tusk polyaklarni birdamlikka va hukumatni o‘zgartirishga chaqirdi.

Namoyishchilarga ko'ra, hukumat yangi qonun orqali tanqidiy dasturlari bilan taniqli "TVN24" kanalining ovozini o'chirmoqchi.

"Keling, bu kuchlarni supurib tashlaymiz!" – dedi Polshaning sobiq bosh vaziri va Yevropa Ittifoqining sobiq prezidenti Tusk Varshavada yig’ilgan namoyishchilarga.

Norozilik namoyishlari juma kuni parlament kutilmaganda “Discovery Inc.” kompaniyasini Polshaning eng yirik televizion tarmog‘i “TVN”ning nazorat ulushini sotishga majburlovchi qonun loyihasini qabul qilganidan keyin boshlandi.

Parlamentning quyi palatasi bu qonunni yozda ham qabul qilgan, lekin Senat vetosiga uchragan edi. Hech qanday ogohlantirishsiz, parlament to'satdan qonun loyihasini qayta ovozga qo’yib, Senatning vetosini bekor qildi.

Qonun loyihasi taqdiri endi Prezident Andjey Dudaga bog‘liq. Yakshanba kungi asosiy norozilik Varshavadagi prezident saroyi oldida bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar Dudadan qonun loyihasiga veto qo‘yishni talab qilmoqda.

Hukumat rahbarlari Yevropadan tashqarida bo’lgan kompaniya jamoatchilik fikrini shakllantirishga yordam beradigan kompaniyalarni nazorat qila olmasligini ta'minlash milliy xavfsizlik uchun muhim ekanligini ta'kidlab, qonunchilikni himoya qilmoqda.

“TVN” uzluksiz yangilik uzatuvchi “TVN24” kanalini boshqaradi va hukumat haqida tanqidiy hisobotlarni taqdim etuvchi dasturi millionlab tomoshabinga ega. Tanqidchilar fikricha, Polshaning o'ng qanot hukumati tanqidiy kanalning ovozini shu yo’l bilan o'chirishga harakat qilmoqda.

Buni ham ko'ring Polshaning Yevropa Ittifoqi bilan ziddiyatlari tashkilotga zararmi?

Hukumatning bir qator mashmashalarini fosh etgan va hukumat tarafdorlari tomonidan ko'p marta sudga tortilgan “Gazeta Wyborcza” nashri muharriri o'rinbosari Yaroslav Kurski hukmron partiyani navbatdagi saylovlarni o'g'irlash uchun ommaviy axborot vositalarining ovozini o'chirishga urinayotganlikda aybladi.

"Mafiya mamlakatni egallab oldi. Ular jamoat hayotining barcha elementlarini o'zlashtirmoqchi", - dedi Kurski.

Varshavaning yaqin ittifoqchisi bo'lgan Qo'shma Shtatlar qonunchilarni qonunni qabul qilmaslikka chaqirgan edi. AQSh rasmiy vakili Biks Aliu AQSh qonun loyihasining qabul qilinganidan "juda hafsalasi pir bo'lganini" aytdi va Dudani so'z erkinligi hamda biznesni himoya qilish uchun qonunga veto qo’yishga chaqirdi.

Hukmron partiya bilan ittifoqdosh bo'lgan Duda yozda qonunni qo'llab-quvvatlamasligini bildirgan edi, ammo juma kuni u loyihani yana bir tahlil qilib chiqishi kerakligini aytdi.

“TVN” yakshanba kuni Dudani qonun loyihasiga veto qo'yishga chaqiruvchi onlayn petitsiyani boshladi. Kechgacha uni 1,7 milliondan ortiq odam imzoladi.

“Ommaviy axborot vositalari erkinligiga qilingan hujum Polsha kelajagi uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi, — deyiladi murojaatda. - Mamlakatimiz xavfsizligining eng katta ittifoqchisi va kafolati bo'lgan AQSh bilan o'zaro munosabatlar buzilmoqda. Biz bunga yo'l qo'ya olmaymiz!"

“Discovery Inc.” kompaniyasi, shuningdek, o'z bayonotida "biznesimiz uchun tinimsiz kurashamiz" deb va'da berdi.