Breaking News

Matbuot erkinligi: 2021-yilda AQShda 57 jurnalist hibsga olingan


24-mart, 2021: Los-Anjeles politsiyasi namoyishlarni kuzatmoqda
24-mart, 2021: Los-Anjeles politsiyasi namoyishlarni kuzatmoqda

AQShda 2021-yilda kamida 57 jurnalist hibsga olingan, asosan norozilik namoyishlari kechgan shaharlarda. Matbuot xodimlari ularni yaqindan yoritar ekan, politsiya ularni olib ketayotgan hollar uchrab turadi. 2020-yilda 142 jurnalist shunday vaziyatga tushgan edi.

Amerikada matbuot erkinligini kuzatadigan tashkilot (U.S. Press Freedom Tracker) aniqlashicha, hibslar - sistematik muammo. Politsiya jurnalistlarni qo'yib yuboradi, ularga ayblovlar qo'yilmaydi, ammo ommaviy chiqishlarni yoritish OAV uchun bunday muammolarga yetaklamasligi kerak, deya ogohlantirmoqda huquq faollari.

Masalani o'rganib chiqqan ekspert Kirstin Makkadden deydiki, vaqtincha ushlab turilish jurnalist faoliyatiga jiddiy zarba.

"Voqealarni boridek ko'rsatib berish, masalalarga oydinlik kiritish - matbuot xodimlarining asosiy vazifasi. Odamlar ichida yurgani uchun ularni olib borib, so'roq qilish va surishtirish erkinlikka tahdid."

Bu yili jurmnalistlar asosan Los-Anjeles shahrida va Minnesota shtatidagi namoyishlarda taziyqqa uchragan.

Los-Anjelesda politsiya amaldagi siyosatga qarshi 200 namoyishchi joylashib olgan maskanni bo'shatar ekan, ular orasida OAV xodimlari ham ushlangan.

Irqchilikka qarshi namoyishlar avj olgan Minnesotada esa 21 jurnalist uchgacha hibsda qolgan. Shtat politsiyasi matbuot erkinligini hurmat qilishini va OAV xodimlari har qanday voqeani yoritishga haqli ekanini tan olib, bayonot bergan.

Mahalliy sud hukm chiqarib, huquq tartibot organlariga jurnalistlarga tegmaslikni buyurdi.

Professional jurnalistlar uyushmalari mamlakat bo'ylab politsiya va xavfsizlik tizimi bilan treninglar o'tkazib, matbuot erkinligini buzmaslik yo'llarini o'rgatadi.

Milliy Matbuot Klubi qoshidagi Jurnalistika institutidan Juli Mus kuzatishicha, treningdan o'tgan xizmatchilar va jurnalistlar ham har qanday muammoga tayyor turishi kerak, chunki ommaviy chiqishlar va to'polonlarda vaziyat qaltis.

"Ishini to'g'ri qilayotgan OAV xodimlari ham birdaniga politsiya nazorati ostiga tushib qolishi mumkin. Xo'sh, bunda nima qilasiz?"

"Xavfsizlik tizimining maqsadi nima? Bizning maqsadimiz nima? Bir-birimizni eshita olishimiz, vazifamizni risoladagidek bajarish uchun qanday qadamlar tashlash lozimlini anglashimiz kerak".

Ayni damda AQShda sakkiz jurnalist jinoiy ayblovlar bilan yuzlashmoqda.

Oregon shtatida uysizlar muammolarini yoritgan Epril Fonseka 2020-yilning sentabrida hibsga olingan. Unga xususiy mulkka ruxsatsiz kirganlik, politsiya ishiga aralashganlik, hibsga olinayotganida qarshilik ko'rsatganlik kabi ayblovlar qo'yilgan. Bir yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi va 7500 dollargacha jarimaga tortilishi mumkin. Sud 2022-yilning martida kutilmoqda.

Juli Mus deydiki, jurnalist har safar ishini qilganida o'zi uchun va butun matbuot uchun kurashadi. Uning yo'lidagi har qanday to'siq u ishlaydigan tashkilot va boshqalar uchun ham xavf. Shunday ekan, deydi mutaxassis, jurnalistlar uquvini oshiraverish, OAV tahdidga qarshi choralar ko'rishi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG