Breaking News

Tolibon Afg'onistonda ayollarning efirga chiqishini chekladi


Afg'on ayollari
Afg'on ayollari

Tolibon yakshanba kuni Afg'onistondagi telekanallarga san'atkor ayollar ishtirokidagi seriallar namoyishini to'xtatishni buyurdi va ayol jurnalistlar efirga chiqqan paytlari islom shariatiga mos tarzda hijob kiyishlari kerakligini aytdi.

Bu tartib Tolibonning Ezgulikni targ‘ib qilish va yomonliklarning oldini olish vazirligi yoki axloq politsiyasi tomonidan chiqarilgan sakkiz banddan iborat yangi ko‘rsatmalarning bir qismi bo‘lib, guruh, huquq faollari fikricha, ayollar huquqlarini cheklashni yanada kuchaytirmoqda. Bundan tashqari, yo'riqnomada filmlar va dramalarda ayol aktyorlar bo'lmasligi kerakligi aytilgan. Shuningdek, ko'kragidan tizzasigacha to’silmagan holda erkaklarning ham ekranlarda ko’rinish berishi taqiqlanmoqda.

Vazirlik yangi e’lon qilingan choralarni himoya qilib, maqsad “axloqsizlik” targ‘ibotining va “shariat tamoyillari va afg‘on qadriyatlariga zid” videolavhalar namoyish etilishining oldini olish ekanini aytadi.

Afg'onistonlik rejissor ayol Saba Sahar teleserial suratga olmoqda, Kobul, Afg'oniston, 2011-yil, 30-may.
Afg'onistonlik rejissor ayol Saba Sahar teleserial suratga olmoqda, Kobul, Afg'oniston, 2011-yil, 30-may.

“Afgʻonistonda chet el madaniyati va anʼanalarini targʻib qiluvchi, axloqsizlikni targʻib qiluvchi xorijiy va mahalliy filmlar efirga uzatilmasligi kerak”, — deyiladi ko’rsatmada.

U, shuningdek, shaxslarni "haqorat qiladigan" yoki "qadr-qimmatini" kamsituvchi satirik ko'rsatuvlarni efirga uzatishni ham taqiqlaydi.

Axloq politsiyasi 1996-yildan 2001-yilgacha Afg'onistonni boshqargan avvalgi Tolibon hukmronligi davrida mavjud bo'lib, u asosiy inson huquqlarini buzgan holda bunday cheklovlarni shafqatsizlarcha amalga oshirgani aytiladi. Agar yaqin erkak qarindoshi hamrohligida bo'lmasa, ayol-qizlarning hatto ko’chaga chiqishiga ham taqiq qo’yilgan edi.

Tolibon axloq politsiyasi ayollarni bilaklari, qo'llari yoki to'pig'ini ko'rsatgani va uyini hamrohsiz tark etgani uchun ommaviy ravishda kaltaklagan va bu o'sha paytda Afg'onistonning diplomatik izolyatsiyasiga olib kelgan edi.

Avgust oyi oʻrtalarida hokimiyatga qaytganidan beri Tolibon bir necha bor ayollar huquqlarini islom qonunlariga muvofiq himoya qilishga vaʼda berdi. Ayni paytda afgʻon qizlarining aksariyati viloyatlarda oʻrta maktabga qaytishi hali ham taqiqlangan.

Kobuldagi butunlay erkaklardan iborat yangi muvaqqat Tolibon hukumatini hozircha hech bir davlat tan olmagan.

Qo'shma Shtatlar va jahon hamjamiyati xalqaro miqyosda tan olinishni so'rashdan oldin islomiy guruh Afg'onistonni barcha afg'onlar, shu jumladan, ayollar va ozchilik guruhlar huquqlarini himoya qiluvchi inklyuziv siyosiy tizim qurishi kerak, deb aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG