Breaking News

Minglab afg’onistonlik AQShdan vaqtinchalik boshpana so’ramoqda


Kobul aeroportiga kirishga urinayotgan afg'onistonliklar. 16-avgust, 2021.
Kobul aeroportiga kirishga urinayotgan afg'onistonliklar. 16-avgust, 2021.

Joriy yilning iyul oyidan buyon AQShdan vaqtinchalik boshpana so’rab murojaat qilgan afg’onistonliklar soni 28 ming nafardan oshgan. AQSh rasmiylarining ta’kidlashicha, ulardan qariyb 100 nafariga viza berilgan.

AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati gumanitar inqiroz holatiga doir kichik dasturga bu qadar ko’p ariza tushishini kutmaganini ma’lum qilgan. Barcha murojaatlarni ko’rib chiqish uchun ishchi-xodimlar soni oshirilishini bildirgan.

Kobul aeroportini qo'riqlayotgan Tolibon kuchlari. 2-sentabr, 2021.
Kobul aeroportini qo'riqlayotgan Tolibon kuchlari. 2-sentabr, 2021.

AQShda istiqomat qilayotgan afg’on oilalar yaqinlarining G’arb bilan aloqasi tufayli muqarrar tahdid bilan yuzlashayotganini aytmoqda. Murojaatlarni ko’rib chiqish past sur’atlarda davom etar ekan, ularning hayoti jiddiy xavf ostida ekanini bildirmoqda. Okean ortida ko’plab immigrantlar guruhlari afg’onlarning shikoyatini qo’llab-quvvatlamoqda.

“Yaqinlarim hayotidan xavotirdaman. Ba’zan uyqudan uyg’onganimda yaqinlaring qatl etildi degan qo’ng’iroq bo’ladiganday tuyulaveradi”, - deydi Massachusettsda yashab Afg’onistondagi 21 nafar qarindoshining shartli viza olishiga homiylik qilayotgan Safi.

Vashington choyxonasi: Tolibon hukmronligi ostidagi hayot
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:35:26 0:00

38 yoshli Safi qarindoshlarining xavfsizligini inobatga olib to’liq ismini oshkor qilishdan tiyildi. U vatanida qolgan singlisi va amakisining oila a’zolari bilan birga AQShga chiqib ketishiga ko’maklashmoqchi. Amakisi avvalgi hukumat rasmiylaridan bo’lgani sababli yashirinib kun kechirmoqda. Uylari portlab vayronaga aylangan.

Massachusettsda qochqinlar ishlari bilan shug’ullanadigan advokat Kiara Sen-Pyerning aytishicha, arizalarni ko’rib chiqish bu qadar uzoq vaqt olayotganidan minglab odam g’azabda. Ular allaqachon murojaat uchun yuzlab, hatto minglab dollar xizmat haqini ham to’lab qo’yishgan.

Advokatning ta’kidlashicha, shartli viza uchun kishi boshiga 575 AQSh dollari to’lanadi. Shundan kelib chiqilsa, AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati so’nggi bir necha oyda afg’onlardan qariyb 11,5 million dollar mablag’ undirgan.

Fuqarolik va immigratsiya xizmati matbuot kotibi Viktoriya Palmerning ta’kidlashicha, mazkur dasturga jalb etilgan qo’shimcha 44 nafar xodim treninglardan o’tmoqda. Oktabr oyida dasturda bor-yo’g’i olti nafar xodim ishlagan.

Tolibon so'zlovchisi bilan suhbat: Huquq, ta'lim, Xitoy sarmoyasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:03 0:00

Palmerning bildirishicha, shu paytga qadar viza murojaati ijobiy hal etilgan 100 nafar kishining ayrimlari hanuz Afg’onistonda. Ayrimlari esa uchinchi davlatlar hududida qolmoqda. Matbuot kotibi bu borada boshqa batafsil ma’lumot bera olmasligini aytgan.

Dasturga, odatda, yiliga dunyo bo’ylab qariyb 2000 ariza tushadi. AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati ulardan 500 ga yaqiniga viza berar edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG