AQSh demokratiyasi mamlakat va xorijda savol ostida

  • Amerika Ovozi

Kapitoliy yaqinidagi ovoz berish qutisi, oktabr, 2020

Amerika demokratiyasiga zaiflshgan bir tuzum sifatida qarayotganlar bugun oldingidan ham ko'proq. Prezident Jo Baydendan bu borada so'rayotganlar ham talay. "AQShda demokratiya joyidami?" - deya kesatadi ayrim liderlar.

O'tgan yili shu paytda AQSh Kongressiga hujum qilinib, qonunchilik organida odamlar halok bo'lgani tarixiy zarba sifatida muhrlandi.

Amerikaliklar orasida shu kunlarda o'tkazilgan so'rovlarda ularning aksariyati demokratiya tahdid ostida deb hisoblashini aytgan.

2021-yilda mamlakat bo'ylab ovoz berish huquqi uchun namoyishlar tinmadi. Demokratlar bu erkinlik cheklanmoqda desa, respublikachilar u suiiste'mol qilinmoqda, deya noliydi.

Demokratlar nazarida shtatma-shtat saylov qonunlari yangilanib, ozchilikdagi va liberal qarashdagi fuqarolar tizimdan ataylab uzoqlashtirilmoqda, ya'ni ovoz berish uchun talablar qiyinlashtirilmoqda.

Buni ham ko'ring Amerikaliklar: Demokratiya tahdid ostida

Respublikachilar fikricha esa tizimni istalgan odam o'yinchoq qilishi mumkin. Saylovda qatnashishdek muqaddas huquqni hammaga ham beravermaslik kerak, fuqaro ovoz berishga munosib bo'lishi zarur.

Falsafiy va yuridik bahslar davom etar ekan, AQSh - buyuk demokratiya, degan imijidan ayrilib, uning hukumati va qadriyatlariga ishonch pasaymoqda.

Yaqinda Januabiy Karolina davlat universitetida so'zlar ekan, Bayden ovoz berish huquqiga tegmaslik kerak, deya undadi.

"Uni cheklash Amerika qadriyatlariga ziddir, demokratiyaga ziddir va tizimga zarar", - deydi prezident.

1861-1865 yillardagi fuqaro urushi ketidan qullar erkinlikka chiqa boshlagach, Amerikada tenglikni ta'minlashga va'da berilgan. Bu davr tarixga "qayta qurish jarayoni" sifatida kirgan.

Prezidentning milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan deydiki, Kapitoliyga qilingan hujum ittifoqchilarni va g'animlarning fikrlariga qattiq ta'sir qilgan.

Oq uyda milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi Jeyk Sallivan

"Ittifoqchilarimiz demokratiyamiz kelajagiga xavotir bilan qaraydi. Dushmanlarimiz esa bu fursatdan qanday foydalnish haqida o'ylaydi", - deydi Sallivan.

Baydenga ko'ra, demokratiya hamon kuchli ekanini isbotlash uchun xalq tanlagan hukumat unga xizmat qilishini ko'rsatib berish zarur.

"Progress hech qachon oson ro'y bermaydi. Boshqaruv juda murakkab, ruhan toliqtiradigan va umidsizlantiradigan jarayon. Lekin qattqroq ishlab, imkoniyatlarni ishga solib, vaqtdan unumli foydalanish ham mumkin", - deydi prezident.

Oq uy uchun hozir ikki prioritet: iqtisodni kuchaytirish va pandemiyadan chiqish.

Siyosiy tizim xavfsizligini ta'minlash ham eng dolzarb vazifalardan biri.

Kapitoliy, Vashington, 6-yanvar, 2021

Adliya vazirligi 2021-yilning 6-yanvaridagi voqealardan keyin 700 dan ortiq kishiga nisbatan jinoiy ish ochgan. Aksariyati hali sudda ko'rilmadi.

Biroq huquq himoyachilarini qo'rqitadigan asosiy masala bu kelajada nima bo'lishidir.

Kristina Baal-Ovens, ovoz berish huquqi uchun kurashayotgan nohukumat tashkiloti vakili deydiki, fuqaroning ovozi qudratli ekanini namoyon etish kerak.

"Ovoz nimanidir o'zgartirsagina unga ishonch bo'ladi. Aks holda fuqaro ovoz bermay qo'yadi", - deydi u.

Buni ham ko'ring 2021-yil AQSh Kongressi uchun qanday kechdi?

2013-yilgacha Adliya vazirligi shtatlar qabul qilgan qonunlarni tekshirish vakolatiga ega edi, agar ular fuqarolarni kamsitishda gumon qilinsa.

Hozirda 19 shtatda shunday holatlar bor, deydi huquq himoyachilari.

Demokratlar va respublikachilar bu masala yuzasidan turlicha fikrda.

Senatdagi liberal qonunchilar ovoz berish huquqi to'g'risidagi takiflarini shu yili muhokamaga qo'ymoqchi. Bayden bu harakatlarni quvvatlamoqda.

Dunyo Amerika demokratiyasi hamon qudratli ekanini ko'rishi uchun salmoqli qadamlar tashlash zarur, deydi prezident.