Afg'onistonda jurnalistlar kelajagi hanuz mavhum

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonlik jurnalistlar, Kobul, Afg'oniston, 2021-yil, 9-fevral

Afg'oniston viloyatlarida ommaviy axborot vositalari uchun ish faoliyatini davom ettirish deyarli imkonsiz holatga aylanmoqda, deydi mahalliy jurnalistlar.

Ommaviy axborot vositalari yangiliklarni yoritish uchun oldindan ruxsat olishlari kerak. Ba'zi viloyatlarda ayollar ishlashiga hali ham ruxsat berilmagan. Bir nechta tele va radiokanallar ko'ngilochar dasturlarni to’xtatgan, boshqalari esa umuman efirga chiqmayapti.

Dushanba kuni 85 mahalliy radiostansiya vakillari Tolibon a'zolari bilan uchrashib, guruhdan avvalgi hukumat davridagi ommaviy axborot vositalariga oid qonunlar bo'yicha o'z pozitsiyasini aniqlashtirishni so'radi. Shuningdek, ular ayol jurnalistlarga ishlashga ruxsat berishni so‘ragan.

"Biz moliyaviy va xavfsizlik muammolariga duch keldik", - deydi yig'ilishda ishtirok etgan "Sahar" radiosi direktori Farishta Karimiy.

"Moliya yetishmasligi tufayli 4-5 xodimimizni yo'qotdik. Ma'lumki, viloyatlarda ishlash u qadar xavfsiz emas", - dedi u "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Buni ham ko'ring Afg’onistonda 40 foiz ommaviy axborot vositalari yopilgan

“Salom Vatandar” radio tarmog‘i direktori o‘rinbosari va uchrashuv tashkilotchilaridan biri Nurulloh Hoshimiyning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, yig‘ilish viloyat ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarga Tolibon hokimiyatni egallab olgandan keyin paydo bo’lgan “qiyinchiliklarni muhokama qilish” imkonini berdi.

Uchrashuvda Tolibon Bosh vaziri idorasining aloqa bo‘yicha direktori Jamol Nosir Farahmand muammolar mavjudligini tan olib, “OAV, jurnalistlar va fuqarolik jamiyati faollari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha berilgan va’dalarga amal qilinishini” aytdi.

Biroq jurnalistlarning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Tolibonning viloyatlardagi rasmiylari tomonidan joriy qilingan qoidalar jurnalistlar ishini qiyinlashtirmoqda.

"Biz odamlarga xabar berish bo’yicha o’z ishimizni qila olmayapmiz, - dedi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda janubiy Hilmand viloyatida uch yildan beri ishlayotgan radiojurnalist. - Biz (Tolibon) bilan bog‘lanib, ularga qamrov rejamiz haqida aytib berishimiz kerak. Ularning ruxsatisiz bhech qanday masala yuzasidan xabar berishimiz mumkin emas”.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan jurnalistlarning aksariyati tazyiqlardan qo’rqib, o’z shaxsini oshkor qilmaslikni soʻradi.

Aniq siyosat yo'q

Viloyat jurnalistlarining aytishicha, janubiy Hilmand viloyatida Tolibon nazorati o’rnatilgunga qadar 16 ta radio va televideniye bo‘lgan. Hozirda ularning faqat beshtasi eshittirishlarini qayta tiklagan.

Viloyat markazi Lashkargohda iyul va avgust oylarida bo‘lib o‘tgan shiddatli janglar chog‘ida ba’zi stansiyalar efirni to‘xtatib qo‘ygan edi. Ammo olti oy o'tgach, ular hali ham ishini boshlamagan.

Ommaviy axborot vositalarini nazorat qiluvchi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti o‘tgan oy Afg‘onistonda avgust oyidan beri axborot vositalarining kamida 40 foizi faoliyatini to’xtatganini, ayollarning 80 foizi esa ishsiz qolganini aytdi.

"Televideniyalarga kontent kerak, ammo Tolibonning eshittirish siyosati aniq emas", - deydi radiojurnalist. – Hozir biz efirga uzatadigan yagona ko‘ngilochar dastur – Na’t (Muhammad payg‘ambarni madh etuvchi she’r)”.

Tolibon 1990-yillardagi kabi musiqani efirga berishni ham taqiqlagan.

"Ular hech qanday musiqa turi efirga uzatilishini xohlamaydilar, - dedi "Amerika Ovozi"ga xavfsizlik nuqtai nazaridan o'zini ko'rsatmaslikni so'ragan Hilmand radiostansiyasi menejeri. - Hatto fon musiqasini ham efirga chiqarishga ruxsat yo’q".

Your browser doesn’t support HTML5

Afg’onistonda matbout bosim ostida, muxbirlar mamlakatdan qochmoqda`

Yetti yil davomida yangiliklar sohasida ishlagan menejerning aytishicha, jurnalistlar vaziyatga aniqlik kiritish uchun rasmiylar bilan uchrashgan.

"Biz ulardan translyatsiya siyosatlarini yozma ravishda taqdim etishlarini so’radik, lekin ular buni taqdim etmadi. Bizga cheklovlar haqida og'zaki aytib berishdi, xolos", - dedi u.

Menejerning aytishicha, telekanal dasturlarining aksariyati “Tolibon siyosatiga zid kelmasligi uchun” oldindan tayyorlanmoqda.

"Biz ko'rsatuvlarimizga qo'ng'iroq qiluvchi ayollarni jalb qila olmaymiz. Tolibon ularni nomahram deb hisoblaydi", - dedi u.

“Viloyatda birorta ham ayol jurnalist ishlamayapti”, - deya qo’shimcha qildi menejer.

Xavfsizlik yuzasidan qo'rquv

Anonim qolishni so‘ragan jurnalist va teleboshlovchining so‘zlariga ko‘ra, Qunduz viloyatida ayollarga uydan tashqarida ishlash taqiqlangan, biroq ularning ovozi hanuzgacha eshittirilmoqda.

Qunduz ham, Hilmand ham Tolibon nazoratni qo‘lga kiritgunga qadar shiddatli janglarga guvoh bo‘lgan.

OAVda 15 yil ishlagan jurnalist “Amerika Ovozi” bilan suhbatda “Biz ayollar ovozi va surati tushirilgan reklama roliklarini efirga uzatyapmiz”, dedi.

Ammo Tolibon davrida jurnalistlar kaltaklanishi yoki hatto o'ldirilishidan qo'rqishadi va shu sababli ko’plab jurnalistlar o'z ishlarini tashlab ketdi yoki o'z-o'zini senzura qilishni boshlagan, deydi faollar.

Qunduzda avval 14 ta radio va oltita telekanal boʻlgan; hozirda faqat uchta radio va ikkita telekanal efirga uzatilmoqda, deydi mahalliy jurnalist.

Gʻarbiy Hirot viloyatidagi ayollar tomonidan boshqariladigan “Sahar” radiosi direktori Karimiy Tolibon Hirotni egallab olganidan keyin bir yarim oy oʻtib ishga qaytishga muvaffaq boʻlganini aytdi. Ammo u o'z xodimlarining xavfsizligidan xavotirda.

“Agar muxbirlarimizdan biri biror masalani yoritish uchun ko’chaga chiqsa, u ofisga eson-omon qaytib keladimi yoki yo‘qmi, ishonchimiz komil emas”, - deydi Karimiy.

Afg‘oniston Mustaqil Jurnalistlar Assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Hujjatulloh Mujadidiyning aytishicha, har bir viloyatda Tolibonning ayollarga munosabati turlicha.

"Ba'zi viloyatlarda ayollarga ishlash uchun ruxsat berilgan. Boshqalarida esa ruxsat berilmagan. Aftidan, mahalliy Tolibon bu borada o'z qarorini mustaqil qabul qiladi", - deydi Mujadidiy.

Tolibon Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Abdul Qahhor Balxiy 3-yanvar kuni “Deutsche Welle” nashriga bergan intervyusida OAV erkin emasligi va ayollarning huquqlaridan mahrum ekani haqidagi da’volarni rad etdi.

"Afg'onistonda juda erkin va jonli matbuot bor. Bunga hech qanday shubha yo'q", - dedi u.

Ammo, deydi Mujadidiy, avgust oyidan beri 20 dan ortiq jurnalist hibsga olingan; ba'zilari olti sutkagacha qamoqqa tashlangan.

Xalqaro Jurnalistlar Federatsiyasi Afgʻonistonni 2021-yilda jurnalistlar uchun eng koʻp halokatli mamlakatlardan biri deb taʼriflagan. Yil davomida bu yerda toʻqqiz kishi halok boʻldi.