Tolibon harbiy texnikani qaytarish bo'yicha Toshkentga keskin talab qo'ydi

Your browser doesn’t support HTML5

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko tahdidi ortidan Tolibon ham O’zbekistonga ogohlantirish bilan chiqdi.

Tahdid ohangidagi bu ogohlantirish Tolibon harakati asoschisi Mulla Umarning o’g’li, ayni paytda toliblar hukumati qurolli kuchlariga rahbarlik qilayotgan Muhammad Yoqub tomonidan yangradi.

Toliblar qo’mondoni O’zbekiston va Tojikistondan urush paytida afg’on harbiylari tomonidan olib qochilgan harbiy texnikalarni qaytarishni talab qildi; aks holda buning yomon oqibatlaridan ogohlantirdi.

Afg’onistonning “Tolo” agentligi tarqatgan video lavhalarda toliblar hukumatining mudofaa vaziri O’zbekiston va Tojikistonga olib o’tilgan harbiy samolyotlarni qaytarishni talab qilayotgani, afg’onlar, aniqrog’i toliblar sabrini sinamaslikni maslahat berayotganini ko’rish mumkin.

"O'zbekiston va Tojikistonni sabrimizni sinamaslikka va bizni samolyotlarni qaytarib olish uchun barcha ehtimoliy choralarni ko'rishimizga majburlamaslikka chaqiramiz", - deydi Muhammad Yoqub ushbu bayonotda.

Toliblar Afg’onistonda hokimiyatni qo’lga olar ekan, minglab afg’on harbiylari mamlakatni tashlab chiqgan. Ularning ko'pi harbiy samolyot va vertolyotlarda O’zbekiston va Tojikistonga qochib o’tgan edi.

Ma'lumotlarga ko'ra, o'tgan yili avgust boshlarida Afg'onistondan O'zbekistonga 40 dan ortiq havo texnikasi, jumladan, "A-29" yengil hujumchi samolyotlar hamda "Black Hawk" vertolyotlari qochib o'tgan.

Buni ham ko'ring O'zbekiston rasmiylari Kobulda Tolibon bilan savdo va tranzitni muhokama qildi

O’zbekiston tomoni avvalgiga afg’on harbiylari o’nlab samolyot va vertolyotlarda davlat chegarasini buzib o’tgani, bu harbiy texnikaning turi, sonlari haqida rasman ma’lumot taqdim etgan, keyinchalik darhol bu xabar texnik xatolik ekanligi yuzasidan raddiya bilan chiqqan edi.

Tolibon hukumati mudofaa vazirining bu tahdididan bir necha kun oldin Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq - Kolletkiv Xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammitida Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko O’zbekistonga ogohlantirish bilan chiqib, Qozog’istondagi namoyishlar ortidan terrorchi jangarilarning keyingi nishoni O’zbekiston bo’lishi mumkinligi haqida gapirgan edi.

Prezident Lukashenkoning bu bayonoti O’zbekiston jamotachiligida keskin norozilik uyg’otdi. Bu bayonot mamlakatni Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoqqa qaytarish uchun qilingan po’pisa sifatida baholandi.

Lukashenkoning bu bayonotidan bir necha kun o’tib endi Toliblar ogohlantirish bilan chiqmoqda.

Rasmiy Toshkent hozircha Lukashenkoning jamoatchilikda jiddiy munozaralar qo’zg’agan bayonotiga ham, Tolibon hukumati mudofaa vazirining ogohlantirishiga ham biror munosabat bildirgani yo’q.

Your browser doesn’t support HTML5

Afg'on-o'zbek chegarasi. Mirziyoyev otishga buyruq berdi