AQShga maxsus dastur orqali kelayotgan afg'onlar juda oz

  • Amerika Ovozi

Amerikaga yetib kelgan afg'onlar, Virjiniya shtati, 1-sentabr, 2021

Maxsus dastur orqali Amerikaga kelish uchun hujjat topshirgan afg'onlarning hozirgacha juda oz qismi qabul qilingan. Davlat departamentining hali chop etilmagan hisoboti shundan darak bermoqda.

Afg'onlar ikki dastur bo'yicha Amerikaga doimiy yashash uchun intila oladi. Biri azaldan mavjud: AQShga ishlaganlar uchun maxsus immigratsion viza programmasi. Ikkinchisi esa Davlat departamenti va boshqa organlar qochqinlarni olib keladigan programma.

2021-yilda Amerika Afg'onistondan o'z harbiy kuchlarini chiqarar ekan, bu mamlakatda unga ishlagan tarjimonlar va boshqa mutaxassislar uchun imtiyozlar berib, ularni tezlikda qabul qilishini e'lon qilgan edi.

AQSh va uning ittifoqchilari 124 mingdan oshiq afg'onni evakuatsiya qildi. O'nlab ming afg'onlar chiqa olmay ortda qoldi.

"The Priority 2", qisqacha P-2 degan dastur jurnalistlar, huquq himoyachilari kabi faol insonlarga yordam berish uchun yo'lga qo'yilgan edi, chunki ular boshqa maxsus immigratsion programmalarga mos kelmaydi.

P-2 orqali kelish uchun ariza berayotgan odamni, masalan, bu davlatning biror loyihasida qatnashgan yoki undan grant olib ishlagan mutaxassni u hamkorlik qilgan AQSh tashkiloti tavsiya qilishi kerak.

AQShning Kobuldagi elchixonasi, BMT Qochqinlar idorasi yoki biror nohukumat tashkilot ham afg'onlarni quvvatlab, unga eshik ochishni tavsiya qilishi mumkin.

Biroq afg'onlar avvalo boshqa bir davlatga chiqib olishlari kerak. Davlat departamenti arizani tekshirib, javob berishi bir yarim yilgacha vaqt oladi.

Minglab afg'onlar vatanni tark etish uchun hujjat to'g'rilay olmagan. Boshqa davlatga borib, oilasi bilan yashab turish uchun puli yo'q.

Nyu-Jersi shtatida qochqinlar uchun vaqtincha boshpana, 2-dekabr, 2021

"Dastur afg'onlar uchun mamlakatdan chiqish naqadar qiyin ekanini hisobga olmagan. Aks holda programma tez ishlagan bo'lar edi", - deydi ism-sharifi ayon etilmasligi sharti bilan gaplashgan rasmiy.

Shu kungacha Davlat departamenti 29 mingga yaqin afg'on uchun tavsiyanoma olgan. Shulardan 4200 nafari qabul qilingan. 350 nafari esa Pokiston va Turkiya singari davlatlarda javob kutmoqda.

Qolganlar esa tavsiyaga qaramay hali ariza topshirmagan. Ba'zilarining hujjatlari yetishmaydi. Katta sondagilar esa hamon Afg'onistonda.

Qochqinlar muammolari bilan ishlaydigan nohukumat tashkilotidan Betsi Fisher fikricha, hukumat bu dasturlardagi shartlarni qayta ko'rib chiqmasa, va'dalarini bajara olmaydi.

Davlat departamenti "Amerika Ovozi"ga bildirishicha, afg'onlarning vatandan bemalol chiqishi uchun imkon qadar yordam beriladi, Tolibon buning uchun to'siq qo'ymasligi lozim.

"Himoyaga muhtoj insonlar xalqaro madad ola bilishi kerak. Ular hozirda yashayotgan mamlakatlarda ham hukumatlar yordam qo'lini cho'zishi zarur".

Italiyadagi afg'on qochqinlar, 31-avgust, 2021

Afg'onistonda pasportsiz o'tirgan, pulsiz va tirikchiliksiz qolgan odamlar uchun bunday bayonotlardan foyda yo'q.

Tavsiya qilingan, ammo mamlakatdan chiqa olmayotgan ijodkor deydiki:

"Hamma narsamni sotib boshqa yurtga bordim, deylik. Oilam bilan u yerda kutib-kutib, keyin yo'q degan javob olsam-chi?"

"Qabul qilindingiz" degan javobni olganlarning ko'pi chet elda yashash juda qimmatga tushganini qayd etadi.

"Pulsiz, ishsiz, uysiz... Qancha kutamiz, hech kim bilmaydi", - deydi Pokistonda o'tirgan bir afg'on.

Buni ham ko'ring AQSh Afg'oniston xalqi uchun 308 million dollar yordam ajratdi

Tizimni o'rgangan ayrim ekspertlar bu dastur yaroqsiz degan xulosa qilib, hukumatga hatto uni yopish ma'qul, deb maslahat bergan.

Ammo ko'plar programmani tuzatishga, jarayonni tezlashtirish uchun favqulodda choralar ko'rishga undaydi.

Evakuatsiya va moliyaviy yordam muhokamada. Biroq Bayden ma'muriyati hozircha bu borada biror narsani o'zgartirmagan.

"Nazarimda hukumat uchun bu masala hozir prioritet emas", - deydi Keyti Larok, "InterAction" degan nohukumat uyushma vakili.

Respublikachi kongressmen Piter Meyjer tizimni yaxshilashga so'z bergan.

"Harbiylarimizni olib chiqdik, lekin Afg'onistonda ishimiz hali bitmadi, - deydi u. - Bizga ishlagan tarjimonlar va boshqa mutaxassislar o'shanda ham hayotini xavf ostiga qo'ygan, hozir ham kuchli tahdid ostida".

BMT Afg'onistonga yordam uchun bu hafta besh milliard dollar to'plash uchun harakat boshladi. Bu mablag'ning asosiy qismi sog'liqni saqlash tizimiga mo'ljallangan. Aholining yarmi ocharchilik bilan yuzlashmoqda.