Qirg’iziston asali, mevalarini amerikaliklarga tanishtirayotgan tadbirkor

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Qirg’izistonda tayyorlangan asal, quritilgan meva va boshqa yeguliklar yaqindan boshlab “Amazon” onlayn platformasida savdoga qo’yila boshladi.

Bu mahsulotlar “Arashan” savdo belgisi ostida xaridorlarga taklif etilmoqda. Chikagoda asoslangan kompaniyani yosh tadbirkor Joldosh Beyshembek yuritadi.

Buni ham ko'ring Qirg’izistonda asalarichilik biznesi

“2012-yildan beri Amerikadamiz. Boshida talaba bo’lib kelgan edik. Talabalik yillarida turli xil ishlarda, pitseriyada, yuk mashinasi haydovchisi bo’lib, shuningdek, IT sanoatida ishladik. Hozirda Qirg’izistondan AQShga oziq-ovqat eksporti bilan shug’ullanyapmiz. Ushbu g’oya “Amazon” onlayn do’koni orqali mahsulot sotayotib, paydo bo’ldi. Nima uchun Qirg’iziston tovarlari Amerikada yo’q, qanday olib kelsak bo’ladi, deb o’ylandik. Izlanishga, kerakli sertifikatlarni olish, hujjatlarni tayyorlashga ancha vaqt ketdi. Hozir turli shtatlardagi do’konlarni mahsulot bilan ta’minlayapmiz, doimiy xaridorlarimiz bor”, - deydi Beyshembek.

Uning aytishicha, AQShda tabiiy, toza mahsulotlarga talab oshib bormoqda. Mahsulotingiz haqida xaridorga to’liq ma’lumot berish ham o’ta muhim.

“Amazon” do’konida savdo qilib to’plagan tajribamiz ishimizda qo’l keldi. Bu tarmoqda biz bilgan-tanigan xaridorlarimiz bor edi. Ularga “Arashan” brendi ostidagi mahsulotlarimizni sinab ko’rishni taklif etdik. AQShda “feedback” tizimi yaxshi ishlaydi, ya’ni mahsulot sifati bo’yicha bir mijozning fikri ijobiy bo’lsa, bu boshqalarni ham jalb qiladi, ularning xarid bo’yicha qarorini osonlashtiradi”, - deydi u.

“Qirg’izistonda qishloq xo’jaligi mahsulotlari eksportini oshirishdan manfaatdor bo’lgan fermerlar tarmog’ini yaratganmiz va ular bilan ishlayapmiz. Shu paytgacha AQSh va Qirg’iziston qishloq xo’jaligi sektorlarini bog’laydigan bir ko’prik bo’lmagan, biz mana shu ko’prikni qurayapmiz hisob. Qirg’iz dehqonlariga shu tariqa Amerikadagi hamkorlaridan o’rganishga yordam beramiz”.

Buni ham ko'ring Florida: Garajida ixtirolar bilan mashg’ul qozoq olimi

“Qirg’izistonda ko’pchilik fermerlar asosan qo’shni mamlakatlardagi qishloq xo’jaligi amaliyotidan xabardor, chunki ularning mahsulotlarini regiondan tashqariga eksport qilishda tajribasi oz. Shu bois xalqaro standartlarga kelganda bilim yetishmaydi. Kelajakda balki almashinuv dasturlarini yo’lga qo’ysak, Amerikadagi oziq-ovqat standartlari bo’yicha fermerlarning bilimlarini oshirsak, Qirg’iziston mahsulotlarining eksporti oshadi”, - deydi tadbirkor.

Qirg’izistondan olib kelingan har qanday tovar ham AQSh bozorida raqobatga dosh berolmaydi. Asosiy masala – sertifikatsiya.

“Qiyinchiliklarimiz, birinchidan, boshida xaridorimiz kim ekanini yaxshi bilmaganmiz. Albatta, mahsulotingiz eng zo’r, eng sifatli deb ishonasiz. Ammo boshqa ishlab chiqaruvchilar ham o’z mahsuloti haqida shunday fikrda. Bozorni o’rgandik, kimga nima ma’qul ekani, potensial xaridorning yoshi, qiziqishlari, qanday tanlashi bo’yicha izlandik. Qirg’izistonni amerikaliklar bilishmaydi. Tushuntirasiz, o’lkani tanishtirasiz, bunga ancha vaqt kerak. Xullas, birinchi navbatda bozorni o’rganish kerak. Ikkinchi masala bu – sertifikatsiya. Sifatni tasdiqlovchi Qirg’iziston sertifikatlari AQShda o’tmaydi. Mahsulotimiz yuqori sifatli, ekologik toza, ximikatlardan xoli ekani to’g’risida AQSh standartlariga mos sertifikat olamiz. Busiz a’lo sifatga da’vo qilish qiyin”, - deydi Beyshembek.

“Hozirda uch yo’nalishda ishlayapmiz – asal, quruq mevalar va murabbo savdosi, - deydi Joldosh Beyshimbek. - Hammasi Qirg’izistonda ishlab chiqariladi. Chikago atrofida 200 ga yaqin do’konlarga mahsulot yetkazyapmiz, shuningdek, onlayn plaformada butun Amerika bo’yicha. Maqsadimiz – mutaxassislarni yaqin orada Qirg’izistonga jo’natib, AQShda mahsulotlarimiz organik ekanini tasdiqlovchi sertifikat olish. Shunda ko’p tarmoqli boshqa yirik do’konlarga ham eshik ochiladi. Bu Qirg’iziston fermerlari uchun ham yangi bozorlarni ochib beradi”.