AQShda narx-navo oshib borayotgani Bayden uchun shumxabar

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Jo Bayden prezidentligining birinchi yilini yakunlar ekan, uning xalq orasidagi reytingi past. Bunga asosiy sabab inflyatsiya va pandemiya davom etayotganidir.

O’tgan yili Oq uy tomonidan olg’a surilgan va Kongressda ovozdan o’tgan 1,9 trillion dollarlik loyiha oilalar va bizneslarga pandemiyadan o’tib olishga yordam berdi.

Millionlab amerikaliklarga 1400 dollarlik chek jo’natildi. Farzandli oilalarga oylik to’lovlar esa qashshoqlikni kamaytirgani e’tirof etilmoqda. Ammo bu yordamlar ta’sirini qisman inflyatsiya yemiryapti.

“COVID tufayli odamlarda pul yo’q, ba’zilar endigina ishiga qaytgan. Benzin narxini qarang, bu nimasi”, - deydi Teliliya Skott ismli amerikalik.

Buni ham ko'ring AQSh iqtisodiyoti ancha o'sgan, ishsizlik kamaygan

Dekabrda inste’mol narxlari indeksi bir yil oldingiga qaraganda 7 foizga oshgan. Bu so’nggi 40 yilda eng yuqori ko’rsatkich. Inflyatsiya iqtisodiy o’sishni susaytirgan, ammo Oq uyga ko’ra, ish o’rinlari yaratishga kelganda raqamlar a’lo.

“Ishsizlik sabab kompensansiya olayotganlar bir yil oldin 812 ming edi, bugun esa 210 ming. Ishsizlik darajasi qariyb 6,5 foiz edi, bugun qariyb 4 foiz. COVID bo’yicha vaziyatga kelsak, bir yil oldin kattalarning atigi 1 foizi emlangan edi, hozirda 74 foizi”, - deydi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki.

Mamlakat bo’ylab koronavirusga qarshi vaksina markazlari ochilib, 200 milliondan ziyod kishi emlandi. O’tgan yili hatto qisqa vaqt normallik qaytgandek bo’ldi. Biroq ayni paytda “omikron” sabab kasalxonalar yana to’lgan.

Bayden prezidentligining birinchi yili yakunlanar ekan, uning reytingi tushib ketgani asosan pandemiya va inflyatsiya bilan bog’liq. So’rovlar shundan darak bermoqda.

Amerikaliklarning 65 foizi Bayden ma’muriyati narxlarni pasaytirish uchun yetarlicha chora ko’rmayapti degan fikrda.

“Bayden koronavirusni yengamiz, iqtisodiyotni oyoqqa turg’azamiz, deb saylangan edi. Shunday va’dalar bergan. Pandemiya qancha uzoq davom etsa, aholi orasida norozilik ham oshaveradi”, - deydi “Ipsos” tadqiqot markazi vakili Melori Nyuvol.

Bayden bir qator yangi qonunlarni ham ko’zlagan edi. Respublikachilarning ko’magi bilan 1 trillion dollarlik infratuzilma loyihasi ovozdan o’tdi. Bu iqtisodiyotimizni raqobatbardosh qiladi, deydi prezident.

Dekabrda inste’mol narxlari indeksi bir yil oldingiga qaraganda 7 foizga oshgan

Biroq “Yaxshiroq qayta quramiz” nomli 1,7 trillion dollarlik, iqlim o’zgarishiga qarshi kurash uchun mablag’ni ham o’z ichiga olgan yana bir tashabbus joyidan siljimayapti.

Bundan tashqari, fuqarolarning ovoz berishini osonlashtirishga qaratilgan ikki qonun loyihasi ham Senatda to’xtab qoldi, chunki respublikachilar tish-tirnog’i bilan qarshi. Ayrimlar fikricha, Oq uy va demokratlar yondashuvini o’zgartirish vaqti keldi.

“Respublikachilar demokratlar uchun muhim bo’lgan, serxarajat loyihalarda ular bilan hamkorlik qilmaydi. Shunday ekan, ehtimol kichikroq tashabbuslar bilan chiqish vaqti kelgandir. Kichik o’zgarishlar ham vaqt o’tishi bilan natija beradi. Katta g’alaba bo’lmasa-da, bir qancha kichikroq yutuqlarga erishsa bo’ladi”, - deydi tahlilchi Kevin Kosar.

Jo Bayden ikkiga bo’linib qolgan xalqni birlashtirishga ham va’da bergan edi. O’tgan yili Tramp tarafdorlarining Kapitoliyga hujumi ketidan tarqoqlik yanada avj olgan. So’rovlarga qaraganda aksariyat respublikachilar 2020-yilgi saylov g’alabasi Trampdan tortib olingani haqidagi asossiz da’volarga ishonadi.