Vashington Rossiya tahdidiga qarshi Boltiqboʻyi va Sharqiy Yevropaga bir necha ming askar jo’natish ustida o’ylanar ekan, AQSh Prezidenti Jo Bayden dushanba kuni tushdan keyin Yevropa yetakchilari bilan muloqot o’tkazdi.
"Men juda-juda yaxshi uchrashuv o'tkazdim. Barcha Yevropa yetakchilari yakdil", - dedi Bayden Yevropa Ittifoqi va NATO yetakchilari bilan o’tkazilgan video muloqotdan so’ng.
Britaniya Bosh vaziri Boris Jonsonning idorasi Baydenning xulosasini qo'llab-quvvatlovchi bayonot chiqardi.
"Rossiyaning zo’ravonligi kuchayib borar ekan, liderlar xalqaro birlikning muhimligi haqida kelishib oldilar", deyiladi unda.
Bayden AQSh harbiy texnikasi va mutaxassislarini Rossiyaga yaqin hududlarga ko’chirish to‘g‘risida bir qarorga kelmagan. Ammo Oq uy matbuot kotibi Jen Psakining aytishicha, AQSh “har doim Rossiyaga yaqin bo‘lgan sharqiy qanotdagi ittifoqchilarni qo‘llab-quvvatlash”ga tayyor.
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinga ko’ra, 8500 nafar amerikalik harbiy xizmatchi Sharqiy Yevropaga jo'nash uchun "yuqori shay holatga keltirilgan". Agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, ularning aksariyati NATO javob kuchlari tarkibiga qo’shilishi mumkin.
“Rossiyaliklar hozir vaziyatni yumshatish niyatida emasliklari aniq” – dedi Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi jurnalistlarga.
Bizning bu yordamimiz NATOdagi ittifoqdoshlarimiz birga ekanimizni ko’rsatishdir, deya qo’shimcha qildi u.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa keskinlikning kuchayishida Qo'shma Shtatlar va uning NATO bo'yicha ittifoqchilarini aybladi.
Baydenning Yevropa yetakchilari bilan o’tkazgan uchrashuvidan soʻng Oq uy bayonot tarqatdi.
“Liderlar, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga nisbatan keyingi tajovuzini toʻxtatish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni, jumladan, Rossiyaga katta salbiy oqibatlar va ogʻir iqtisodiy yo’qotishlar keltiruvchi sanksiyalarni qo’llashga tayyorgarlik koʻrishni, shuningdek, NATOning sharqiy qanotida xavfsizlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi”, - deyiladi ushbu bayonotda.
Your browser doesn’t support HTML5
Baydenning ta’kidlashicha, agar Rossiya bosqinni amalga oshirsa, AQSh to’g’ridan to’g’ri Ukrainaga qo'shin yubormaydi, lekin Moskvaga tezkor va jiddiy iqtisodiy sanksiyalar joriy qilinadi.
Kirbining aytishicha, AQSh armiyasi Rossiyaning Ukraina chegarasida va Belarusda to’plangan 127 000 askarini “yaqindan kuzatmoqda”.
Qo‘shma Shtatlar “Ukraina bo‘yicha tayyorgarlikni kuchaytirish choralarini ko‘rmoqda”, shu jumladan, NATOning javob kuchlari harakatga keltiriladi, deya qo’shimcha qildi Pentagon matbuot kotibi.
AQSh va Rossiya rasmiylari so'nggi ikki hafta ichida to'rt marta yuzma-yuz uchrashuv o'tkazdi. Bayden ham Rossiya va Ukraina mavzusida yevropalik ittifoqchilar bilan bevosita gaplashdi.
Rossiya qoʻshinlari oʻzini himoya qilish uchun chegarada turganini da’vo qilib, NATOdan Ukrainaning alyansga qoʻshilishiga yoʻl qoʻymaslikni va sharqqa tomon kengayishini toʻxtatishni talab qilmoqda. NATO bu talablarni bir necha bor rad etib, Rossiya boshqa davlatlarning NATO a’zoligini so’rab qilgan murojaatiga veto qo’yish huquqiga ega emasligini aytdi.
AQSh va Rossiya shu hafta bir-birlarining talablari va bu talablarga javoblari yuzasidan yozma bayonotlar almashishi kutilmoqda.
Bayden dushanba kuni Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Leyen, Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Olaf Shols, Italiya Bosh vaziri Mario Dragi, NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg, Polsha Prezidenti Andjey Duda va Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson bilan muloqot qildi.
Dushanba kuni ertalab NATO aʼzolari Rossiyaning Ukraina chegarasida harbiy kuchlari sonini oshirishiga javoban Sharqiy Yevropaga qoʻshimcha harbiy kemalar va qiruvchi samolyotlar yuborayotganini maʼlum qilgan edi.
NATO bayonotida aytilishicha, shuningdek, Daniya, Ispaniya, Fransiya, Niderlandiya va AQSh kabi bir qancha davlatlardan qo‘shimcha askar va texnikalar yuborilishi rejalashtirilgan.
“NATO barcha ittifoqchilarni himoya qilish uchun barcha zarur choralarni koʻrishda, shu jumladan, alyansning sharqiy qismini mustahkamlashda davom etadi, - dedi Stoltenberg. - Biz har doim xavfsizlik muhitining yomonlashishiga jamoaviy mudofaani kuchaytirish orqali javob beramiz".
Bu orada AQSh va Britaniya Kiyevdagi o’z elchixonalaridan xodimlar va ularning oila a’zolarini ko’chirish harakatini boshladi.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi bu xabarni tasdiqladi, ammo noroziligini bildirdi.
“Biz chet davlatlarning oʻz diplomatik vakolatxonalari xavfsizligini taʼminlash huquqini hurmat qilsak-da, bunday qadamni xom va haddan tashqari ehtiyotkorlik misoli deb hisoblaymiz”, - deb yozdi dushanba kuni vazirlik matbuot kotibi Oleg Nikolenko.
Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozep Borrel ittifoq Rossiya bilan ziddiyatli vaziyatda diplomatlarning oila a’zolarini Ukrainadan olib chiqish bo’yicha Qo‘shma Shtatlar va Britaniya yo’lidan yurmasligini ma’lum qildi.