Breaking News

Mujdaboyev: Putinning mag’lubiyati Ukrainadan boshlanadi


Rossiya va Belarus Ukraina chegarasida harbiy mashqlar rejalagan
Rossiya va Belarus Ukraina chegarasida harbiy mashqlar rejalagan

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ehtimoli oshib bormoqda, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan kuzatuvchilar. Federatsiya qo’shinlari Ukraina tomon harakatlanishda davom etmoqda, chegarada Rossiya-Belarus harbiy mashqlari kutilmoqda.

Bu xabarlar manzarasida ayrim davlatlar Ukrainadagi elchixonasi xodimlarining bir qismini vataniga ko’chira boshlaganiga doir ma’lumotlar paydo bo’lmoqda.

Rossiya-Ukraina munosabati Qrim ishg’oli, Donetskdagi ayirmachalik harakati ortidan shundoq ham keskin, qurolli to’qnashuvlar hozirgacha tinmagan edi.

Ammo bu safargi ziddiyat to’lqini, aniqrog’i Rossiyaning biror sabab bilan Ukrainaga bostirib kirishi ehtimoli o’ta jiddiy baholanyapti. Bu bostirish keng qamrovli urish shaklida bo’ladimi yoki Ukrainaning biror shahri ko’zlangan ishg’ol bo’ladimi, noma’lum.

Ukraina esa keng qamrovli urushga hozirlanmoqda, AQSh, Britaniya va Yevropadagi boshqa davlatlardan harbiy texnik yordam, qurol-yarog’ qabul qilib olmoqda, mamlakat qurolli kuchlari jangovar holatda.

Matbuotda Rossiya va Ukrainada o’rtasidagi ehtimoli urushning ssenariylari tahlil qilinmoqda, tomonlardagi qurollar turi, mavjud texnika, jangchilar soni, salohiyati, urush strategiyasi muhokamaga chiqqan. Xullas, vaziyat xavotirli, urush ehtimoli ortgan.

Rossiya-Ukraina: "Urush ehtimoli yuqori"
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:15 0:00

Kiyevdan taniqli jurnalist Ayder Mujdaboyening ta’kidlashicha, urush ehtimoli kuchli, ammo Ukraina bunga tayyor, urush ochilsa Putinning mag’lubiyati Ukrainadan boshlanishi mumkin.

Ayder Mujdaboyev: Ukrainada xotirjamlik, ehtimol xavotirda oziq-ovqat g’amlayotganlar ham bordir, ammo umuman agressiya xavfi xotirjam qarshi olinmoqda. Men hozir shahar markazidaman, biror talvasani kuzatganim yo’q. Armiya o’z joyida, ittifoqdoshlardan harbiy texnikaviy yordam kelyapti, jangchilar, qo’mondonlik o’z vazifasini biladi. Ukraina armiyasi, 300 ming kishiga yaqin zahiradagilar ham jangovar tajribaga ega. Bu yerda 8 yildirki urush davom etyapti, har kuni odamlar halok bo’lyapti, xullas hech kim Putinni shunchaki kutayotgani yo’q, ularning maqsadi bizga ayon. Xullas, iqtidorda kimning hokimiyati bo'lishidan qat’i nazar ishg’ol qilingan hududlar qaytarilmasdan hech kim Rossiya bilan yarashmoqchi emas. Albatta, marginallar, rossiyaparast kuchlar ham bor, deylik Britaniya hisobotida ko’rsatilgan Murayev, men bir necha yillar avval u Kreml ayg’oqchisi ekanligini aytgandim, menga qarshi mahkama ham qo’zg’adi, ikki bor ham men yutib chiqdim.

"Amerika Ovozi": Siz chiqishlaringizda hozir jamoatchilikda vahimaga yo’l qo’ymaslik o’ta muhimligi haqida yozasiz, bunday vahima, talvasa rostdan kuzatiladimi? Umuman, Rossiyani Ukrainaga bostirib kirish xavfi qanchalik real?

Ayder Mujdaboyev: Gap shundaki, Ukrainaga hujum qilish qarorini faqat bir kishi, Putin qabul qilishi mumkin. Shuning uchun bu borada aniq javob yo’q. Ammo biz Qrim misoliga murojaat qilishimiz mumkin, bu Putin xuddi banditlardek harakat qilishini ko’rsatadi. Ya’ni qarab ko’rdi, biror jiddiy reaksiya yo’q, demak bosib olish mumkin deb o’yladi. Ya’ni u reaksiyaga qarab ish tutadi. Hozirgi paytda munosabat, yordam ancha yaxshi, Germaniyani hisobga olmaganda. Nemis admiralining bu so’zlari Germaniyada hamon Putin yoki Gitler qiyofasidagi liderlarga ehtirom mavjudligini ko’rsatadi, umuman Germaniyaning roli taassuf uyg’otadi. Bundan qat’i nazar boshqalar yordam bermoqda, umid qilamizki Germaniyadagi munosabat ham o’zgaradi. Xullas, agar Putin bostirib kirishga qaror qilsa, albatta ko’plab qurbonlar bo’ladi, ammo Rossiya imperiyasining tugashi aynan shu yerdan boshlanadi. Bu urush Rossiyaning ichida ham mustaqillik uchun harakatlarga turtki beradi, asrlar davomida o’z mustaqilligini kutayotgan xalqlarga umid beradi. Xullas, hali Rossiya uchun 90-yillardagi vaziyat qaytadi, bu safar faqat bu jarayon yakunlanadi. O’sha paytda xalqaro jamoatchilik Checheniston qirg’in qilinishiga jim qarab turdi, Rossiya agressiyasini quvvatlaganlar ham bo’ldi. Bu agressiya davom etmoqda, mana hozir biz Ukrainaga hujumni muhokama qilib turibmiz.

"Amerika Ovozi": So’nggi paytda Turkiya prezidenti ham Ukraina va Rossiyani murosaga keltirish bo’yicha tashabbuslar ko’rsatmoqda, ikki davlat prezidentlarini Turkiyaga taklif qilmoqda. Sizningcha, Erdog’an tashabbusining istiqboli qanday?

Ayder Mujdaboyev: Nazarimda, Rossiya manfaatlarini hisobga olmagan har qanday tashabbus hozir diqqatga molik. Erdog’anga rahmat buning uchun, Putin bunga rozi bo’ladimi, yo’qmi, bu ikkinchi masala. Ziddiyat ma’lum bir muddatga bo’shashi ham yaxshi narsa, chunki gap uchinchi jahon urushiga aylanishi mumkin bo’lgan o’ta yirik ziddiyatga taqalmoqda. Boshqa tomondan Erdag’an rostdan ham cho’chiyapti, chunki Turkiya razvedkasi Putin Yevropadan tashqari Qora dengizga ham ko’z tikayotgani haqida aytgandir. Putin “Ayo Sofiya”ga ham ko’z tikayotganiga doir qarashlar bor. So’nggi yillar dunyoni qutqarish uchun jiddiy hamjihatlik zarurligini ko’rsatmoqda, faqat shu hamjihatlik Putinni to’xtatishi mumkin. Agar u boshlaydigan bo’lsa, mag’lubiyatga uchrashi aniq, boshqacha bo’lishi mumkin emas.

"Amerika Ovozi": Ukraina bilan bog’liq so’nggi vaziyat Qrim, qrim-tatarlar bilan bog’liq muammolarni qanchalik qiyinlashtirdi?

Ayder Mujdaboyev: Avvalo, vahimaga doir avvalgi savolga to’liqroq javob berib o’tsam. Aytmoqchi edimki, sobiq prezident Poroshenko bilan bog’liq mojaroni hamma qoralab chiqdi, siyosiy raqobatdan qat’i nazar. Ular biri-birini yoqtirmas, hozir bu muhim emas, siyosiy elita tashqi agressiya qarshisida jipslashishi, tashabbusni qo’lga olishi kerak. AQShda o’zar raqobatdagi respublikachi va demokratlar Ukraina masalasida yakdil, mamlakatning o’zida esa buni uddalash qiyindek. Bunga barham berilishi kerak, Putin Ukrainada vahima boshlanishini kutmasin. Qrim masalasiga kelsak, bu unutilmaydigan, asosiy savol. Rossiya inqirozi ortidan birinchi ko’ndalang qo‘yiladigan masala bu Qrim bo’ladi. Qrim qirimliklarga, qrim-tatarlariga qaytariladi, Ukraina tarkibida ular o’z vataniga egalik qiladi, men bunga to’liq ishonaman.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG