Rossiya Ukrainaga kirsa, AQSh texnologik sanksiyalar qo'yadi

  • Amerika Ovozi

Prezident Jo Bayden yangi avlod chiplarini ko'rsatib, Amerikaning texnologik qudrati haqida gapirmoqda, Oq uy, Vashington

Bayden ma'muriyati Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, qattiq jazolanadi, deya ogohlantirib kelmoqda. Oq uy hozirda aynan qanday choralar ko'rishi mumkinligi haqida gapira boshlagan. Amerika Rossiyaga ilg'or texnologiya savdosini taqiqlashi mumkin.

Bunday chorani AQSh 2020-yilda Xitoyning "Huawei" kompaniyasiga qarshi qo'llagan. Amerika texnologiya bozoridan uzilish bu biznesga mislsiz zarar keltirgan. Bir paytlar smartfon savdosida birinchi bo'lgan "Huawei" hozirda 10-o'rindan ham pastga tushib ketgan.

Pekin ko'chalarida

Rossiya bilan bunday texnologik tijoratni Amerika qanchalik cheklashi mumkin, buni vaqt va Kreml harakatlari ko'rsatadi, deydi ekspertlar.

"Hukumat hamisha oldidagi variantlarni ko'paytirishni xohlaydi. Eng keskin choradan eng yumshog'igacha, hammasi o'ylab qo'yilishi kerak", - deydi Kevin Vulf, AQSh Tijorat vazirining sobiq muovini.

Vulf fikricha, Oq uy qadamni Rossiya qarorlariga qarab qiladi. Ukraina hududi egallab olinsa, Vashington bir sanksiya bilan cheklanmaydi.

2014-yilda Ukrainadan Qrimni tortib olgan Rossiya Donbassning katta qismini hamon nazorat qiladi.

Tramp ma'muriyati paytida muvaffaqiyatli sinab ko'rilgan chora endi doktrinaga aylanishi mumkin. U shundan iboratki, AQShda ishlab chiqarilgan yoki testdan o'tkazilgan texnologik mahsulotlarni Vashington dunyoning har yerida har kim tomonidan sotilishini taqiqlashi mumkin. Bu doktrina, Kreml urush ahdida qaytmasa, Rossiyaga nisbatan ishga solinadi.

AQShda ishlab chiqarilgan yoki testdan o'tkazilgan texnologik mahsulotlar yarimo'tkazgich chiplardan tortib, xilma-xil programmalar, turli shakldagi asbob, jihoz va vositalarni o'z ichiga oladi.

Amerika bilan bog'liq har qanday texnologiyaning faoliyati yo uziladi va zaiflashadi. Ular yangilana olmaydi, litsenziyasini yo'qotadi.

Strategik texnologiyalar bo'yicha mutaxassis Jim Luis deydiki, bunday choralar Amerikaning o'ziga ham zarar yetkazishi aniq, shu bois keskinlikdan qochish kerak.

"Biroq Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, bu chora asosli bo'ladi", - deya qo'shadi ekspert.

Texnologik cheklovlar nafaqat Rossiya sanoatiga, balki xorijda u bilan bog'liq har qanday sektorga ham zarba bo'ladi. Vashington Rossiya mudofaa tizimi uchun savdoni, jumladan texnologik oldi-berdini allaqachon taqiqlab qo'ygan.

Moskva ko'chalarida

Oq uy yangi sanksiyalar bilan muayyan kompaniyalarni nishonga olishi mumkin, xususan Rossiya havo yo'llari bilan ishlaydigan bizneslarni.

Eng keskin chora, ekspertlar nazarida, Rossiyani jahon texnologiya bozoridan uzish bo'ladi.

"Masalan, Rossiya "iPhone"siz qoladi", - deydi Jim Luis.

Rossiya bunday sanksiyaga qarshi qanday imkoniyatlarga ega?

Mahalliy ishlab chiqarishi talabni qondirmaydi, deydi Jeffri Edmonds, CNA aql markazi tahlilchisi.

"Rossiya mikrochiplar, mikroelektronik vositalar va umuman elektronik sanoatda hamisha orqada bo'lgan. Xususiy sektor hozir ayniqsa zaif. Texnologik kompaniyalarni bevosita va bilvosita hukumat nazorat qiladi. Korrupsiya chuqur ildiz otgan tizimlar".

Kreml yordamni Xitoydan izlashi mumkin. Rossiya bu borada qo'shni davlat bilan allaqachon hamkorlik qiladi.

Axborot texnologiyasi mahsulotlarining 68 foizi federatsiyaga Xitoydan keladi. Lekin bu tovarlarning ham Amerikaga taalluqli jihatlari bor.

Qisqa muddatda AQSh taqiqi Xitoyga kuch beradi, deydi ekspertlar, shu bilan birga Vashington-Pekin aloqalarini yanada taranglashtirishi mumkin.

Xitoy kompaniyalari uchun Amerika asosiy bozor ekan, Rossiya sabab undan uzilish ishlab chiqarish va eksportni izdan chiqarishi mumkin.

Bunday choralar bilan Amerika texnologik ustunlikni boy bera boshlaydi, deya xavotirlanadi mutaxassislar. AQShdan ololmagan mahsulotni Rossiya yoki har qanday davlat boshqa joydan qidiradi. Talab yuqori ekan, Xitoyda bu sektor taraqqiyoti tezlashishi muqarrar.