Faollar sportchilarni Pekin olimpiadasiga qarshi gapirishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Pekindagi qishki olimpiya o'yinlariga qarshi o'tkazilgan norozilik namoyishi, Parij, Fransiya, 2022-yil, 26-yanvar

Huquq himoyachilari Pekin qishki olimpiya o’yinlari boshlanishi arafasida sportchilar va homiylarni yana bir bor "genotsid o'yinlari"dan o’zlarini chetga olishga undadi.

“Human Rights Watch” huquq tashkiloti tomonidan uyushtirilgan onlayn matbuot anjumanida soʻzga chiqqan xitoylik dissidentlar hamda ozchilikni tashkil etuvchi uygʻur va Tibet xalqlari vakillari xalqaro ishtirokchilarni kelasi hafta boshlanadigan sport musobaqasiga Xitoyning mezbonlik qilishiga qarshi chiqishga da’vat qildi.

“2022-yilgi Qishki olimpiya oʻyinlari genotsid oʻyinlari sifatida yodda qoladi”, - dedi xitoylik inson huquqlari faoli, hozirda Chikago universiteti professori Teng Biao.

Xitoylik inson huquqlari faoli, hozirda Chikago universiteti professori Teng Biao

“XKPning maqsadi sport maydonlarini aynan siyosiy qonuniylik sahnasiga aylantirish va uni vahshiyliklarni oqlash vositasi sifatida ishlatish”, - deya qoʻshimcha qildi u hukmron Xitoy Kommunistik partiyasiga ishora qilib.

Xitoyning qattiqqo’l yetakchisi Si Zinpin davrida qatag'onlar jamiyatning turli qatlamlariga yoyildi. Gonkong hukumati 2019-yil Pekin bosimi ostida hukumatga qarshi namoyishlarni kuch bilan bostirdi. Pekindagi markaziy hukumat, shuningdek, oʻzgacha fikrni boʻgʻishga qaratilgan milliy xavfsizlik qonunini qabul qildi. Bu esa faollarni hibsga olish va fuqarolik jamiyati guruhlarini tarqatib yuborish imkonini yaratdi.

Ayni paytda, tadqiqotchilarga ko'ra, mamlakatning g'arbiy Shinjon mintaqasida so'nggi yillarda bir milliondan ortiq, asosan, uyg’urlardan iborat mahalliy xalq qayta tarbiyalash lagerlariga tashlangan.

Xitoy hukumatining uyg‘urlarga nisbatan zulm siyosatini o’rganish maqsadida Britaniyada taniqli bir advokat tomonidan tashkil etilgan mustaqil norasmiy organ dekabr oyida Xitoy hukumati genotsid sodir etgan degan xulosaga keldi.

Xitoy hukumati mintaqada inson huquqlari poymol etilishini doimiy ravishda rad etib keladi va odamlar xavfsizligini ta'minlash maqsadida mintaqada ekstremizmga qarshi kurash olib borganini aytadi.

Huquq faollari Pekin qishki olimpiadasiga qarshi namoyish o'tkazmoqda, Taypey, Tayvan, 2021-yil, 10-dekabr.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbin huquq tashkilotining Olimpiadani boykot qilish haqidagi davomli chaqiriqlariga munosabat bildirib, shunday dedi:

"Go’yoki inson huquqlari tashkiloti deb ataladigan bu guruhning Xitoyga noxolisligi aniq va u buzg'unchilik qilishga intiladi. U to'qib chiqargan yolg'on va mish-mishlar hech kimga ma’qul emas. Uning Olimpiya ruhiga zarar yetkazish maqsadidagi manfur harakatlari hech qachon muvaffaqiyat qozonmaydi".

Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, Olimpiadani siyosiylashtirmaslikka chaqirdi. Shunga qaramay, AQSh boshchiligidagi bir necha davlat allaqachon musobaqani diplomatik boykot qilish haqida qaror qabul qildi.

Faollar o'yinlarning to'liq boykot qilinishiga erisha olmadi, biroq ular Xitoyga qarshi o'z fikrlarini bildirishda davom etmoqda.

"Sizning sukunatingiz - ularning kuchi. Ular hamma narsadan ko'ra shuni xohlaydilar: dunyo Xitoy qoidalari bilan o'ynashini, biz Xitoyning yo'l-yo'rig'iga yurishimizni, biz hech narsa bo’lmagandek, bu vahshiylik va jinoyatlardan ko’z yumishimizni", - dedi Tibet Harakat instituti direktori Ladon Tethong juma kuni bo'lib o'tgan matbuot anjumanida.

U to'g'ridan-to'g'ri AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqa davlatlar sportchilariga murojaat qilib, ularni ochiqchasiga gapirishga undadi.

“Siz o'z platformangizdan, imtiyozingizdan va bu tarixiy imkoniyatdan foydalanishingiz kerak, deb ishonaman. Siz genotsid to'lqiniga qarshi chiqishingiz kerak", - dedi u.

Buni ham ko'ring Fransiya parlamenti: Xitoyning uyg’urlarga nisbatan siyosati genotsid