Firdavs Abduxoliqov sudi nega yopiq o'tdi?

Firdavs Abduxoliqov qariyb 30 yildan beri O'zbekiston media makonida muhim rol o'ynab keladi. Islom Karimov davrida uning qizi Gulnora Karimovaga yaqin bo'lgan, ammo u bilan bog'liq tekshiruvlardan omon chiqib, o'z nufuzini saqlab qolgan.

Bir million so’m pora olgan oddiy o’qituvchi yoki shifokor 5 yilga qamalayotgan, blogerlar oddiy so'zi uchun yillab ozodlikdan mahrum etilayotgan paytda, deydi huquq himoyachisi Nosir Zokir, korrupsionerlar oson qutulmoqda.

Milliardlab mablag’ni qarindoshlari foydasiga o’tkazishda ayblanayotgan “O’zbekkino” rahbari Firdavs Abduxoliqovning 8 million so’mlik jarimaga tortilishi, mahkamasi yopiq o’tayotgani jamoatchilikda norozilik uyg’otmoqda.

Mahalliy jurnalistlarga ko'ra, Abduxoliqov sudining qanday kechayotgani Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat xizmatchilariga doir sud jarayonlari ochiq namoyish etilishi haqidagi farmoniga ziddir.

O’zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy uyushmasi rahbarligidan o’z ixtiyori bilan bo’shagan, ammo ayni paytda “O’zbekkino” rahbari lavozimini saqlab qolayotgan Abduxoliqov ustidan mahkama shoshilinch tarzda o’tgan.

Bosh prokuratura 25-yanvar Abduxoliqov tergov ishiga doir taqdimnomani sudga yuborgan.

27-yanvar kuni Chilonzor tuman sudida bu boradagi dastlabki sud majlisi bo’lib o’tgan. Abduxoliqov 8 million so’mlik jarimaga tortilganiga doir sud qachon o’tgani, mahkama qarori qachon e’lon qilingani noma’lum.

Oliy sudning rasmiy sahifasida ham Abduxoliqovga doir mahkama yuzasidan biror ma’lumot ko’zga tashlanmaydi.

Mojaroni kuzatib kelayotgan faollardan biri, huquq himoyachisi Nosir Zokirning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, korrupsiyada ayblangan, o’z vakolatidan foydalanib milliardlab davlat mablag’ini qarindoshlari foydasiga o’tkazgan amaldorning 8 millionlik jarimaga tortilishi jamoatchilikni g’azabga keltiradi.

Buni ham ko'ring Firdavs Abduholiqov: O'zbekiston madaniy merosi, kinosi va OAV

Ayniqsa 1 million so’m pora olgan oddiy o’qituvchi yoki shifokor 5 yilga qamalayotgan bir paytda, deydi u. Blogerlar oddiy so'zi uchun hibsga olinib, yillab ozodlikdan mahrum etilayotgan bir muhit, deydi Nosir Zokir.

“Nega mahkama haqida hech kimga xabar berilmadi, yashirildi? Chunki Firdavs Abduxoliqov ortida bosh vazir darajasidagi jiddiy kuchlar turibdi. Nega milliardlab mablag’ni o’margan amaldor oddiy jarima bilan qutulyapti, ochiq gapirgan blogerlar 5-6 yilga qamalib ketyapti? Esingizda bo’lsa, birmuncha avval o’zbek kinoijodkorlari Abduxoliqovga qarshi ommaviy norozilik bilan chiqishgan edi, o’shanda ham bu ishni bosh vazir tinchitgan, Abduxoliqovni himoya qilib chiqqan edi. Qanday qilib davlatni shuncha mablag’ini o’zlashtirgan, eng asosiysi prezident islohotlariga ochiq qarshi bo’lib turgan amaldor jarima bilan qutulishi mumkin?”, - deydi Nosir Zokir.

Abduxoliqov mamlakatdagi mediamagnatlardan biri sifatida ko’riladi.

Mojaro uning turmush o’rtog’i, o’g’li va qiziga tegishli bo’lgan “Sevimli” telekanali, jumladan unda namoyish qilingan “Sabriya” serialidagi “axloqsiz” kadrlar muhokamasidan boshlandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda munozara qizishi ortidan “Sevimli” telekanali Abduxoliqovning oilasiga tegishli ekani, tanqidga tutilgan serial esa davlat mablag’lari hisobiga ishlangani, bu mablag’lar telekanalga aynan Abduxoliqov ishtiroki bilan ajratilgani ayon bo’ldi.

“Sabriya” muhokamalariga Mirziyoyevning qizi Saida Mirziyoyeva qo’shilishi ortidan mojaro darhol huquq-tartibot idoralari, xususan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi diqqatini ham tortdi.

Aynan shu agentlikning holat yuzasidan manfaatlar to’qnashuvi aniqlangani haqidagi xulosasi Abduxoliqov ustidan ma’muriy ish qo’zg’atilib, jarimaga tortilishida muhim rol o'ynadi.

Buni ham ko'ring O'zbekiston korrupsiya botqog'idan chiqa oladimi?

Biroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham bu masalada tanqiddan xoli emas.

Hozirgacha kuzatilgan qator korrupsiyaviy mojarolarda sukut saqlagan agentlikning Abduxoliqov bilan bog’liq ishda jiddiy bayonot bilan chiqqani shubhali baholanadi.

Agentlikning bu xulosasi ortida boshqa manfaatdorlar, xususan mamlakatdagi mediamagnatlardan yana biri Komil Allamjonov yetakchiligidagi guruh turganiga doir iddaolar ham mavjud.

Nosir Zokir fikricha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur holat yuzasidan to’g’ri bayonot bergan, manfaatlar uchun kurash esa tabiiy.

“Bu mojaroga boshqa guruhlar aralashgani, hokimiyat doirasidagi kuchlar manfaat talashayotganiga doir qarashlar ham bor. Bu ham to’g’ridir, chunki bu kurash har doim bo’lgan. Karimov davrida zimdan olib borilgan bo’lsa, hozirgi sharoitda bir qadar ochiqlik kasb etyapti. Ammo holat yuzasidan gapiradigan bo’lsak, bu haqiqatda agentlik tomonidan qilingan dastlabki jiddiy bayonotlardan. Bu idora buyog’iga ham ikkinlanmasdan o’z ishini davom ettirishi kerak. Chunki aks holda prezident ko’zlagan islohotlarning amalga oshishi juda qiyin”, - deydi Nosir Zokir.

O’zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy uyushmasi rahbari vazifasiga “Xalqaro press klub” raisi, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzod Qudratxo’ja saylangan.