Xitoyda Qishki Olimpiya o’yinlari boshlangandan beri o’tgan ikki hafta davomida musobaqa tashkilotchilari jurnalistlardan tushgan siyosiy savollarga javob berishdan o’zini olib qochdi.
Ammo Pekin tashkiliy qo'mitasining o’yinlar tugashiga uch kun qolganda o’tkazgan so'nggi matbuot anjumanida bu an’ana o'zgardi. Xitoydagi inson huquqlariga doir vaziyat haqida tushgan savollarga Xitoy rasmiylari bu safar Pekinning odatdagi javoblarini takrorlashni lozim topdi.
Tayvan Xitoyning ajralmas qismi ekani, Shinjon viloyati aholisining majburiy mehnatga majburlanmasligi kabi bayonotlar Olimpiya tashkiliy qo’mitasining so’nggi anjumanidan o’rin oldi.
"Men aytmoqchi bo'lgan narsa shuki, dunyoda faqat bitta Xitoy bor”, - dedi Pekindagi tashkiliy qo'mita matbuot kotibi Yan Jiarong.
Unga ko’ra, Xitoyning uyg‘urlarga nisbatan tazyiq siyosati va Shinjon shimoli-g‘arbiy mintaqasidagi abgor yashash sharoitlari haqidagi da‘volar “yolg‘onga asoslangan”.
Buni ham ko'ring Huquq faoliga aylangan sport yulduzi: Ishim basketboldan kattaroqMusobaqa boshlanishi arafasida Qo'shma Shtatlar boshchiligidagi bir necha G’arb davlati qishki olimpiadaga nisbatan diplomatik boykot e’lon qilgan edi. Xitoy musobaqa davomida faqat sportga e'tibor qaratishini ma’lum qilgan bo’lsa-da, lekin ayni paytda o'z pozitsiyasini omma oldida qat'iy himoya qilishga sodiqligini yana bir bor namoyish qildi.
Yakshanba kuni o'yinlar yopilishidan oldin muntazam ravishda rejalashtirilgan yakuniy brifingda Yan va XOQ matbuot kotibi Mark Adams Tayvan, Shinjon va xitoylik tennischi Pen Shuayning taqdiri haqida bir qator savollar bilan yuzlashdi.
“Tayvan Xitoyning ajralmas qismidir va bu tamoyil xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan, - dedi Yan. - Biz har doim Olimpiya o'yinlarini siyosiylashtirish g'oyasiga qarshimiz."
Adamsga e’tiroz bilan murojaat qilgan xorijlik jurnalistning aytishicha, Yanning o'zi Xitoyning Tayvanga nisbatan pozitsiyasini ko'tarib, o'yinlarni "siyosiylashtirmoqda". Adams bu savolga javob berishdan qochdi.
"Dunyo bo'ylab hamma narsalar haqida har xil qarashlar bor. Bizning vazifamiz o'yinlar o'tkazilishiga ishonch hosil qilishdir", - dedi Adams.
Bir paytlar dunyoning tennis bo’yicha eng kuchli juftlik o'yinchilaridan biri bo’lgan xitoylik Pen Shuay uch oy oldin sobiq yuqori martabali siyosatchini jinsiy zo'ravonlikda ayblagan va shundan beri uning taqdiri qanday ekani noma’lum bo’lib qolayotgan edi. Penning bu da’vosi darhol Xitoyning kuchli senzura ostidagi interneti sahifalaridan o'chirildi.
Your browser doesn’t support HTML5
So’nggi matbuot anjumanida jurnalistlar shu mavzuni ham ko’tardi, ammo tegishli javob ololmadi.
Jurnalistlardan biri Adamsdan Xalqaro olimpiya qo’mitasining Shinjonda "konslagerlar" mavjudligi va Xitoy u yerda majburiy mehnatdan foydalanayotgani haqidagi ma'lumotlarga nisbatan pozitsiyasi haqida so'radi. Adams bu savolning brifingga aloqador emasligini aytib, olimpiadaning odamlarni birlashtirishdagi kuchini maqtashga o’tdi.
Yan esa rasmiy Pekinning bu mavzudagi pozitsiyasini takrorladi.
"Menimcha, bu savollar yolg'onga asoslangan, - dedi u. - Ba'zi rasmiy doiralar bu yolg'on ma'lumotni allaqachon rad etishgan. Bunga juda ko'p ishonchli dalillar mavjud. Siz bu dalillar va faktlarga murojaat qilishingiz mumkin".