Haydovchisiz harakatlanuvchi transport vositalari an‘anaviy avtomobillarga qaraganda xavfsizroq va kamxarj bo’lishi aytiladi. Ammo buning ro’yobga chiqishiga hali ancha bor, deydi yaqinda ana shunday transport vositalaridan birini tekshiruvdan o’tkazgan ekspertlar.
Koloradoning Golden shahridagi bu mitti avtobuslar “Oltin arava” deb ataladi. Ularda boshqaruvchi rul mavjud emas. Oldindan belgilangan yo’nalishlar bo’yicha oltitagacha yo’lovchini haydovchisiz tashish imkoniyatiga ega.
Transport bo’yicha ekspertlar uni sinovdan o’tkazishga qaror qildi.
Eymi Ford Kolorado shtatida o’zi harakatlanuvchi avtomobillarga oid qoidalarni ishlab chiqishda ishtirok etgan.
Buni ham ko'ring Bayden elektromobil sanoatiga ko'proq mablag' ajratishga chaqirdi"Tezlikni saqlash va yo’lakni o’zgartirish texnologiyalari allaqachon amalda", - deydi u.
Haydovchisiz avtobus loyihasiga Tayler Svitak bosh-qosh bo’lmoqda.
"Haqiqiy haydovchisiz avtomobillarni shu o’n yillikda ko’ramiz", - deydi u.
Ekspert Ves Marshalning umidlari esa u qadar katta emas.
"Besh yildan keyin to’liq avtonom mashinalarni ko’ramiz deb besh yil oldin aytishayotgan edi. Balki trotuar va velosiped yo’laklariga e’tiborni oshirish kerakdir", - deydi u.
Avtobus mustaqil harakatlanadi, ammo yordamchi bor.
Qachon to’xtash va qayerga borishni avtobus o’zi hal qiladi. Operator Ed unga faqat yurish buyrug’ini beradi.
"Stop" belgisi borligi uchun to’xtadi. Bu knopkani bosib, unga yurish kerakligini aytaman", - deydi operator.
Marshalga ko’ra, soatiga 20 km.lik tezlik boshqa haydovchilarning asabiga tegmoqda.
"Orqamizda yig’ilib qolayotgan mashinalarning xunobi oshmoqda", - deydi u.
Kutilmaganda avtobus to’xtab qoldi.
Oldindagi ehtiyotsiz haydovchidan saqlanish uchun avtomat tormoz ishlab ketdi.
Your browser doesn’t support HTML5
"Yo‘lga keskin chiqib kelgan mashinadan ehtiyot bo’lish uchun shunday qildi", - deydi Eymi.
Avtobus yana yurishi uchun operator tugmani bosishi kerak.
Ekspertlar fikricha, transport vositasi to’la mustaqil harakatlanish uchun hali tayyor emas.
Ammo bunday loyihalar davom etishi kerak, deydi ular.
"Shu holatda qolib ketsa, bundan odamlarga naf kam", - deydi Ves Marshal.
"Bugun uchun yomon emas va yaxshilanishda davom etadi", - deydi Eymi.
Hozircha yarim avtonom bu transport vositasi qimmatli ma’lumotlarni jamg’arish bilan band. Ma’lumotlar miqdori oshar ekan, uning harakatlanishi ham yaxshilanib boradi.