Rossiya bosqini boshlanishi ortidan Ukrainadan qo‘shni davlatlarga qochgan bir milliondan ortiq qochqin orasida asli xitoylik ikki erkak bor.
"Amerika Ovozi" uyg'ur Ibrohim Abliz va qozoq millatiga mansub Ersin Erkinulining qochoq sifatidagi sayohatini yaqindan kuzatdi.
Abliz va Erkinuli Shinjon-Uygʻur avtonom viloyatida huquq tashkilotlari va baʼzi Gʻarb davlatlari tomonidan insoniyatga qarshi jinoyat sifatida tamg’alangan Xitoyning tazyiq siyosatidan qochib xorijga chiqqan minglab uygʻur va qozoqlar orasida. So’nggi yillarda ular Ukrainadan panoh topgan edi.
Ibrohim Abliz hikoyasi
31 yoshli Abliz 2018-yildan beri Germaniyada yashab kelayotgan rafiqasi bilan uchrashish umidida kichkintoy o‘g‘li bilan Ukrainada yashab kelayotgan edi.
Abliz qochqinlik hayotiga begona emas. U 2013-yilda Xitoyni tark etgan va o‘shandan beri Xitoydan uzoqda yashash uchun xavfsiz joy izlamoqda.
“Avvaliga deyarli bir yarim yil Pokistonda boʻldim, keyin esa oʻzim oʻqigan va ishlagan Turkiyaga eson-omon yetib keldim”, - dedi Abliz “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
2016-yili Turkiyada yashovchi, asli xitoylik boʻlgan uygʻur ayol bilan tanishib, turmush qurgan.
Ikki yil o'tgach, Abliz Turkiya fuqaroligini olish umidini yo'qotdi. U oilasi uchun xavfsizroq davlat izlab, Turkiyadan Yevropaga ketishga qaror qildi.
Turkiyadagi ko‘plab uyg‘urlar Xitoyga qaytarib yuborilishga oid doimiy qo‘rquv bilan yashaydi. Oxirgi oylarda Turkiya “milliy xavfsizlik” va “jamoat tartibini” bahona qilib, uygʻurlarning fuqarolik olish haqidagi baʼzi arizalarini rad etmoqda. Uyg‘urlar buni Xitoyning o‘z chegaralaridan tashqarida ularni ta’qib qilishga urinishi deb biladi.
“2018-yilning noyabr oyida homilador xotinim Ukrainadan Germaniyaga uchib, boshpana so‘rashga muvaffaq bo‘ldi”, - dedi Abliz.
Uning 11 oylik o‘g‘liga Ukrainadan chiqishga ruxsat berilmagan, chunki bolada Turkiya guvohnomasi bo‘lgan. Ablizning bolasi bilan qolishdan boshqa iloji qolmadi.
"Men Ukrainada o'g'lim bilan birga bo'lishim va xotinim bilan uchrashish yo'lini topishim kerak edi", - dedi Abliz.
Buni ham ko'ring Uyg'urlar hikoyasi: Xitoy lagerlarida hayot qanday?Ukraina Abliz va uning o'g'liga qochqinlik maqomini berish haqidagi arizani rad etganidan so'ng, u urush boshlanishidan oldin uch marta chegarani kesib o'tishga uringan.
“Arizam rad etilganidan keyin Ukrainadan qochishga majbur bo‘ldim, - dedi Abliz. - Ammo har safar bizni qo'shni davlatlar Polsha va Slovakiyadan Ukrainaga topshirishdi".
Ablizning aytishicha, so'nggi uch yil davomida u va uning o'g'li Ukrainadagi muassasalardan birida to'rt oy, qochqinlar lagerida ikki oy yashagan, chunki boshqa davlatlarga ruxsatsiz chegaralarni kesib o'tgan.
“2021-yil noyabr oyida qochqinlik maqomini olish haqidagi arizam Ukraina rasmiylari yordami bilan ma’qullandi”, - dedi Abliz.
1-mart kuni Abliz va uning o'g'li chegarani kesib Polshaga o'tishga muvaffaq bo'ldi. Ularni kutib olish uchun Germaniyadan kelgan xotini va hozir 3 yoshda bo'lgan ikkinchi o'g'li bilan shu yerda uchrashishdi.
"Rafiqam va shu paytgacha men hali hech qachon ko’rmagan ikkinchi o'g'lim bilan ko’rishganimdan juda xursandman", - dedi Abliz.
Ablizning aytishicha, u Germaniyaga kirish uchun ariza topshirmoqda, chunki u oilani birlashtirish vizasini olish huquqiga ega.
Ersin Erkinuli hikoyasi
Xitoydan kelgan 25 yoshli etnik qozoq Erkinuli 2020-yilda Turkiyadan Ukrainaga kelgan. U ham qochoqlik maqomini so‘rab murojaat qilgan, biroq ololmagan.
“2019-yil oxirida atrofimdagi baʼzi odamlar lagerlarda gʻoyib boʻlganiga guvoh boʻlganimdan keyin men Xitoydan Qozogʻistonga qochib ketdim”, - dedi Erkinuli “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Ammo Qozog‘istonda, Erkinulining so‘zlariga ko‘ra, u o‘zini xavfsiz his qilmagan va Xitoyga deportatsiya qilinishi mumkinligidan xavotirlangan.
"Qozog'iston Xitoy bilan juda yaqin aloqaga ega va men o'zimni ishonchsiz his qildim va Turkiyaga ketishga qaror qildim", - dedi Erkinuli.
Erkinuli Turkiyada ham qochqinlik maqomini qo'lga kirita olmadi, shuning uchun Yevropaga ketishga qaror qildi.
“Ukrainaga keldim va pasportimni yoʻqotib qoʻydim hamda Xitoyga deportatsiya qilinish xavfi bilan duch keldim”, dedi Erkinuli “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. "Ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilikka murojaat qildim va Ukrainaga AQSh hukumati kabi demokratik davlatlar tomonidan bosim o'tkazilgach, rasmiylar meni deportatsiya qilishmadi".
Janglar boshlanganda Erkinuli Kiyevdan chiqib, kunlab yo‘l yurdi. U Polsha chegarasiga 3-mart kuni yetib keldi va chegarani kesib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.
Erkinuli Polshadan turib “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, u nihoyat o’zini erkin his qilmoqda.
"Ular menga Polshada maygacha qolishim mumkinligi haqida hujjat berishdi", - dedi u.
Biroq shanba kuni ertalab u Polshadan mashinada Finlyandiyaga ketayotganida Estoniya chegara politsiyasi uni hibsga olgan va unga ketishiga ruxsat bermasliklarini aytishgan.
"Men hozir juda qiyin ahvoldaman. Dunyo juda katta, lekin unda biz tinch qoladigan joy yo‘q, - dedi u Estoniyadagi hibsxonadan turib “Amerika Ovozi” bilan o’tkazgan suhbatida. - Men oddiy hayot kechirishni xohlayman. Menga yordam berishingizni iltimos qilaman".
Buni ham ko'ring Xorijdagi yana bir uyg'ur Xitoyga ekstraditsiya qilinishi mumkin