Urushning 26-kuni, Ukraina Rossiya armiyasining Mariupol shahrini topshirishga doir ultimatumini rad etdi.
Rossiya qo’shinlari Ukraina armiyasiga qamaldagi Mariupolni qurolsiz tashlab chiqish uchun 21-mart kuni soat 10:00 dan 12:00 ga qadar vaqt berdi. Bu ultimatum Ukraina tomonidan keskin rad qilindi.
Ukraina-Rossiya urushidagi eng og’ir nuqta aynan Mariupol bo’lib turibdi. Muhim strategik ahamiyatga ega shahar deyarli urush boshidan qamalga olindi, ayovsiz havo hujumlari, raketa zarbalariga nishon bo’ldi.
Ayni paytda shaharning 80 foizi vayron qilingan, ammo qamaldagi ukrain jangchilari qarshilikni davom ettirmoqda, rus armiyasi shaharni hanuz egallay olgani yo'q.
Ukraina shahar mudofaasidagi jangchilarga qo’shimcha kuch yetkazib bera olmasligi, shahar qurshovda, barcha yo’llar Rossiya nazoratida ekanligi inobatga olinsa, Mariupol uchun jang Rossiya-Ukraina urishidagi eng og’ir, qonli sahifalardan biri bo’lishi mumkin.
Qamaldagi shaharda qurbonlar bilan bog’liq vaziyat ham o’ta mavhum. Ukraina tomoni shaharda tinch aholidan berilgan qurbonlar soni 2 mingdan oshiq ekanini aytmoqda.
Buni ham ko'ring Ukraina rahbari: Muzokarasiz urushni to’xtata olmaymizAholi evakuatsiyasi o’ta qiyin kechmoqda, Rossiya armiyasi shahar topshirilishi, harbiylar chiqishi ortidan evakuatsiyaga ruxsat bermoqchi. Ukraina shartni rad etdi, Mariupol uchun janglar yanada akeskin tus olishi kutilmoqda.
Urushgacha 400-500 ming aholi yashagan bu shaharni uzog’i bilan 100 mingdan oshiq aholi tark etishga ulgurgan deb ko’riladi. Ayovsiz bombalanayotgan, og’ir janglar yashash uchun biror sharoit qoldirmagan shaharda oziq-ovqat ta’minoti ham uzilgan.
Urushning boshqa bir muhim nuqtasi - poytaxt Kiyev atrofidagi janglar bo’lib qolmoqda. Ayni paytda bu janglar shiddati pasaygan, Kiyev viloyatidan aholi evakuatsiyasi davom etmoqda. Rossiya armiyasi havo hujumiga, raketa va artilleriya zarbalariga zo’r bergan.
21-mart kuni Kiyevdagi savdo markazlaridan biri zarba ostida qoldi, 8 kishi qurbon bo’ldi. Buning ortidan Kiyevda, viloyatda ikki kun davomida ko’chaga chiqish taqiqlanuvchi komendantlik soati joriy qilindi.
Avvalroq Kiyev hokimi Klichko urush boshlanganidan buyon poytaxtda 60 dan oshiq tinch aholi halok bo’lganini bildirgan edi. Bir necha kun avvalgi bu raqamlar so’ngi paytdagi qurbonlarni nazarda tutmaydi.
Tomonlar urushni to’xtatishga doir muzokaralarni davom ettirmoqda, ammo bu muzokaralarning natija olib kelishiga ishonch susayayotgani ham seziladi. Rossiya hududiy ishg’olni nazarda tutuvchi talablaridan qaytmoqchi emas, Ukraina esa o’z hududiy yaxlitligini himoyalash qarorida qat’iy.
Buni ham ko'ring Zelenskiy muzokaraga chaqirmoqda, Rossiya yangi raketasini qo’lladiYaqinda Turkiya tashqi ishlar vaziri tomonlar murakkab savollar bo'yicha o’zaro tushunishga borishayotgani haqida xabar bergan edi. Ammo Rossiya-Ukraina o’rtasidagi ikki tomonlama muzokaralardan kelib chiqilsa, bunday deyish qiyin; Putin va Zelenskiy uchrashuvi ehtimoli yana-da mavhumlashgan.
So’nggi vaziyat murakkabligidan qat’i nazar, Rossiya-Ukraina delegatsiyalari o’rtasida videomuloqot shaklidagi muzokaralar davom etmoqda. Prezident Zelenskiy urushni to’xtatish uchun Putin bilan bevosita uchrashishga tayyor ekanini bildirgan, ammo Rossiya rahbari hozircha bu murojaatga ijobiy javob qaytargani yo'q.