Rossiyaning Ukrainaga harbiy bosqini Bruklindagi kichik Odessa hayotiga ham chuqur ta’sir qildi. Nyu-Yorkning bu qismi o’tgan asrning 70-yillaridan boshlab shunday nom olgan. Avvalida bu atrofda Ukrainaning Odessasidan ko’chib kelgan, keyinchalik boshqa sobiq sovet mamlakatlaridan chiqqan ko’psonli rusiyzabon xalqlar zich istiqomat qilgan. Hozir bu yerda Markaziy Osiyo xalqlari, shu jumla o’zbekistonliklar ham ko’p.
Chetdan qaraganda Kichik Odessada hayot doimgidek davom etayapti. Ammo bu mahalla o’zining yarim asrlik tarixida ilk bor birlashgan.
Bu yerdan qariyb 8 ming chaqirim olisda, Ukrainada kechayotgan urush Kichik Odessa qiyofasini va odamlar ruhiyatini o’zgartirgan.
Uylar, mashinalar, savdo peshtaxtalarida Ukraina bayrog’i osilgan.
Qaysi do’konga kirmang, devor va ekranlarida Ukrainaga yordam yig’ayotgan tashkilotlar e’lonlariga ko’zingiz tushadi.
Xo’sh Ukrainadagi urush haqida Kichik Odessa ommasi nima deydi?
Braytonda 30 yildirki savdo qilib kelayotgan Solih Ro’zihoji fikrica, bu urushda na Rossiya yutadi va na Ukraina.
“Bu urushda ikkisi ham yutqazadi baribir. Chunki biri iqtisoddan yutqazsa, ikkinchisi sarson bo’lganidan yutqazadi,”- deydi Ro’zihoji.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga Kichik Odessa aholisi urushning ilk kunlaridayoq keskin munosabat bildira boshlagan.
“Rusiyzabonlar ko’p bo’lgani bilan bu yerda “Test of Russia” degan do’kon bor edi. Uni olib tashlab, boshqa bir ism qo’ydi yaqinda, urush boshlangandan keyin ikki kun o’tib”,- deydi Ro’zihoji.
Vladimir Troyninga ko’ra, Brayton ramzlaridan biriga aylangan do’konning nomini almashtirish erkin jamiyatdagi erkin qaror.
“Bu o’ziga xos protest. Rossiya hujum qildi va ular endi o’z do’konlarida hatto Rossiya degan so’z bo’lishini istashmayapti”,- deya izohlaydi Troynin.
Ukrainadagi urush nafaqat biznes egalari balki xaridorlar kayfiyatida ham seziladi.
“Bugun bir xaridorim kirib qoldi. Qora xotin o’zi. Amerikaga kelganiga 35 yil bo’lgan ekan. Men urushga qarshiman deb u ham ko’ziga yosh olib, qornida bolasi bor ayol o’lgani haqidagi voqeani aytib berdi. Bu yerda muhokama juda katta. Har qanday normal insonning kayfiyati tushkun. Hoh u ukrain bo’lsin yoki boshqa xalq”, - deydi Ro’zihoji.
Abubakr Hayitov Braytonda matbuot kioski sotuvchisi. U har kuni odamlar bilan muloqotda.
“Urush har qanday holatda odamlarga manfiy ta’sir qiladi, albatta. Ukraina va Rossiyada qarindoshlari bor odamlar juda xafa. U yerda vayronagarchiliklar, o’zaro tushunmovchiliklar bo’layotganidan xavotirlari oshgan. Ayniqsa keksa yoshdagilar juda ezilishyapti, g’am chekishmoqda. Ammo ular Ukrainada tezroq tinchlik o’rnatilishi orzusida”,- deydi Hayitov.
Suhbatdosh Tojikistonda fuqarolar urushi oqibatlariga guvoh bo’lgan. Ukrainadagi janglarni ko’rib, anduhda.
“Ko’rganlarimni esimga solmoqda, albatta. Vayronagarchiliklarni, odamlarning ezilayotganini, onalar va bolalar yig’isini, yaralanganlarni ko’rib ishonsangiz odam juda qattiq aziyat chekadi. Bizning baxtimizga Tojikistonda tinch hayot qaytdi va umid qilamizki, bu ikki mamlakat o’rtasida ham tinchlik o’rnatiladi va obod hayot yana tiklanadi. Tinchlik g’alaba qilishiga umidvormiz”, - deydi Hayitov.
Braytonda urushni va Rossiya prezidenti Vladimir Putinni qo’llayotganlar ham yo’q emas. Shulardan biri Vladislav Volkov.
“Urushni to’xtatmaslik lozim. Rossiya boshlagan ishini yakunlashi kerak. Har qanday holatda G’arbiy Ukrainani tashlab qo’ymaslik kerak. Ukrainani qayta birlashtirish kerak. Uning bolsheviklar, xususan Stalin tomonidan sovg’a qilingan sharqiy qismlarini Rossiya bilan birlashtirish kerak. Ukraina uchun Qora dengizga chiqish yo’llarini yopish shart. Va Ukrainani denatsifikasiya qilish lozim, tamom”,- deydi Vladislav Volkov.
Ammo shu kunlarda Ukraina va ukrainaliklarga dalda bo’layotganlar baribir ko’proq.
“Bo’layotgan ishlarga birgina ukrainaliklar va rossiyaliklar emas, men ham siqilyapman. Chunki begunoh yangi tug’ilgan chaqaloqlar, homilador va qariya ayollar o’lishyapti, Uning ustiga havo sovuq, ularga oson bo’layotgani yo’q”,- deydi Feruza Ro’zihoji.
Bir oydan oshibdiki, Feruza opa kechalari bilan uxlamasdan Ukraina bayrog’ini turli o’lchamda tikish bilan ovora.
“Talab ko’p bo’lganidan majbur bo’ldimki tikib sotishga”-, deydi u.
Har bir bayroq olishga kelganning dard va alamini tinglagan sotuvchi endi yangiliklarni ko’rmasidan avval Ukrainada nima o’zgarishlar borligidan xabardor.
“Boshida stress va qo’rquvga tushdik. Endi esa faqat adovat sezyapmiz. Kimdir urushga ketgan, boshqalar uyda qolib armiyaga, odamlarga yordamlashyapti. Butun boshli Ukraina birlashib odamlarga yordamlashyapti. Bugun kechqurun biz ham uyga qaytyapmiz. Avval Varshavagacha yetib boramiz, so’ng avtobus yoki poezdda Kiyevga. Biz urushga boryapmiz. Jang qilishga. Odamlarni himoya qilmoqchimiz, o’zimizning Ukrainani”,- deydi Vladimir ismli xaridorlardan biri.
“Men o’zimga, farzandlarim va nabiralarim uchun Ukraina bayrog’i timsolidagi tasmachalarni sotib olyapman. Farzandlarim ishga taqib borishsa nabiralarim maktablariga. Istaymizki atrofimizdagilar Ukraina degan, g’ozal, ezgu niyatli, hech qachon hech kim bilan urushmagan bir davlat borligini bilishsin. Mening o’zim Kiyevdanman. 5 yildan buyon Amerikada yashayman. Davlatim uchun qalbim og’riyapti”, - deydi yana bir xaridor.
Braytonda ukrainaliklar yuritadigan tijoratlar ham ko’p. Shulardan biri Stefaniyaning ayollar kiyim-kechak do’koni.
“Urush boshlangan kun ertalab biz ishga keldik, ammo qo’limiz ishga bormadi. Uyga qaytdik. Keyingi kun esa nimadir qilish, bo’layotgan voqealarga o’z munosabatimizni bildirish uchun ham vitrinamizni mana shu ko’rinishga keltirdik”,- deydi Stefaniya.
Bugun do’konda savdo qilish qatori Stefaniya Ukrainaga xayriya yig’ishda ham faol.
“Shaxsan o’zim boshchiligimda biz xirurgik iplarni topib jo’natishga tayyorlayapmiz. Kasalxonalarda bunday iplar yetshmayotgani haqida Kiyevdan xabar keldi”,- deydi Stefaniya.
Kichik Odessada ukrainlar va ruslar o’rtasidagi munosabat qanchalik o’zgargan?
“Tashqarida vaziyat qanday bilmayman. Ana shu do’konim mening olamim. Do’kon ichidagi dunyomizda munosabatlar o’zgarmagan”,- deydi rus kitoblari savdosi bilan mashg’ul Vladimir Troynin.
Ukrainadagi urushni Braytonda barcha xalqlar o’ziga yaqin olgan, deya mulohaza yuritadi u.
“Brayton nimasi bilan farq qilardi? Sobiq SSSR respublikalari tarqoq bo’lsa-da, bu yerda hamma birga edi, xuddi bir oiladek. Qachonki qayerdadir ahvol yomonlashdimi bilingki, bu yerda ham hamma qayg’uradi”,- deydi Troynin.
“Ukrain yoki rus bo’lishlaridan qat’i nazar, hozir odamlar Putinga qarshi birlashgan. Ruslarga qarshi emas, Putin rejimiga qarshi”,- deydi suhbatdoshlardan yana biri.
Bu otaxonga ko’ra, bunday munosabatga “Putinning jinoyati” asosdir.
“Men asli Ukrainadanman. Ammo hatto Ukrainadan bo’lmaganimda ham men shu kunlarda prezident sanalmish Vladimir Putinning insoniyatga qarshi jinoyatlariga chin qalbimdan qarshi chiqardim”,- deydi suhbatdosh.