Turkiya Saudiya Arabistoni bilan bir necha yil oldin sovuqlashgan aloqalarini tiklash harakatida ekan, Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsullik xizmati binosida chavoqlangani aytilayotgan jurnalist Jamol Qoshiqchining o’limiga aloqadorlikda ayblanib sirtdan sud qilingan 26 nafar saudiyalikning ishi Riyodga topshiriladigan bo’ldi.
59 yashar muxbir 2018-yil oktabrida diplomatik vakolatxonaga kirib, undan chiqmagan. Turk prokurori uni Saudiya Arabistonidan kelgan odamlar o’ldirganini da’vo qilgan. Inson huquqlari faollari va AQSh razvedka xizmatiga ko’ra, Qoshiqchini qatl etishni saudiya qirolining o’g’li, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon buyurgan.
Turkiya masalani tergov qilishga kirishishi bilan Anqaraning Riyod bilan aloqalari yomonlashdi, Saudiya Arabistoni turk mahsulotlariga boykot e’lon qildi.
Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Saudiya Arabistoni munosabatlarni yaxshilash uchun Anqaradan tergovni yopishni, ayblanuvchilar ishini unga topshirishni talab qilgan.
Prokuror adliya vaziridan jinoiy ishni Saudiya Arabistoniga yuborisnni so’ragan va vazirning bu iltimosi qondirilishi ketidan Turkiya sudi bugun mahkama to’xtatilishi haqida ma’lum qildi.
Qoshiqchining qaylig’i Hadicha Chingiz sud qaroridan norozi ekanini aytdi.
"Saudiya Arabistonida adliya tizimi qanday ishlashini yoki ishlamasligini juda yaxshi bilamiz. Sudning bugungi qarori ortida siyosiy sabab bor”, - dedi u.
Kuzatuvchilarga ko’ra, Turkiya iqtisodiy inqirozga barham berish va sarmoyalarni jalb qilish maqsadida Riyod bilan aloqalarni tiklashga majbur bo’lmoqda.
Ikki hafta oldin ikki davlat tashqi ishlar vazirlari uchrashib, munosabatlarni yaxshilashga kelishib oldi.