Rossiya Bolgariya va Polshaga gaz yetkazib berishni toʻxtatganidan keyin va boshqa “nodoʻst” deb ataluvchi davlatlar gaz uchun rublda toʻlamasa, xuddi shunday taqdirga duchor boʻlishi haqida ogohlantirishi ortidan 2-may kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi rasmiylari mavzuni muhokama qildi.
Yevropa Ittifoqining Rossiya gazini yetkazib berish bo’yicha “Gazprom” bilan tuzgan shartnomalarining aksariyatida to’lov yevro yoki dollarda amalga oshirilishi belgilangan. Ammo Ukraina urushi boshlanishi ortidan G’arb Rossiyaga sanksiyalar e’lon qilgach, Kreml o’z navbatida energiya uchun to’lovlarni rublda amalga oshirishni talab qilmoqda.
Bir qator Yevropa kompaniyalari shu oy Rossiyaga gaz uchun navbatdagi to’lovlarni amalga oshirishi kerak. Xabarlarga ko'ra, ba'zilar Kreml talablarini aylanib o’tish yo’llarini qidirmoqda. Yevropa Ittifoqining Energetika bo‘yicha komissari Kadri Simson rubldagi to’lovlarni Yevroittifoq sanksiyalarini buzish deb atab, tomonlarni birgalikda harakat qilishga chaqirdi.
"Gazpromning Polsha va Bolgariyaga gaz yetkazib berishni to'xtatish haqidagi qarori hozirgi inqirozli vaziyatda yana bir burilish nuqtasidir, - dedi Simson. - Bu mavjud shartnomalarning asossiz ravishda buzilishi va har qanday a'zo davlat shunga duchor bo’lishi mumkinligi haqida ogohlantirishdir. Bu, shuningdek, birdamligimizni buzishga bo’lgan urinishdir. Biz bunga birligimizni mustahkamlash orqali javob beramiz”.
Buni ham ko'ring Yevropa Ittifoqi rus yoqilg'isiga tobelikdan qutulishga intilmoqdaYevropa Ittifoqi yaqin kelajakda Moskvaga qarshi oltinchi sanksiyalar paketini tayyorlamoqda va 2030-yilgacha energetika bo’yicha Rossiyadan butunlay mustaqil bo'lishni maqsad qilgan. O'tgan oy 27 a'zolik blok Rossiyadan ko'mir embargosini ma'qullagan edi. So'nggi sanksiyalar paketi neftni o'z ichiga olishi mumkin.
Polshaning Iqlim va atrof-muhit vaziri Anna Moskva Rossiyadan olinadigan barcha energiya ta'minoti manbalarini taqiqlashga chaqirdi.
"Biz barcha qazib olinadigan yoqilg'ilarga nisbatan to'liq sanksiyalarni qo'llab-quvvatlaymiz, - dedi Moskva. - Bizda allaqachon ko'mir embargosi bor. Endi neftning navbati keldi, ikkinchi qadam esa gaz. Eng yaxshi variant - ularni butunlay to’xtatish".
Yevropa Ittifoqiga a'zo barcha davlatlar ham bunga rozi emas. Polsha bu borada bir necha yillardan beri o'zining Rossiyaga bog’liqligini kamaytirib kelayotgan bir paytda, Vengriya Rossiya energetikasiga qaramligicha qolmoqda va neft sanksiyalarining joriy qilinishiga qarshi.
Buni ham ko'ring Urush global energetika bozorini yangi o’zanga burmoqdaRossiyadan katta miqdorda neft va gaz import qiluvchi Germaniya uzoq ikkilanishlardan so’ng neft sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Yevropa Ittifoqining energetika sanksiyalari Rossiyani Ukrainadagi urushni moliyalash uchun kerak bo’ladigan milliardlab dollar daromaddan mahrum etishni maqsad qilgan. Biroq ular Yevropa iste'molchilari uchun yuqori narxlarga sabab bo’lishi mumkin. Ayni paytda Moskva o'z ta'minoti uchun boshqa xaridorlarni topishga urinadi.