Jonatan Henik AQShning O'zbekistondagi, Daniel Rozenblum Qozog'istondagi elchisi bo'lishga nomzod

  • Amerika Ovozi

Jonatan Henik dezinformatsiyaga qarshi kurash va kiber xavfsizlik masalalari bo'yicha o'tkir mutaxassis sanaladi

AQSh rahbari Jo Bayden mamlakatning O'zbekistondagi navbatdagi elchisi sifatida uzoq yillik tajribaga ega diplomat Jonatan Henik nomzodini ko'rsatdi. Oq uy buni 20-may kuni e'lon qildi.

Amerikaning Toshkentdagi hozirgi elchisi Daniel Rozenblum faoliyatini boshlaganiga uch yildan oshdi. 3-iyun kuni Prezident Bayden Rozenblumni Qozog'istonga elchi sifatida tanlaganini bildirdi.

Nomzodlar Kongressning yuqori palatasi, Senat tasdig'idan o'tishi kerak.

Nyu-Yorkda ulg'aygan Henik yaqingacha Davlat departamentida Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomat edi. U, shuningdek, xalq diplomatiyasi yo'nalishida uzoq yillar xizmat qilgan, bu boradagi dasturlarga bosh-qosh bo'lgan.

Ayni damda Henik AQSh Mudofaa universitetining Kiber xavfsizlik va axborot kollejida Davlat departamentining mas'ulidir.

Diplomat dezinformatsiyaga qarshi kurash bo'yicha o'tkir mutaxassis sanaladi.

Buni ham ko'ring AQSh O'zbekiston Ukraina yuzasidan nega neytral ekanini tushunadi

Henik Rossiya, Xitoy va Eron propagandasiga qarshi choralar ko'rishda jonbozlik ko'rsatib keladi.

Diplomat Sharqiy Timor, Turkiya, Ozarbayjon, Portugaliya va O'zbekistondagi elchixonalarda ham turli lavozimlarda ishlagan.

Elchilikka nomzod Jorj Vashington universitetida ham bir muddat ma'ruzalar o'qigan va izlangan. Rus, portugal, turk tillarini biladi.

Diplomat Gavayi universitetidan doktorlik ilmiy unvonini olgan. Magistrlik va bakalavrlik darajalari uchun esa Kolumbiya universitetida o'qigan.

Henik "Amerika Ovozi" bilan bir necha bor suhbatda bo'lgan. Markaziy Osiyo bilan aloqalarni tebratayotgan paytida O'zbekistondagi vaziyatni tahlil qilar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan islohotlar uning o'zi uchun demokratik sinovdir, degan edi. Quyida bu muloqotni tomosha qilishingiz mumkin.