Iqlim isishi qashshoqlar hayotini yanada og'irlashtirmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Mart va aprel oylari Janubiy Osiyoda rekord darajada issiq kelgani aytilmoqda. Iqlim o’zgarishi issiq havo oqimini 100 karra oshirdi, deydi tadqiqotchilar. Issiq havo odamlarning nafaqat tinkasini, balki hamyonini ham quritadi. Chunki aholi orasida iqtisodiy munosabatlar sustlashib, qashshoqlar ko’payadi.

Qurilish va dalada, umuman, tashqarida ishlaydigan odam uchun issiq havodan yomoni yo’q. Janubiy Osiyoda aholining yarmi shunday ishlarda ishlaydi.

Kushilal Mandal kabi mehnatkashlar uchun boshqa chora yo’q. Chunki tirikchilik qilish kerak.

“Juda issiq bo’lsa ham ishlashga majburmiz. Ishlamasak, och qolamiz. Jaziramada ham bizdek odamlar ishlashga majbur”, - deydi u.

Bunday haroratda issiq urishi va hatto o’lim yuz berishi xavfi ham yo’q emas.

Ko’p joylarda ish to’xtab qoladi. Bu degani – odamlarning daromadi kesiladi.

Dunyo bo’ylab issiq havo tufayli ish soatlarining qisqarishi kuchayib bormoqda. BMT ma’lumotiga ko’ra, 2030-yilga borib bu qisqarishlar 80 millionta to’liq hajmli ish o’rnini tashkil etadi.

San-Diyegodagi Kaliforniya universiteti iqtisodchisi Tivrat Gargning aytishicha, ishchilar tirikchiligi og’irlashishi uchun ish to’liq boy berilishi shart emas.

“Odamlar shunchaki dangasaligi yoki ishlashni xohlamay qolishi tufayli ishni to’xtatmaydi, balki issiq ularning mehnat qobiliyatini susaytiradi”, - deydi Garg.

Buni ham ko'ring Iqlim o’zgarishi natijasida AQSh g’arbida daryolar quriyapti

Issiqdan aziyat chekadiganlar faqat tashqaridagilar emas, deydi Jahon banki eksperti Patrik Behrer.

“Ishlab chiqarish, odatda, ichkarida bo’ladi. Lekin ular issiqdan holi, sovutilgan xonalarda ishlaydi, deb o’ylamang”, - deydi u.

Issiq nafaqat jismoniy, balki aqliy qobiliyatga ham ta’sir qiladi.

“Diqqatingiz susayadi. Fokus qilishingiz qiyinlashadi. Tez charchaysiz. Natijada samaradorlik kamayadi”, - deydi iqtisodchi.

Behrerga ko’ra, boy beriladigan narsa faqat maoshlar emas.

“Diqqatingiz kamaygani yoki charchaganingiz tufayli o’zingizni jarohatlab olishingiz ham mumkin”, - deydi Behrer.

Ekspertlar fikricha, jamiyat issiq ob-havoga moslashib boradi. Konditsioner yechimlardan biri.

Your browser doesn’t support HTML5

Iqlimdagi o'zgarishlar va bugungi hosil

Ammo kompaniyalar uchun bu ortiqcha xarajat, deydi Garg.

“Moslashish tekin emas. U qimmat va serxarajat. Qancha qashshoq bo’lsangiz, shuncha qimmatga tushadi”, - tadqiqotchi.

Iqlim isib borar ekan, davlatlarning qashshoqlarni himoya qiluvchi ijtimoiy dasturlarga ehtiyoji ortadi.

“Iqlim o’zgarishiga qarshi pul tikish deganda biz, odatda, toshqinlarni to’sish va yashil energiyani tushunamiz. Bular muhim. Lekin o’rta va quyi qatlam aholi uchun ijtimoiy himoya dasturlari ham muhim ekanini unutmaylik”, - deydi Tivrat Garg.

Ekspertlar fikricha, iqlim isishi bilan bir qatorda aholi orasidagi tengsizlik ham oshib bormoqda.